O‘zbekiston va Vengriya qo‘shma Maxsus investitsiya jamg‘armasini tashkil etadi, deya ma’lum qildi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

Bu bo‘yicha vazir Laziz Kudratov bilan Vengriya Iqtisodiy rivojlanish vaziri Marton Nadji o‘rtasida muzokaralar o‘tkazilgan.

Yangi jamg‘arma Vengriya kompaniyalarining O‘zbekistondagi loyihalarini moliyalashtirishi rejalashtirilgan.

Jamg‘armaning ustav kapitali 50 mln yevroni tashkil etib, uning ta’sischisi Vengriya Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi huzuridagi Milliy investitsiya xoldingi bo‘ladi.

Shuningdek, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish jarayoni muhokama qilinib, “Bonapharm” kompaniyasining Toshkent viloyatida parrandachilik klasterini yaratish istagi tasdiqlandi.

O‘zbekiston-Vengriya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi joriy yilning 22−23-may kunlari Budapesht shahrida o‘tkazilishi belgilandi.

Avvalroq Toshkentda Vengriya kompaniyalari uchun sanoat zonasi tashkil etilishi rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek, “Texnopark” negizida tibbiy asbob-uskunalar ishlab chiqarish uchun qo‘shma korxonalarni ishga tushirish ko‘zda tutilgan.