O‘zbekiston va Rossiya bosh vazirlari Abdulla Aripov va Dmitriy Medvedev Moskvadagi uchrashuv doirasida atom elektr stansiyasi qurilishi to‘g‘risida kelishuv imzoladilar, deb xabar beradi “Rosatom” matbuot xizmati.

“Rosatom” O‘zbekistonda har birining quvvati 1,2 GVt bo‘lgan ikki blokli AES barpo etadi, deya aniqlik kiritadi “Ъ”.

"Bu O‘zbekiston Prezidenti qabul qilgan juda muhim qarordir. Biz rossiyalik hamkasblarimizdan ushbu masalaga puxta, chuqur yondashayotganliklari, O‘zbekistonga sherik sifatida qarayotganlari uchun minnatdormiz", — dedi O‘zbekiston Bosh vaziri.

Medvedevning so‘zlariga ko‘ra, loyiha strategik xarakterga ega:

“U yirik, murakkab, lekin mamlakatlarimiz o‘rtasida kelgusi o‘n yillar davomidagi yuksak texnologik o‘zaro aloqalar uchun asos bo‘ladi. Gap texnologiyalarning keng ko‘lamli transferi, keng qamrovdagi vakolatga ega o‘zbek mutaxasislarini tayyorlash haqida bormoqda. Bu esa, ma’lum darajada, O‘zbekistonni texnologik taraqqiyotning yangi bosqichiga olib chiqadi”, — deya bildirdi Rossiya Bosh vaziri.

Atom elektr stansiyasi ishga tushishi natijasida 3,7 mlrd. kub metr tabiiy gaz tejab qolinadi. Tejalgan gaz qayta ishlamay eksport qilinganda ham, O‘zbekiston yiliga $550−600 mln qo‘shimcha daromadga ega bo‘ladi.