ACWA Power O‘zbekiston hukumati bilan $5 mlrdlik yangi kelishuv tafsilotlarini muhokama qilmoqda. Bu haqda 30-sentabr kuni ACWA Power bosh direktori Marko Archelli Spot‘ga bergan izohida maʼlum qildi.

“Yaqin bir necha oy ichida yangi loyihalarga qayerda eng ko‘p talab mavjudligini batafsil o‘rganib chiqamiz. Hozirda esa eʼtiborimizni mavjud loyihalarni amalga oshirishga qaratganmiz”, — dedi ACWA Power rahbari.

Marko Archelli ACWA Power 3,5−4 GVtdan 10 GVtgacha quvvatga ega yangi loyihalar ustida ish olib borayotganini taʼkidladi. Shuningdek, kompaniya Qo‘ng‘irot tumanida 1,5 GVtlik shamol elektr stansiyasini ishga tushirish ustida ishlab, jarayonni tezlashtirish uchun harakat qilmoqda.

Iyun oyida bo‘lib o‘tgan IV Toshkent xalqaro investitsiya forumida ACWA Power‘ning O‘zbekiston bo‘yicha moliyaviy direktori Sumendra Raut hukumat bilan $5 mlrdlik yangi kelishuv imzolash rejalari haqida maʼlumot bergan edi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyaning O‘zbekistonga kiritgan umumiy investitsiyalari hajmi allaqachon $15 mlrdga yetgan, joriy qo‘shma loyihalar portfeli esa 19 ta energetika tashabbusini o‘z ichiga oladi, ularning 18 tasi qayta tiklanadigan energiya manbalari bilan bog‘liq.

Avvalroq Spot ACWA Power Qoraqalpog‘istonda shamol elektr stansiyasini qurish uchun $280 mln jalb qilgani haqida yozgandi.

ACWA Power — Saudiya Arabistonining yirik energetika kompaniyalaridan biri bo‘lib, qayta tiklanadigan energiya, suv taʼminoti va elektr energiyasini saqlash sohasidagi loyihalarga ixtisoslashgan. Kompaniya 10 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi va O‘zbekistonda energetika sohasidagi yirik xorijiy investorlardan biri hisoblanadi.