Vengriya O‘zbekistonga atom energetikasini rivojlantirishda yordam beradi, deya ma’lum qildi Vengriya tashqi ishlar va savdo vaziri Peter Siyyarto.

7-may kuni Siyyarto ikki davlat Hukumatlararo komissiyasi tadbirlarida ishtirok etish uchun Toshkentga tashrif buyurdi. U Shavkat Mirziyoyev va Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan uchrashib, ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

Muzokaralarda Toshkent viloyatida Vengriya korxonalari uchun maxsus iqtisodiy zonani tezroq ishga tushirish muhimligi qayd etildi. Mart oyida sanoat zonasi uchun Ohangaron tumanidan joy tanlangani xabar qilingandi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining “Spot"ga ma’lum qilishicha, o‘tgan yili tashkil etilgan qo‘shma investitsiya fondining ustav kapitalini uch baravarga — $50 mlndan $150 mlngacha oshirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, jamg‘arma tomonidan moliyalashtirilgan birinchi loyiha qishloq xo‘jaligi bo‘yicha bo‘ladi.

Shuningdek, matbuot anjumanida Siyyarto Toshkent va Budapesht o‘rtasida havo qatnovi yo‘lga qo‘yiladigan sanani ma’lum qildi. Unga ko‘ra, poytaxtlar o‘rtasidagi aviaqatnovlar 30-iyundan boshlanishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, mamlakatlar atom energetikasi sohasidagi hamkorlikni faollashtirmoqda. Siyyarto vengriyalik mutaxassislar ushbu sohada bir necha o‘n yillik tajribaga ega ekanligini ta’kidladi.

“Biz o‘zbek atom energetikasi bo‘yicha bo‘lajak mutaxassislarni tayyorlashni allaqachon boshladik. Bundan tashqari, biz kelishdikki, agar O‘zbekiston „Rosatom“ bilan atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha shartnoma imzolasa, Vengriya sovutish texnologiyasidan foydalanadi”, — dedi Peter Siyyarto.

Vazir potensial shartnoma qiymatini $100 mlndan ortiq deya baholadi va mamlakat energetika sektori uchun eng yirik shartnomalardan biriga aylanishini qayd etdi.

O‘zbekistonda Vengriya atom elektr stansiyasini sovutish texnologiyasidan foydalanish 2023-yilning avgustida muhokama qilingandi.