2017-yildan boshlab O‘zbekiston o‘zining katta quvvatli atom elektr stansiyasini barpo etish borasida tizimli harakat qilmoqda. O‘sha paytda Rossiya bilan hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolangan, 2018-yilda esa tomonlar ikkita VVER-1200 blokidan iborat yirik AES qurishga qaror qilishgandi.

Stansiya 2028-yilga qadar ishga tushirilishi, mamlakat energiya iste’molining 15%ini qoplashi ko‘zda tutilgandi. Qurilish maydoni sifatida Jizzax viloyati, Tuzkon ko‘li tanlandi. Biroq, ko‘p yillik tayyorgarlik ishlari olib borilganiga qaramay, shartnomani imzolashga erishilmadi.

2020-yildan to 2023-yilgacha davom etgan tanaffusdan so‘ng tomonlar yana muloqotga qaytdi, biroq bu safar asosiy e’tibor kichik quvvatli atom elektr stansiyasini qurishga qaratildi. 2024-yilning may oyida bitim tuzilib, iyul oyida ishlab chiqarish bazasi qurilishi boshlandi. Stansiya umumiy quvvati 330 MVt bo‘lgan 6 ta RITM-200N reaktoridan iborat bo‘lib, 2033-yilga qadar to‘liq ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Biroq, energiya iste’moli ortib borayotgan sharoitda hukumat yirik elektr stansiyasi qurish zarurligini ma’lum qildi. 2024-yilda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov “O‘zbekistonga baribir yirik reaktor kerak bo‘lishi"ni ta’kidladi. Oradan ko‘p o‘tmay O‘zatom direktori Azim Axmedxo‘jayev mamlakatga 4 tagacha shunday AES zarur bo‘lishini ma’lum qildi.

Biroq, yirik AES loyihasi bo‘yicha kelishuv 2025-yil oxirigacha imzolanishi rejalashtirilgandi. Sentabrga kelib, Rosatom davlat korporatsiyasi bilan Jizzax viloyatida integratsiyalashgan AES qurish to‘g‘risida bitim imzolandi.

Spot bularning barchasi qanday boshlangani, qanday o‘zgarishlar ro‘y bergani, shuningdek, bundan keyin nima bo‘lishini eslatib o‘tadi.


2017-yil, 29-dekabr

O‘zbekiston va Rossiya atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitimni imzoladi. Muzokaralar yakuniga ko‘ra, Rossiya O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qurishni taklif etayotgani ma’lum bo‘ldi. Rossiyaning Rosatom kompaniyasi bosh direktori Aleksey Lixachyovning aytishicha, Rossiya o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashishga tayyor.

“Biz O‘zbekistonda „3+“ avlodiga mansub ikkita zamonaviy VVER-1200 blokidan tashkil topgan AES qurishni taklif etyapmiz. Xuddi shunday AES Novovoronejda allaqachon sanoat miqyosida faoliyat yuritmoqda”, — deya qayd etgan u.

2018-yil, 10-iyul

O‘zbekiston va Rossiyaning Rosatom davlat korporatsiyasi har biri 1200 MVt quvvatga ega 2 ta energoblokdan tashkil topgan AES qurish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Stansiyani 2028-yilgacha foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgandi.

AES ishga tushirilishi natijasida yiliga 3,7 mlrd kub metr gaz tejalishi kutilgandi. Bu esa $600 mlngacha eksport qilish yoki gazni yuqori daromadli neft-kimyo sanoatiga qayta ishlash imkoniyatini yaratishi kerak edi. Shuningdek, is gazi chiqindilari yiliga 3 mln tonnaga kamayishi prognoz qilingan.

aes, atom energetikasi, o‘zatom, xronika

Prezident xalqaro tajribani o‘rganish, qonunchilik bazasini shakllantirish, qurilish bo‘yicha boshqarma tuzish, shuningdek, mutaxassislar tayyorlash yuzasidan topshiriqlar berdi. Shu maqsadda Toshkentda Rossiyaning MIFI Milliy yadro tadqiqotlari universiteti filiali ochildi.

2018-yil, 8-sentabr

O‘zbekiston va Rossiya bosh vazirlari Abdulla Aripov va Dmitriy Medvedev Moskvadagi uchrashuv doirasida AES qurilishi to‘g‘risida kelishuv imzoladilar.

“Bu O‘zbekiston Prezidenti qabul qilgan juda muhim qarordir. Biz rossiyalik hamkasblarimizdan ushbu masalaga puxta, chuqur yondashayotganliklari, O‘zbekistonga sherik sifatida qarayotganlari uchun minnatdormiz”, — dedi O‘zbekiston bosh vaziri.

2018-yil, 9-oktabr

AES uchun Navoiy va Buxoro viloyatlari chegarasida, To‘dako‘l suv ombori hududdan qurilish maydoni tanlab olindi.

2018-yil, 16-oktabr

Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov O‘zbekistonda Rossiya loyihasidagi atom elektr stansiyasini qurishning taxminiy qiymati $11 mlrdni tashkil etishini ma’lum qildi.

Mamlakatlar kelishuviga ko‘ra, O‘zbekistonda umumiy quvvati 2,4 GVt bo‘lgan VVER-1200 tipidagi reaktorli ikkita energoblokdan iborat AES qurilishi ko‘zda tutilgan edi.

2019-yil, 15-yanvar

O‘zatom agentligining o‘sha paytdagi rahbari Jo‘rabek Mirzamahmudov AES qurilishi O‘zbekistonga tinch yadro energetikasiga ega mamlakatlarning “elita klubi"ga kirish imkonini berishi lozimligini ta’kidladi.

“Biz tinch atom energetikasi mamlakatlarining nufuzli klubiga a’zo bo‘lamiz. Bu elita klubi hisoblanadi. Mutlaqo yangi bosqich, boshqa turdagi munosabatlar, yangi texnologiyalar, fan va ta’lim rivoji”, — deydi u.

Mutaxassislarning fikricha, AES O‘zbekiston energetika balansining 15% gacha bo‘lgan qismini qoplashi kutilgan. Bu, ayniqsa, gaz taqchilligi va elektr energiyasiga bo‘lgan talabning o‘sishi sharoitida muhim ahamiyat kasb etardi. O‘sha paytdagi rejaga ko‘ra, birinchi reaktorni 2028-yilda, ikkinchisini esa undan 18 oy o‘tgach ishga tushirish mo‘ljallangandi.

2019-yil, 7-fevral

Shavkat Mirziyoyev 2029-yilgacha O‘zbekistonda atom energetikasini rivojlantirish konsepsiyasini imzoladi. Hujjatda atom elektr stansiyasini qurish loyihasini bosqichma-bosqich ishlab chiqish ko‘zda tutildi.

O‘zbekiston 2022-yilda atom elektr stansiyasi qurilishini boshlashni rejalashtirdi. Bu reja Rossiya bilan kredit shartnomasi imzolanib, moliyalashtirish rejasi tasdiqlangandan so‘ng amalga oshirilishi ko‘zda tutilgandi.

Loyiha quyidagi uchta asosiy bosqichga ajratildi:

  • 2019−2020 yillar — joy tanlash va joylashtirish uchun litsenziya olish davri.
  • 2020−2022 yillar — AES va uning tashqi infratuzilma obyektlarini loyihalash bosqichi.
  • 2022−2030 yillar — AES qurilishi va ekspluatatsiyaga topshirilishi.

O‘sha paytda, energiya bloklarining loyiha quvvatiga erishgandan so‘ng, 2030-yilda loyiha ishga tushirilishi kutildi. O‘zbekiston AES hisobidan elektr energiyasi tanqisligini qoplash hamda gazni tejashga umid qilayotgandi.

2019-yil, 31-may

O‘zbekistondagi ilk atom elektr stansiyasi qurilishi uchun Jizzax viloyatidagi Aydarko‘l maydoni tanlab olindi. Muhandislik-qidiruv ishlari Navoiy va Buxoro viloyatlaridagi to‘rtta maydonchada, To‘dako‘l suv ombori hududida hamda Jizzax viloyatidagi uchta maydonchada, Tuzkon ko‘li yaqinida amalga oshirildi.

aes, atom energetikasi, o‘zatom, xronika

Foto: Yandeks xarita

Aydarko‘l bo‘yidagi maydon tadqiqot natijalari, muhandislik-texnik va iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligi, shuningdek, mutaxassislarning fikrlari va xalqaro ekspertlarning xulosalari hisobga olingan holda tanlangan.

Qurilish ishlari Rossiya tomonidan moliyalashtirilishi kerak edi.

2019-yil, 30-avgust

Rosatom bosh direktori Aleksey Lixachyovning ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda AES qurilishiga sarflangan har bir dollar mahalliy ta’minotchilarga $1,9, mamlakat yalpi ichki mahsulotiga $4,3 va soliqlar shaklida $1,4 foyda keltirishi mumkin.

U loyihaning xalqaro standartlarga muvofiq va chet ellik mutaxassislar ishtirokida amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Bunda xavfsizlik va MAGATE me’yorlariga rioya qilish ustuvor ahamiyatga ega ekanligi alohida qayd etildi.

2019-yil, 21-oktabr

Energetika vazirligi AES O‘zbekistonda elektr energiyasi taqchilligini hal qilishda muhim rol o‘ynashi kerakligini ta’kidladi.

O‘sha paytda O‘zbekistonning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji 69 mlrd kVt/soatni, o‘zi ishlab chiqargan elektr energiyasi esa 64 mlrd kVt/soatni tashkil etgan. Energetika vazirligining hisob-kitoblariga ko‘ra, energiya iste’molining doimiy o‘sishini hisobga olgan holda, 10 yil ichida mamlakatning ehtiyoji 117 mlrd kVt/soatni yoki deyarli 2 barobar ko‘proqni tashkil etgan bo‘lar edi.

Shuningdek, O‘zbekiston uran ishlab chiqaruvchi kuchli beshlikka kirdi, loyiha uchun yoqilg‘i bilan bog‘liq muammolar kutilmadi.

2020-yil, 30-noyabr

O‘sha paytdagi amaldagi Energetika vaziri Alisher Sultonov O‘zbekiston “dunyodagi eng xavfsiz” hisoblanuvchi VVER-1200 reaktorini tanlaganini ma’lum qilgandi. U AES nafaqat ekologik toza energiya manbai ekanligini, balki ilm-fan va sanoatni rivojlantirish hamda minglab ish o‘rinlarini yaratish uchun turtki bo‘lishini alohida ta’kidladi.

“U yerda bir necha bosqichli xavfsizlik tizimlari shunchalik puxta ishlab chiqilganki, reaktor hatto Boeing samolyotining to‘g‘ridan-to‘g‘ri urilishiga ham bardosh bera oladi”, — deya ta’kidladi vazir.

U stansiya qurilishi uchun ajratilgan tashqi kredit haqida ham fikr bildirdi: “Bu obyekt foyda keltiradi. Hech kim loyihaning o‘zini qoplash hisobini ko‘rmasdan unga kredit bermaydi”.

Shuningdek, O‘zbekiston uchun AESning ahamiyati va foydasi haqida ekologiya va energetika sohasidagi boshqa mutaxassislar ham o‘z fikrlarini bildirgan.

2022-yil, 5-aprel

Rosatom mahalliy hamkorlar bilan birgalikda O‘zbekistonda AES loyihasini ishlab chiqishni davom ettirayotganini tasdiqladi. Rusatom — Xalqaro tarmoq rahbari Vadim Titovning so‘zlariga ko‘ra, loyiha tafsilotlarini muhokama qilish davom etmoqda va u ikki tomonlama hamkorlik uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lib qolmoqda.

2022-yil, 20-iyun

O‘zatom O‘zbekistonda AES qurilishi to‘xtatilgani haqidagi mish-mishlarni rad etdi. Yadro texnologiyalari boshqarmasi rahbari Qosim Taxtaxunovning aytishicha, loyiha belgilangan jadval asosida amalga oshirilmoqda, tayyorgarlik ishlari esa yakuniy bosqichga yetgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kechikishlar turbina uskunalarining mamlakat iqlim sharoitiga moslashuvi va sovutish uchun zarur bo‘lgan suv resurslarining yetishmasligi bilan bog‘liq. Deyarli barcha hujjatlar tayyor, MIFI filiali negizida o‘quv markazi ish boshladi, mutaxassislar esa amaliyot o‘tamoqda.

2023-yil, 28-noyabr

Rosatom rahbari Aleksey Lixachyov O‘zbekiston va Rossiya AES qurilishi bo‘yicha shartnomani tayyorlashning yakuniy bosqichida ekanligini ma’lum qildi. Uning aytishicha, pandemiya jarayonlarni sekinlashtirgan bo‘lsa-da, loyiha to‘xtab qolmagan va kelishuv ustidagi ishlar faol tarzda davom etmoqda.

Lixachyovning qo‘shimcha qilishicha, energetika loyihasini ishlab chiqish davom etmoqda, O‘zbekiston tomoniga kam quvvatli energiya bloklari va kadrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shimcha takliflar kiritilgan.

aes, atom energetikasi, o‘zatom, xronika

Rosatom Qirg‘iziston va Qozog‘istonda ham shunday loyihalarni amalga oshirgan.

2023-yil, 11-dekabr

Rosatom qurilish jarayonida “quruq gradirnya” texnologiyasini qo‘llash mumkinligi haqida xabar berdi. Davlat korporatsiyasi vakili Polina Lionning tushuntirishicha, ushbu qaror mamlakatda 2050-yilgacha keskin suv tanqisligi xavfi bilan bog‘liq.

An’anaviy sovutish tizimlaridan farqli o‘laroq, “quruq gradirnya” suvni bug‘lantirmaydi, bu esa iqlim muammolari sharoitida O‘zbekiston uchun nihoyatda muhim ahamiyatga ega. Lion atom energetikasi sohasida suv sarfini kamaytirish tobora dolzarb masalaga aylanib borayotganini ta’kidladi.

“Yetarlicha murakkab texnologik yechim, ammo biz biroz oldinga o‘ylayapmiz. Aslida, atom energetikasi uchun minimal suv iste’moli masalasi ham kun tartibida juda jiddiy”, — dedi Leon.

2024-yil, 27-mart

Rosatom birinchi o‘rinbosari Kirill Komarov Jizzax viloyatida AES qurilishi bo‘yicha O‘zbekiston bilan olib borilayotgan muzokaralar “juda muvaffaqiyatli” kechayotganini ma’lum qildi.

Uning aytishicha, tomonlar bu qadar muhim strategik loyihaning barcha nozik jihatlarini puxta muhokama qilish maqsadida shartnomani imzolashga shoshilmayapti.

“Men har doim hech kimni turtki bermaslik uchun bunday holatlarni, sanalarni aytmaslikka harakat qilaman, chunki bu juda muhim qaror. Bu qaror, bilasizki, O‘zbekistondagi keyingi 100 yildagi muayyan vaziyatni belgilab beradi. Shuning uchun, men sizga aytamanki, shoshqaloqlik yoki xato qilishdan ko‘ra, barcha nyuanslarni muhokama qilish uchun qo‘shimcha vaqt sarflash yaxshiroqdir. Lekin biz istalgan vaqtda ushbu loyihani aniq amalga oshirishni boshlashga tayyormiz”, — deb ta’kidladi Komarov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ushbu maydon allaqachon tadqiq qilingan, iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda optimal texnologik yechimlar tanlangan. Loyihada nafaqat Rossiya, balki chet ellik hamkorlar, jumladan, Fransiya va Janubiy Koreya kompaniyalari ham ishtirok etishi mumkin.

2024-yil, 30-aprel

Rossiya bosh vazir o‘rinbosari, Sanoat va savdo vazirligi rahbari Denis Manturov Rosatom va Uzatom O‘zbekistonda AES qurish bo‘yicha shartnoma tayyorlayotganini ma’lum qildi.

Muhandislik tadqiqotlari yakunlandi va uning atom elektr stansiyasini qurishga yaroqliligi tasdiqlandi. Bundan tashqari, loyihaning optimal texnik konfiguratsiyasi aniqlandi.

O‘sha vaqtda buyurtmachi va xalqaro ekspertlar bilan birgalikda atom elektr stansiyasini O‘zbekiston energetika tizimiga integratsiyalashning texnik masalalari o‘rganilayotgan edi.

2024-yil, 10-may

Vengriya mutaxassislari O‘zbekistonda loyihalashtirilayotgan atom elektr stansiyasi uchun kadrlar tayyorlashni boshladi.

Vengriya tashqi ishlar va savdo vaziri Peter Siyyarto mamlakatlar atom energetikasi sohasidagi hamkorlikni faollashtirayotganini qayd etdi. “O‘zbekiston Rosatom bilan AESni qurish bo‘yicha shartnoma imzolasa, Vengriya sovutish texnologiyasidan foydalanadi”, — dedi u.

Vazir potensial shartnoma qiymatini $100 mlndan ortiq deya baholadi va mamlakat energetika sektori uchun eng yirik shartnomalardan biriga aylanishini qayd etdi.

2024-yil, 27-may — kichik AES

O‘zatom va Rosatom O‘zbekistonda kichik quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha shartnoma imzoladi. Shavkat Mirziyoyev mazkur loyihani O‘zbekiston iqtisodiy taraqqiyoti uchun “hayotiy ahamiyatga ega” deb ta’rifladi.

aes, atom energetikasi, o‘zatom, xronika

Kelishuv Jizzax viloyatida Rossiya loyihasi asosida 330 MVt quvvatli kichik AES — har biri 55 MVt quvvatga ega bo‘lgan oltita reaktorni qurish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishni ko‘zda tutgan. Rosatom bosh ijrochi bo‘ldi, ammo qurilishga mahalliy kompaniyalarni ham jalb qilish rejalashtirilgandi.

Qayd etilganidek, kichik quvvatli atom stansiyalarining afzalliklari orasida ixchamligi tufayli katta AESlarga nisbatan qurilish muddati ham ko‘p vaqt talab qilmaydi.

2024-yil, 5-iyun — kichik AES

O‘zatom O‘zbekistonda kam quvvatli atom elektr stansiyasining (KQAES) birinchi reaktorini ishga tushirish besh yildan keyinga mo‘ljallanganini ma’lum qildi.

To‘liq foydalanishga topshirish 2033-yildan oldin bo‘lmasligi taxmin qilingan — qolgan reaktorlar yarim yillik interval bilan ishga tushiriladi. Loyiha qiymati ochiqlanmasdan qolmoqda.

Qurilishda loyiha hujjatlari talablariga mos keladigan mahalliy materiallar va uskunalardan foydalanish rejalashtirilgan. Loyiha Jizzax viloyatining Forish tumanida joylashgan Tuzkon ko‘li yaqinidagi avval tasdiqlangan maydonda amalga oshiriladi.

2024-yil, 26-iyun — kichik AES

O‘zatom agentligi va Rosatom davlat korporatsiyasi muhandislik bo‘limi rahbarlarining rasmiy uchrashuvi doirasida kam quvvatli atom elektr stansiyasi (KQAES) maydonida qurilish bo‘yicha birinchi shtab tashkil etildi.

Shtab maydonida belgilangan vaqtda qurilish ishlarini boshlash, xususan, barcha infratuzilma bilan ta’minlangan quruvchilar shaxarchasini barpo etishga kirishish borasida kelishuvni amalga oshirish yuzasidan dastlabki masalalar muhokama qilindi.

2024-yil, 10-sentabr — kichik AES

O‘zbekiston va Rossiya kichik atom elektr stansiyasi qurilishini boshlash to‘g‘risidagi bayonnomani imzoladi. Rosatom qurilish maydonida hujjatlarni qayta tayyorlash va qidiruv ishlarini boshladi.

“Bugungi imzolangan hujjat O‘zbekistonda birinchi kam quvvatli AES qurilishi loyihasini amalga oshirish bo‘yicha faol ishlarni boshlashga qadam tashlaganimiz dalolatidir, bu esa yaqin kelajakda qurilish maydonchasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlarni boshlash imkonini beradi”, — dedi Atom elektr stansiyasi qurilishi direksiyasi rahbari Otabek Amanov.

2024-yil, 7-oktabr

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekistonda AES qurilishi kichik stansiyadan boshlanishini, ammo mamlakatga baribir yirik reaktor kerakligini ta’kidladi.

Uning qayd etishicha, “Rosatom” tomonidan Jizzax viloyatida amalga oshirilayotgan kichik AES loyihasi “texnologik jihatdan eng xavfsiz” deb topilgan va allaqachon MAGATE tomonidan ma’qullangan. Ayni paytda loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish jarayoni olib borilmoqda.

Barcha litsenziyalar olingandan so‘ng qurilish boshlanishi va taxminan besh yil davom etishi kutilayotgandi, kelajakda esa yirik AES qurilishi ham mumkin — taxminan 2040-yilgacha.

aes, atom energetikasi, o‘zatom, xronika

2024-yil, 18-oktabr — kichik AES

O‘zbekiston kichik AES loyihasini amalga oshirishni davom ettirmoqda. 55 MVt quvvatli birinchi reaktorni 2029-yil oxirigacha ishga tushirish, qolganlarini esa har olti oyda bittadan ishga tushirish rejalashtirilgan. Stansiyaning to‘liq ishga tushirilishi 2033-yilga mo‘ljallangan. Stansiya umumiy quvvati 330 MVt bo‘lgan oltita RITM-200N reaktoridan iborat bo‘lishi kerak.

Loyiha chet el va mahalliy banklar mablag‘lari hisobiga moliyalashtirilmoqda. Yoqilg‘i sifatida O‘zbekiston uranidan foydalaniladi — u Rossiyada ishlab chiqarilib, boyitiladi hamda ishlatilgan yoqilg‘i ham qaytarib olib kelinadi. Suv tanqisligi tufayli quruq gradirnyalar tanlab olingan.

AES O‘zbekiston mulki bo‘ladi, boshqaruvni esa davlat kompaniyasi o‘z zimmasiga oladi. Hozirda operator AES qurilish direksiyasi hisoblanadi.

O‘zatom agentligi direktori Azim Axmedxo‘jayevning ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda kichik atom elektr stansiyalarini qurish uchun 14 ta potensial maydonni o‘rganish rejalashtirilmoqda.

Kichik modulli reaktorlar (SMRs) energiya tizimining barqarorligini oshirish va, ayniqsa, iqlim o‘zgarishlari sharoitida gazga bog‘liqlikni kamaytirish uchun muhim element sifatida ko‘rib kelindi.

Uning aytishicha, SMRs yuqori xavfsizlik darajasiga ega, kam xarajat talab qilinib, iste’molchilarga yaqinroq joylarda o‘rnatilishi mumkin.

O‘zatom rahbari ta’kidlashicha, hozirda O‘zbekiston loyihani 2030-yilgacha amalga oshirish imkoniga ega kompaniya bo‘lgan Rosatom bilan hamkorlik qilmoqda. Kelajakda kichik AESdan nafaqat elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun, balki isitish va sanoat bug‘i olish maqsadlarida ham foydalanish mumkin bo‘ladi.

2024-yil, 4-noyabr

O‘zbekiston Xitoyning kichik modulli reaktorlarini qo‘llash imkoniyatlarini o‘rganishni rejalashtirmoqda.

O‘zatom direktori Azim Axmedxo‘jayev CNNCning shuba kompaniyasi — China National Nuclear Corporation Overseas Ltd. (CNOS) bosh direktori Vei Fuki bilan atom energetikasidagi qo‘shma loyihalarni muhokama qildi. Tomonlar AESni qurish bo‘yicha Xitoy tajribasini o‘zlashtirish imkoniyatlarini batafsil ko‘rib chiqishga kelishib oldi.

2024-yil, 5-dekabr

O‘zatom huzuridagi AES qurilishi direksiyasi Xitoy milliy yadro korporatsiyasining (CNNC) sho‘ba korxonasi — CNNC Overseas Ltd. (CNOS) bilan hamkorlik memorandumini imzoladi.

Samarqandda bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiya doirasida O‘zatom va Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) tomonidan Mamlakatlar Hadli dasturiga qo‘shimchalar kiritildi.

Atom energiyasi agentligi Fransiyaning Assystem Engineering and Operation Services — Assystem sho‘ba korxonasi bilan shartnoma imzoladi.

Shuningdek, O‘zatom Jahon yadro assotsiatsiyasi (WNA) bilan o‘zaro anglashuv va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti bilan hamkorlik memorandumlarini imzoladi.

2025-yil, 10-fevral — kichik AES

Shavkat Mirziyoyev atom energetikasi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda mutasaddilar atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha qilinayotgan ishlar bo‘yicha axborot berdi.

Davlat rahbari bo‘lajak stansiya va tizimda ishlaydigan mutaxassislarni hozirdan tayyorlash, xavfsizlikni Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) talablari darajasida ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi. Bunday texnologiyalar iqtisodiyot raqobatdoshligini oshirib, uning uzoq muddatli o‘sishini ta’minlashi ta’kidlandi.

O‘zatom direktori Azim Axmedxo‘jayev Jizzax viloyatidagi kichik AES qurilishi loyihasiga Rossiya texnologiyalari bilan birga Xitoyning noyadro texnologiyalari hamda Yevropa dasturiy ta’minoti va apparat vositalarini qo‘llash rejalashtirilganini ma’lum qildi.

“Bu yo‘l bilan biz ushbu loyihani eng zamonaviy texnologiyalar yordamida amalga oshirish uchun xalqaro konsorsium tashkil etamiz. Bu loyihaga noan’anaviy yechimlar, masalan, Vengriya yoki Xitoy ishlab chiqaruvchilarining quruq sovutgichlarini tatbiq etish rejalashtirilgan. Bu orqali elektr stansiyasida suv sarfini kamaytirish maqsad qilingan”, — dedi u.

Axmedxo‘jayev kichik AES loyihasi MAGATE tomonidan qat’iy nazorat ostida amalga oshirilayotganini, uning mutaxassislari “Rosatom” bilan birgalikda loyihada ishtirok etayotganini ta’kidladi.

“O‘zatom” MAGATE bilan alohida hamkorlik dasturini ishlab chiqdi, uning doirasida agentlik mamlakatda malakali kadrlarni tayyorlash, xavfsizlik me’yorlarini ta’minlashni nazorat qilish hamda yadro energetikasi loyihalarini amalga oshirishda ko‘maklashmoqda.

2025-yil, 24-mart — kichik AES

O‘zatom direktori Azim Axmedxo‘jayev Jizzax viloyatida quriladigan kichik quvvatli atom elektr stansiyasi (KQAES) loyihasi tafsilotlarini ma’lum qildi.

“Bugungi kunda biz jadvaldan ilgarilab ketmoqdamiz. Hozirgi paytda hamkorlarimiz bilan o‘rnatilgan bunday yuqori darajadagi hamkorlikni, ochig‘ini aytsam, juda kam joyda ko‘rganman”, — dedi O‘zatom boshlig‘i.

Shuningdek, Azim Axmedxo‘jayev kichik AES qurilishining eng yuqori bosqichida 11 ming nafargacha ishchi kuchi jalb qilinishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Dastlabki bosqichda esa taxminan 1,5 ming nafar mutaxassisni ishga jalb etish zarur bo‘ladi.

O‘zatom rahbari O‘zbekistonga elektr energiyasiga bo‘lgan talabni qondirish uchun katta quvvatli 4 ta atom elektr stansiyasi zarur, degan fikrga qo‘shildi. Shuningdek, u O‘zbekistondagi kichik AES qiymati maqsadli ko‘rsatkich — “$2 mlrddan kam” ekanligini aytdi.

aes, atom energetikasi, o‘zatom, xronika

2025-yil, 26-mart

O‘zatom va Rosatom O‘zbekistonda katta quvvatli atom elektr stansiyasini qurish istiqbollarini muhokama qildi. Tomonlar obyektni joylashtirish variantlarini ko‘rib chiqdilar, shuningdek, milliy energetika infratuzilmasini mustahkamlashga qaratilgan loyihaning texnik va strategik parametrlarini baholadilar.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda yirik AES qurish rejalari bilan ham tanishdi. Atom energetikasi 2035-yilga borib elektr energiyasi iste’molining 121 mlrd kVt/soatgacha o‘sishi prognoz qilinayotgan bir sharoitda uzoq muddatli istiqbolda bazaviy manbalardan biri sifatida qayd etildi.

2025-yil, 15-aprel — kichik AES

Jizzax viloyatida O‘zbekistondagi ilk kichik quvvatli atom elektr stansiyasi uchun ishlab chiqarish bazasining qurilishi boshlandi. Bosh ijrochi etib Rosatom — Atomstroyeksport injiniring divizioni belgilangan bo‘lib, ishlarga mahalliy ijrochi ham jalb etiladi.

Qurilish-montaj bazasi energobloklar qurilishi davrida muhim infratuzilma elementi bo‘lib, ma’muriy binolar, ishlab chiqarish xonalari, omborlar va yirik yig‘ma sexlari uchun maydonlar bilan ta’minlaydi. Kelajakda hududda stansiyaning o‘zi hamda unga aloqador infratuzilma: turar-joy va ijtimoiy inshootlar, shu jumladan maktablar va tibbiyot muassasalari paydo bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Rosatom rahbari Aleksey Lixachyov yirik AES istiqbollarini sharhlayotib, “Masala O‘zbekistonning bu mavzuga qaytishi yoki qaytmasligida emas, balki qachon qaytishida”, — deb ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rosatom allaqachon texnik, moliyaviy va tashkiliy qismlar, jumladan, ishlab chiqarishni O‘zbekistonda mahalliylashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlagan.

2025-yil, 6-may — kichik, AES

Jizzaxda kichik quvvatli AESni joylashtirish sxemasi tasdiqlandi. Bu loyihani mintaqaviy ehtiyojlarga moslashtirish va energiya ishlab chiqarishni optimallashtirish imkonini berishi qayd etildi.

Loyihaning yuqori sifatli hujjatlarini ishlab chiqish va ularni xalqaro standartlarga moslashtirishda uzoq muddatli xizmat muddati bo‘lgan uskunalar uchun texnik talablar, muhandislik tadqiqotlariga oid topshiriqlar hamda loyiha jadvallari kelishildi.

2025-yil, 13-may — kichik AES

Rosatom O‘zbekistonda Rossiya loyihasi asosida qurilayotgan kichik atom elektr stansiyasining birinchi bloki uchun reaktor uskunalarini tayyorlashga kirishdi.

Davlat korporatsiyasining Sankt-Peterburgdagi zavodida boshlangan ishlar natijasida RITM-200N reaktor qurilmasi uchun 205 tonnalik birinchi quyma quyilgan. “Po‘lat quyish — bu aslida yadro reaktorini yaratish jarayonining boshlanishi”, — deya ta’kidlanadi kompaniyada.

2025-yil, 20-may

O‘zatom va Vengriyaning MVM EGI Zrt kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim va anglashuv memorandumi imzolandi.

Bitim ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, yangi texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish, atom elektr stansiyalarida quruq sovitish tizimlarini yetkazib berish va amalda tatbiq qilishga qaratilgan.

Shu bilan birga, kelishuv texnologiyalarni mahalliylashtirish, zarur infratuzilmani yaratish, mutaxassislarni tayyorlash va malakasini oshirish dasturlarini tashkil etishni nazarda tutadi.

O‘zaro anglashuv memorandumi esa uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli sheriklik asoslarini shakllantirishga qaratilgan. Ushbu hujjat O‘zbekiston hududida AES qurish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishda tomonlarning o‘zaro hamkorligi mexanizmlarini belgilaydi.

2025-yil, 29-may

Samarqandda Shavkat Mirziyoyev va Italiya bosh vaziri Jorja Meloni o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralar doirasida O‘zatom va Italiyaning Ansaldo Energia S.p.A. kompaniyasi anglashuv memorandumini imzoladi.

Hujjat atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida uzoq muddatli, barqaror va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan. Kelishuv doirasida kompaniya texnologiyalari va tajribasini qo‘llagan holda kadrlar va ilmiy-texnik salohiyatni oshirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

2025-yil, 12-iyun

Toshkentda o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zatom rahbari Azim Axmedxo‘jayev hamda Assystem kompaniyasining xalqaro masalalar bo‘yicha bosh vitse-prezidenti Kristian Janno o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjat o‘zaro hamkorlikda ochiladigan qo‘shma korxona yuzasidan dastlabki shartlarni belgilab beradi.

Qo‘shma korxona kichik atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasini texnik qo‘llab-quvvatlash, loyiha uchun texnik yechimlarni tanlash va ularni yagona konsepsiyaga birlashtirishga ko‘maklashadi.

Shuningdek, kompaniya faoliyati O‘zbekistonning fuqarolik yadro dasturini rivojlantirishga oid loyihalarni qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga oladi.

2025-yil, 20-iyun

O‘zatom va “Rosatom” O‘zbekistonda katta quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishini o‘rganish bo‘yicha kelishuv imzoladi. Hujjat to‘rtta energiya blokigacha kengaytirish imkoniyati bilan ikkita VVER-1000 energiya bloki qurilishini amalga oshirishning asosiy shartlarini nazarda tutadi. Loyiha Rossiya texnologiyalariga asoslangan bo‘lib, ular Rossiyada va Xitoy (Tyanvan AES) va Hindistondagi (Kudankulam AES) xorijiy obyektlarda qo‘llaniladi.

“O‘zbekistondagi kichik modulli elektr stansiyasi — bu zamonaviy kichik AESning dunyodagi birinchi eksport mahsulotidir. Hozirda biz loyihani kengaytirish ustida ishlayapmiz va ushbu hududda [Jizzax viloyatida] gigavatt quvvatiga ega bo‘lgan yana ikkita yirik energiya blokini qurish ustida ish olib bormoqdamiz”, — dedi Lixachyov.

2025-yil, 8-avgust

O‘zatom direktori Azim Axmedxo‘jayev kichik atom elektr stansiyasini qurish loyihasi bo‘yicha loyiha-qidiruv ishlari yakunlanganini qayd etdi. Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) missiyalari davomida tanlangan maydon — Tuzkon ko‘lida kichik AESni qurishni davom ettirish imkoniyatlari haqida ijobiy fikrlar bildirildi.

Yer qazish ishlari boshlanib, maydonda kotlovanni tayyorlash ishlari olib borilmoqda. Joriy yilda atrof-muhitga ta’sirni va loyiha xavfsizligini ta’minlashni baholash bo‘yicha tegishli hujjatlarni ishlab chiqish yakunlanadi.

Axmedxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, prezident AES qurilishi loyihasini amalga oshirish muddatlarini tezlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan. Bo‘lajak atom elektr stansiyasining birinchi betonini 2026-yil mart oyida quyish topshirildi.

2025-yil, 9-avgust

O‘zatom rahbari Azim Axmedxo‘jayev O‘zbekiston qisqa vaqt ichida yirik AES qurish loyihasini amalga oshirish niyatida ekani, ayni paytda Rosatom bilan keng qamrovli tadqiqotlar olib borilayotgani va stansiyani mamlakat energetika tizimiga integratsiya qilish muhokama qilinayotganini ta’kidladi.

2025-yil, 26-sentabr

O‘zbekiston va Rosatom davlat korporatsiyasi o‘rtasida Jizzax viloyatida integratsiyalashgan atom elektr stansiyasini qurish to‘g‘risida bitim imzolandi.

“O‘zbekiston bir vaqtning o‘zida ham kichik quvvatli zamonaviy atom stansiyasi, ham katta quvvatli atom elektr stansiyasi ishlaydigan integratsiyalashgan atom elektr stansiyasini quradigan dunyodagi birinchi mamlakat bo‘ladi”, — deya izoh berdi Aleksey Lixachyov.

O‘zatom rahbari Azim Axmedxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, kichik va yirik reaktorlarning integratsiyalashuvi O‘zbekistonga nafaqat bazaviy generatsiya va manyovrli quvvatlarni ta’minlash, balki kichik modulli reaktorlarni rivojlantirish bo‘yicha o‘z maktabini shakllantirish, mutaxassislarni tayyorlash va tajriba almashish maydoniga aylanish imkonini beradi.

Kichik AES qurilishi allaqachon boshlangan — yer qazish ishlari olib borilmoqda va birinchi beton 2026-yil mart oyida quyilishi rejalashtirilgan. 2035-yilga borib quvvati 2,1 GVt bo‘lgan kombinatsiyalashgan stansiya yiliga 15 mlrd kVt/soatdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqarishi kerak.

Shu bilan birga, mamlakatning boshqa hududlarida qo‘shimcha kichik AESlarni qurish imkoniyati muhokama qilinmoqda. Ular energiya ta’minotini, shu jumladan gaz va neft-kimyo klasterlari uchun nomarkazlashtirishga va milliy dekarbonizatsiya dasturi doirasida ko‘mir ishlab chiqarishga qaramlikni kamaytirishga yordam beradi.

Jizzax viloyatidagi bitta maydonchada har biri 1 GVt quvvatga ega yirik VVER-1000 va har biri 55 MVt quvvatga ega kichik RITM-200N energiya bloklarini joylashtirish rejalashtirilgan. Reaktorlarni sovutish uchun quruq gradirnyalardan foydalaniladi, ularni yirik uzelli yig‘ish mamlakatda yo‘lga qo‘yiladi.

Jizzaxdagi integratsiyalashgan AES maketi. Foto: Shahriyor Ismoilxodjayev / Spot va Mila Aksyonova / Podrobno.uz

O‘zbekistondagi yirik AESning birinchi energiya bloki 2033-yilda, ikkinchisi 2035-yilda ishga tushiriladi. Kichik quvvatli atom stansiyasining birinchi energiya blokini 2029-yilda, ikkinchisini esa yarim yildan so‘ng ishga tushirish rejalashtirilgan.