Turkiyaning Anadolu Isuzu avtomobilsozlik guruhi — Anadolu Group sho‘ba korxonasi Samarqand avtomobil zavodi ustav kapitalidagi 75,2% davlat ulushini $80 mlnga sotib oladi, deb xabar berdi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot xizmati.
Xususiylashtirishni tashkil etish uchun Davaktiv moliyaviy maslahatchi sifatida KPMG xalqaro kompaniyasini, yuridik maslahatchi sifatida esa Dentons xalqaro kompaniyasini jalb qildi.
Investor faoliyatining moliyaviy, soliq va huquqiy jihatlarini har tomonlama tahlil qilish va muzokaralar natijasida Anadolu Isuzu kompaniyasining $80 mlnlik xarid qiymati va $80 mlnlik investitsiya rejasini o‘z ichiga olgan yakuniy taklifi qabul qilindi.
“Investitsiya majburiyati doirasida O‘zbekistonda katta sig‘imli (12−18 metrli) avtobuslar va elektrobuslar ishlab chiqarish, mamlakat bo‘ylab litsenziyalangan servis markazlarini tashkil etish hamda avtobuslarni Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz, Yaqin Sharq va Afrikaga eksport qilish ko‘zda tutilgan. Bu tashabbus O‘zbekistonda mintaqaviy transport xabini shakllantirishga xizmat qiladi”, — deyiladi xabarda.
Davaktiv agentligining ta’kidlashicha, investorning narx taklifi KPMG moliyaviy maslahatchisi tomonidan belgilangan SamAuto ulushini sotish narxlari oralig‘ida bo‘lib, xalqaro mustaqil baholovchi — PwC xalqaro kompaniyasi tomonidan belgilangan qiymatga mos keladi.
Xususiylashtirish natijalari Xususiylashtirish va davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish davlat komissiyasining tegishli qarori bilan ma’qullangan. Shu bilan birga, bitimni yakunlash uchun Turkiyaning tartibga soluvchi organlaridan ruxsat olish talab etiladi.
SamAuto‘ni xususiylashtirish
2024-yil 5-iyun kuni Anadolu Isuzu va Davaktiv SamAuto aksiyalarining nazorat paketini sotib olish imkoniyatlarini tahlil qilish va zarur o‘rganishlarni o‘tkazish uchun o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.
O‘sha yilning 7-oktabr kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Anadolu Isuzu prezidenti Bora Kochak bilan uchrashdi.
“Suhbat chog‘ida kompaniyani O‘zbekistonda xususiylashtirish davlat dasturida ishtirok etishga jalb qilish va avtomobilsozlik sohasidagi loyihalarni amalga oshirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi,” — deyiladi xabarda.
Tomonlar, shuningdek, Anadolu Group xoldingining O‘zbekistondagi loyihalarining hozirgi holatini ko‘rib chiqdilar. Uchrashuv yakunida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi rahbari hamkorlikni chuqurlashtirish va Turkiya kompaniyasining respublikadagi faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rishga tayyorligini tasdiqladi.
23-yanvar kuni Laziz Qudratov Anadolu Isuzu kompaniyasining strategiya va biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Ali Solihiy bilan muzokaralar o‘tkazdi. Tomonlar O‘zbekistonda avtomobilsozlik va innovatsion texnologiyalarni joriy etish sohasidagi yuqori joriy qiymatga ega loyihalarni ko‘rib chiqdilar.
Aprel oyida Anadolu Isuzu Otomotiv Sanayii ve Ticaret A.Ş. SamAuto avtomobil ishlab chiqaruvchisini xususiylashtirishni taklif qildi. Turkiya kompaniyasining avtomobilsozlik guruhi SamAuto ustav kapitalidagi 75,2% davlat ulushini sotib olish bo‘yicha Davaktiv agentligiga taklif kiritdi.
Anadolu Isuzu 1984-yilda tashkil etilgan, Turkiyaning Anadolu Group xoldingining sho‘ba korxonasi bo‘lib, avtobuslar va tijorat transporti sohasidagi eng yirik korxonalardan biri hisoblanadi.
Avvalroq Spot Dehqonobod kaliy zavodining 100% ulushi Asian Chemical Group’ga o‘tkazilgani haqida yozgandi.
Uning ta’sischilari xorijiy OV Industrial Investments L.L.C-FZ (51%) va Paynet kompaniyasi (49%) hisoblanadi.