Bryusselda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston energetika vazirlarining Qambarota GES-1 qurilishi loyihasi bo‘yicha uchinchi davra suhbati yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari, uning atrof-muhitga ta‘sirini baholash bo‘yicha dastlabki hujjatlar va ijtimoiy jihatlari, amalga oshirish mexanizmlari hamda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, ushbu loyiha yuzasidan 2025-yilning oktabr-noyabr oylarida belgilangan navbatdagi uchrashuv masalalari muhokama qilindi.

Loyiha doirasida 5,4 mlrd kub metrga teng suv ombori va 1860 MVt quvvatli gidroelektr stansiyasi ishga tushiriladi. Natijada yiliga o‘rtacha 5,6 mlrd kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.

Ishtirokchilar loyihani Markaziy Osiyoda energetika xavfsizligi va hamkorlikni mustahkamlash hamda suv resurslaridan oqilona foydalanishning muhim tarkibiy qismi sifatida baholadi.

Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi Yevropa Ittifoqi, Jahon banki, YeTTB, OIIB, OTB, OPEC jamg‘armasi bilan loyihani moliyalashtirishni jalb qilish shartlari va imkoniyatlarini muhokama qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi.

Uchrashuv yakunida keyingi rejalar va loyihani tayyorlash muddatlari yuzasidan kelishuvga erishildi.

Qambarota GES-1 haqida

2023-yil yanvar oyida O‘zbekiston va Qozog‘iston Qirg‘izistonda GES qurilishiga qo‘shildi. Qambarota GES-1 mamlakatning eng yirik elektr stansiyasiga aylanishi va qo‘shni davlatlarni energiya bilan ta’minlashi kerak.

2024-yilning aprelida Qozog‘iston hukumati qo‘shma kompaniya yaratish bo‘yicha hukumatlararo kelishuv loyihasini taqdim etdi. O‘zbekiston va Qozog‘istonning qo‘shma korxonadagi ulushi 33% ni, Qirg‘izistonniki esa 34% ni tashkil qiladi. O‘sha yilning iyunida tomonlar Qambarota GES-1 qurilishiga tayyorgarlikni boshlashga kelishib olgandi.

Joriy yilning may oyida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Jahon bankidan Qambarota GES-1 qurilishi uchun yordam so‘ragani haqida xabar berilgandi. OTB loyiha uchun $150 mlngacha mablag‘ ajratishni rejalashtirmoqda.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda yashil energiya ishlab chiqarish 8 mlrd kVt/soatga yetgani haqida yozgandi.