Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi AES qurilishi loyihasini katta quvvatli yangi energobloklar hisobiga kengaytirishi mumkin. Bu haqda 26-sentabr kuni O‘zatom direktori Azim Axmedxo‘jayev Moskvada bo‘lib o‘tgan “Butunjahon atom haftaligi” doirasida Spot muxbiriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Bu elektr energiyasi iste’moliga bo‘lgan talab hajmiga bog‘liq bo‘ladi. Kelajakda birinchi loyihani [Jizzaxdagi 2,1 GVt quvvatga ega integratsiyalashgan AES] muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun kengaytirish kerak bo‘lishini istisno qilmaymiz. Agar shunday zarurat tug‘ilsa, uni kengaytirish kerak”, — dedi u.

Axmedxo‘jayevning ta’kidlashicha, AESni kengaytirish aynan Jizzax viloyatidagi maydonda rejalashtirilgan. U yerda “juda katta hudud mavjud” bo‘lib, olimlar tomonidan o‘rganilgan va Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) mutaxassislari tomonidan ma’qullangan kontur 1000 gektardan ortiqni tashkil etadi, kichik va katta AES kombinatsiyasi esa faqat 525 gektar yerda joylashadi.

Joriy yilning 20-iyun kuni O‘zatom va Rosatom davlat korporatsiyasi O‘zbekistonda katta quvvatli atom elektr stansiyasini qurish imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha kelishuv imzoladi. Rosatom’ning aniqlik kiritishicha, hujjat to‘rtta energiya blokigacha kengaytirish imkoniyati bilan ikkita VVER-1000 energiya bloki qurilishini amalga oshirishning asosiy shartlarini nazarda tutadi.

26-sentabr kuni tomonlar AES loyihasining ikkita katta quvvatli energoblok va ikkita kichik quvvatli atom stansiyasi blokidan iborat yangi konfiguratsiyasi bo‘yicha kelishib oldi. Unga ko‘ra, loyiha tarkibiga 3+ avlod VVER-1000 bazasidagi ikkita katta quvvatli energoblok va har birining quvvati 55 MVt bo‘lgan RITM-200N reaktorli ikkita energoblok kiradi.

Avvalroq Spot AES qurilishi O‘zbekistonda elektr energiyasi narxini pasaytirishi haqida yozgandi.