Toshkent metropolitenining O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi halqa yo‘li 18-oktabrdan qayta ishga tushadi. Bu haqda Toshkent metropoliteni xabar bermoqda.
“Profilaktik ishlarining yakuniy bosqichi amalga oshirilayotganini inobatga olib, yaqin muddat ichida ushbu yo‘nalish o‘z faoliyatini qayta tiklaydi”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, metro poyezdlar harakati va yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash hamda sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida ushbu yo‘nalishda poyezdlar harakati sinov tariqasida (yo‘lovchilarsiz) bir muddat harakatlanadi.
Sinovlar muvaffaqiyatli yakunlangach, O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi yerusti halqa yo‘li mazkur sanadan yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni boshlaydi.
Dastlab poytaxt metropoliteni may oyi oxirida ikkita — Qipchoq va Turon bekatlarini yopgan edi. Shundan so‘ng, 28-iyundan boshlab Yangiobod’dan Quruvchilargacha bo‘lgan oraliqdagi yana oltita bekatda harakat to‘xtatildi.
Metropoliten ma’muriyati yopilishni “poyezdlar va yo‘lovchilar harakati xavfsizligini ta’minlash,” shuningdek, “yangi uchastkalarda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish” bilan izohladi. Ma’lum qilinishicha, ishlar jami uch oy — sentabr oyi boshigacha davom etishi haqida xabar berilgandi.
Transport prokurori Ikrom Narimov iyun oyi oxirida yer usti metro liniyasini rekonstruksiya qilish ishlarining borishini o‘rgangan edi. Bosh prokuraturaning ma’lum qilishicha, tekshiruv davomida ishchi guruh tomonidan “bir qator kamchilik va xatolar” aniqlangan.
Mutasaddi tashkilotlarga muammolarni “qisqa muddatda” bartaraf etish, ishlarni sifatli yakunlash uchun loyiha talablariga muvofiq qayta ko‘rib chiqish topshirildi. Prokuraturaning ta’kidlashicha, ishlar doimiy nazoratga olingan.
Avvalroq Spot yil yakunigacha Toshkent metrosidagi barcha kassalar yopilishi haqida yozgandi.
Shuningdek, kassa operatori va katta operator lavozimlari to‘liq tugatiladi. Ushbu xodimlarga kasb-hunar o‘rganish kurslarida bepul o‘qish taklif qilinadi.