2025-yilning dastlabki olti oyida O‘zbekistonning tashqi qarzi $8 mlrddan oshdi. Bu haqda Markaziy bankning mamlakat to‘lov balansi, xalqaro investitsiyaviy mavqei va tashqi qarziga bag‘ishlangan sharhida keltirilgan.

Yanvar-iyun oylarida xalqaro savdo siyosatining keskinlashuvi va global noaniqliklar ortishiga qaramay, mamlakat tashqi sektori an’anaviy eksport mahsulotlari jahon narxlarining o‘sishi, shuningdek, mehnat migratsiyasi va turizmdagi ijobiy tendensiyalar ta’sirida o‘zining muvozanat holatiga yaqinlashdi.

Xususan, joriy operatsiyalar hisobi $156,3 mln manfiy saldo bilan shakllandi (2024-yilning birinchi yarmida qariyb $2,9 mlrd). Regulyator buni savdo balansi taqchilligining sezilarli qisqarishi hamda xorijdan pul o‘tkazmalari hajmining oshishi bilan izohladi.

Eksport hajmining importga nisbatan yuqoriroq sur’atlarda o‘sishi natijasida savdo balansining manfiy saldosi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 20% ga qisqarib, $6,4 mlrdni tashkil qildi. Jami eksport hajmi 29% ga oshib, $16,6 mlrdga yetgan bo‘lsa, jami import hajmi 10% lik o‘sish bilan qariyb $23 mlrd bo‘ldi.

Joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga xalqaro pul o‘tkazmalari hajmining o‘sishi birlamchi va ikkilamchi daromadlar balansi ijobiy saldo (mos ravishda $850,9 mln va $5,4 mlrd) bilan shakllanishiga sabab bo‘ldi.

davlat qarzi, investitsiya, markaziy bank, pul o‘tkazmalari, tashqi qarz

Joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi to‘g‘ridan to‘g‘ri, portfel va boshqa investitsiyalar jalb qilinishi hisobiga moliyalashtirildi.

Mamlakatga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning sof kiritilishi 2024-yilning mos davriga nisbatan 42% ga o‘sib, $1,6 mlrdga teng bo‘ldi.

Portfel investitsiyalarning sof jalb qilinishi asosan xalqaro obligatsiyalar bilan bog‘liq operatsiyalar hisobiga $3,1 mlrdga yetdi. Natijada, moliyaviy hisob manfiy saldosi $895,9 mlnni tashkil etdi.

davlat qarzi, investitsiya, markaziy bank, pul o‘tkazmalari, tashqi qarz

2025-yilning birinchi yarmida xalqaro zaxira aktivlarining xorijiy valyutadagi qismi $913,1 mlnga ko‘payishi kuzatildi. Shuningdek, oltin jahon narxining yuqori sur’atlarda o‘sishi natijasida xalqaro zaxiralar qoldig‘i joriy yil boshiga nisbatan qariyb $7,4 mlrdga ko‘payib, 1-iyul holatiga $48,5 mlrdni tashkil qildi.

To‘lov balansida aks etgan amaliyotlar va nooperatsiyaviy o‘zgarishlar ta’sirida O‘zbekistonning sof xalqaro investitsiyaviy mavqei joriy yil boshiga nisbatan 23% ga mustahkamlanib, iyul oyiga kelib $16,9 mlrdga yetdi.

Bunda, rezidentlarning chet el valyutasidagi aktivlari hajmi yil boshiga nisbatan $12,1 mlrdga (13%) hamda tashqi majburiyatlari hajmi $8,9 mlrdga (11%) ko‘paydi.

Birinchi yarim yil yakuniga ko‘ra, umumiy tashqi qarz hajmi $72,2 mlrdni tashkil etib, yil boshidan $8,1 mlrdga o‘sdi. Shundan davlat tashqi qarzi $36,8 mlrd (+$2,9 mlrd) hamda korporativ tashqi qarz hajmi $35,4 mlrdga (+$5,2 mlrd) teng bo‘ldi.

Ikkinchi chorakda mamlakat umumiy tashqi qarzi joriy yilning birinchi choragiga nisbatan $3,8 mlrdga oshdi. Yanvar-mart oylarida tashqi qarz hajmi $68,4 mlrdni tashkil etgandi.

Yarim yilda O‘zbekistonning davlat qarzi $3,1 mlrdga oshib, $43,4 mlrdga yetdi. Davlat qarzi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan $6,13 mlrdga o‘sdi. Uning asosiy qismi — $36 mlrddan ortig‘i tashqi qarz, $6,9 mlrdi esa ichki qarz hissasiga to‘g‘ri keladi.

Iyun oyida bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov O‘zbekiston davlat qarzining o‘sishi bilan bog‘liq xavotirlar haqida gapirgandi. Uning hozirgi hajmini u xalqaro me’yorlarga ko‘ra “mo‘tadil daraja” deya baholadi.

“Yalpi ichki mahsulot o‘sishi, [aholi] daromadlari ko‘payishi, shahar, qishloq va mahallalarimiz obod bo‘lishi bilan bog‘liq xarajatlar qisman tashqi qarzlar hisobidan qoplanmoqda. Buning hech qanday uyatli joyi yo‘q”, — dedi Qo‘chqorov.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, hukumat tashqi qarz hisobiga infratuzilma loyihalarini moliyalashtirib, iqtisodiy o‘sishni ta’minlamoqda. Bundan tashqari, qarzning bir qismi byudjet taqchilligini qoplashga yo‘naltirilgan.

2025-yilda mamlakat nomidan jalb qilinadigan tashqi qarzning yillik miqdori $5,5 mlrd etib belgilangan. Shundan budjet taqchilligini moliyalashtirishga $3 mlrdi yo‘naltiriladi.

Avvalroq YTTB O‘zbekiston iqtisodiyoti 2025-yilda 6,7% ga o‘sishini kutayotgani haqida xabar berilgandi. Bank prognozlariga ko‘ra, 2026-yilda mamlakatda YIM 6% ni tashkil etishi mumkin.