2024-yil may oyidan O‘zbekistonda elektr energiyasi tariflari bir necha yildan so‘ng birinchi marta ko‘tarila boshladi, bir yildan keyin esa takroran narx oshishi ro‘y berdi. Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, bunday muvofiqlashtirishlar muntazam ravishda amalga oshiriladi: tariflar har yili inflyasiya darajasi doirasida, lekin 10%dan ko‘p bo‘lmagan darajada oshirib boriladi.

Ayni paytda o‘chirib qo‘yishlar tobora ko‘proq sodir bo‘lmoqda — transformatorlarni zo‘riqishdan xalos qilish uchun ham rejali, iste’mol ortishi tufayli ham avariya holatidagi o‘chirib qo‘yishlar.

Energiyaning muqobil manbalariga o‘tishni tezlashtirish va tarmoqqa tushadigan yuklanmani pasaytirish uchun, 2023-yilda “Quyoshli xonadon” dasturini ishga tushirishdi. Bu dastur bo‘yicha uy egalari umumiy tarmoqqa yo‘naltirilgan har bir kilovatt-soat uchun 1000 so‘mdan olishadi. To‘lovlar Soliq ilovasi orqali bevosita kartaga tushadi. Faqat 2024-yildagina ushbu dastur bo‘yicha 12,18 mlrd so‘m o‘tkazib berildi.

Radiomuhandis Abdurahmon Yo‘ldoshev uy tomiga umumiy quvvati 11 kVt bo‘lgan 20 ta panel o‘rnatdi. Energiyaning bir qismi maishiy ehtiyojlarga sarflanmoqda, ortiqchasi esa davlatga sotilayapti. Yil davomida stansiya unga salkam 14 mln so‘m keltirdi.

U Spot’ga bergan intervyusida energiyaga bo‘lgan ehtiyojlarni qanday hisoblab chiqqani, asbob-uskunani qanday tanlab olgani va o‘rnatgani, tizim qanchaga tushgani va qanday qilib ortiqcha energiyani tarmoqqa qayta sotayotgani haqida so‘zlab berdi.


G‘oyadan amaliy ishga

Birinchi marta quyosh panellarini o‘rnatish haqida 2023-yilda, elektr energiyasiga narxlar oshishi to‘g‘risida gapira boshlashganida o‘ylab ko‘rgandim. Lekin xususiy quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasini shahar tarmog‘iga sotishga subsidiyalar ajratishni o‘z ichiga olgan prezident farmonidan keyin bunga qat’iy qaror qildim.

Davlat panellar o‘rnatishni rag‘batlantiruvchi boshqa imtiyozlar ham joriy qildi. Masalan, 100 kVtgacha bo‘lgan quyosh stansiyalarining egalari mulk, yer va foyda solig‘idan ozod qilinadi. Bundan tashqari, panellar va QTEning (qayta tiklanadigan energiya) boshqa qurilmalarini sotib olishga imtiyozli “yashil” kredit olish mumkin.

Quyosh paneli o‘rnatgunimga qadar har uch oyda elektr energiyasi to‘loviga 1 mln so‘m atrofida sarf qilar edim. Shu bois, cheklovlarsiz iste’molni qoplash uchun menga qancha energiya zarur bo‘lishini hisoblab chiqishga qaror qildim.

Avvaliga biz eng “qimmat” oyda — ya’ni energiya iste’moli eng yuqori darajada bo‘lganda qancha elektr energiyasi sarflashimizni ko‘rib chiqdim. Bu sonni kilovatt-soatlarga (kVt/s) o‘tkazdim, bir oydagi kunlar soniga bo‘ldim va o‘rtacha kunlik iste’mol kelib chiqdi. Mening holatimda bu kuniga 10 kVt/s bo‘ldi.

Bu yerda aniqlab olish muhim: 10 kVt/s, bu- bir soatda emas, balki kun bo‘yi olish zarur bo‘lgan umumiy energiya miqdoridir. O‘zbekistonda kun davomida “samarali quyosh soatlari” deb ataladigan o‘rtacha 5−6 soat bo‘ladi, bu — quyosh panellari eng yuqori darajada mahsuldorlik bilan ishlaydigan vaqt. Demak, bir kunda 10 kVt/s olish uchun quyosh tizimi har soatda o‘rtacha taxminan 2 kVt ishlab chiqarishi kerak. Bu unchalik ko‘p emas — hatto kichik quyosh stansiyasi ham bu vazifani eplay oladi.

Shunday bo‘lsa-da, men zaxira qilishga qaror qildim. Uyimdagi eng yuqori yuklanma 5 kVtga yetishi mumkin — masalan, bir vaqtning o‘zida kondisioner, kir yuvish mashinasi va plita ishlaganida. Bulutli ob-havoda yoki yuqori darajada iste’mol qilinganda tizim “o‘tirib qolmasligi” uchun, men bu raqamni ikki marta ko‘paytirdim. Shunday qilib, 10 kVt quvvatga ega invertor kerak, degan xulosa chiqardim.

Zarur quvvatni aniqlab olgach, hujjatlarni rasmiylashtira boshladim. Quyosh panellarini o‘rnatish uchun qanday ruxsatnomalar va kelishuvlar zarur bo‘lishini aniqlash uchun, dastlab hokimiyat, mahalla qo‘mitasi va boshqaruv kompaniyasiga (BK) murojaat qildim. Menga qo‘shnilarning roziligi, mahalladan ma’lumotnoma va BK bilan shartnoma zarur bo‘ldi. Shu bilan o‘rnatishni boshlash mumkin edi.

Ko‘p xonadonli uyda yashayotganim uchun qo‘shnilarning roziligi kerak edi. Qo‘shnilarning bir qismi qarshi bo‘ldi: kimdir tomdagi panellar quyoshni to‘sib qo‘yadi deb qo‘rqdi, boshqa birov go‘yoki panellar radiatsiya tarqatadi yoki og‘irligi tufayli tomni teshadi, deb gapirdi. Ba’zilar boshqalarni loyihadan aynitish uchun hatto xonadonma-xonadon krib chiqishdi ham. Lekin yashovchilarning 50% dan ko‘pi meni qo‘llab-quvvatladi. Davom etish uchun shu yetarli bo‘ldi.

Imzolarni to‘plab bo‘lganimdan keyin uyda yashovchilar quyosh stansiyasini o‘rnatishimga e’tiroz bildirmayotganligi to‘g‘risida mahalla qo‘mitasidan ma’lumotnoma oldim.

Keyingi qadam — BK bilan shartnoma. Tomning panellar turadigan qismiga xizmat ko‘rsatishni o‘z zimmamga olishimni rasman mustahkamlab olishim kerak edi. Agar, masalan, suv o‘tib ketishi ro‘y bergudek bo‘lsa, avval muammo qayerda ekanligi aniqlanadi. Bordiyu, bu men poydevor qo‘ygan panelli qismda bo‘sa, ta’mirlash mening hisobimdan. Agar qo‘shnilar shu tufayli jabr ko‘radigan bo‘lsa, bu holda ham zararning o‘rnini qoplayman. Boshqa hollarda BK ta’mirlaydi.

abdurahmon yo‘ldoshev, quyosh panellari, shaxsiy tajriba

Foto:Yevgeniy Sorochin / Spot

Panellarni tayyorlash va tanlab olish

Kelishuvlardan so‘ng asbob-uskunalarni tanlab olishga kirishdim. Qaysi variant aynan to‘g‘ri kelishini tushunib olish uchun, quyosh panellarining har xil tiplarini o‘rganishdan boshladim.

Tizimlarning uchta asosiy tipi mavjud:

On-grid umumiy elektr tarmog‘i bilan birga ishlaydi. Kunduzi panellardan olinadigan energiya darhol ishlatiladi, ortiqchasi esa tarmoqqa ketadi. Akkumulyatorlar talab qilinmaydi, ammo agar elektr tokini o‘chirib qo‘yishsa, tizim ham ishlashdan to‘xtaydi. Xavfsizlik tizimi shunday o‘ylab chiqilgan. Bunday variant shaharlar uchun mos keladi va boshqalariga qaraganda arzonroq.

Off-grid tarmoqqa butunlay qaram emas va energiyani saqlash uchun akkumulyatorlar talab qiladi. U tarmoqqa ulanish bo‘lmagan olis hududlarda ham elektr bilan ta’minlaydi. Biroq bu tipni hatto ko‘rib chiqmadim ham, chunki menda nisbatan kichkina stansiyalar turibdi. Buning ustiga, bunday panel egasi o‘zi uchun elektr ishlab chiqaradi, lekin uni tarmoqqa “sota olmaydi”.

Shunday qilib on-grid va off-gridning ustunliklarini uyg‘unlashtirgan gibrid tizimiga yetib keldim. U tarmoqqa ulanadi va akkumulyatorlarga ega. Quyosh generatsiyasi mavjud bo‘lganda, yuklanma panellardan quvvat oladi, ortiqchalari esa tarmoqqa yoki akkumulyatorlarga ketishi mumkin. Tarmoq o‘chirib qo‘yilganda, tizim batareyalardan kuch olib ishlayveradi, oddiy on-grid buni ta’minlab bermaydi.

Narxi on-griddan qimmat, ammo zaxira quvvatlanish vazifasi bor. Bu men bir to‘xtamga kelgan eng universal variant bo‘ldi.

Do‘stlarim va tanishlarimning qo‘llab-quvvatlashi bilan bo‘lg‘usi quyosh tizimimning barcha detallarini sotib ola boshladim. 20 dona panellarning o‘zini $1815 ga sotib oldim. Qayta hisoblab chiqqanda 1 vatt menga $0,165 dan $0,185 gacha tushdi.

Panellarning texnik xususiyatlari

Butun tizimdagi eng asosiy narsa, bu — sinch (rom). U menga $500 ga tushdi. Rom panellar uchib ketmasligi va sinib qolmasligi uchun kerak. Men uni qalinligi 2 mm bo‘lgan 50×50 mmli to‘g‘ri burchakli trubadan yasadim. Konstruksiyaning og‘irligi 330 kg bo‘ldi.

Ba’zi birovlar tejab qolish uchun yupqaroq profillar qo‘yishadi, lekin qish shuni ko‘rsatdiki, bunday profillar sinib ketadi va yuklanmaga dosh berolmaydi. Panellarning o‘zi ham og‘ir — taxminan 560 kg.

abdurahmon yo‘ldoshev, quyosh panellari, shaxsiy tajriba

Foto: Iskandar Mirzaxmedov/ Spot

Shuningdek, tezligi bizning o‘lkalarda 25 km/soatga yetadigan, birdan kuchayishi esa 50 km/soatga yetishi mumkin bo‘lgan shamolni ham hisobga olgandim.

O‘rnatishdan oldin mavsumiylikni ham inobatga olish muhim, chunki quyosh stansiyalari har doim ham to‘la quvvat bilan ishlayvermaydi. Qishda yorug‘ kun qisqarishi, quyosh nurining jadalligi va fotonlar miqdori hatto ochiq ob-havoda ham pastroq bo‘lishi tufayli, mahsuldorlik ikki barobar pasayishi mumkin.

Yozda generatsiya cho‘qqisi 10:00—14:00ga to‘g‘ri keladi, biroq O‘zbekistondagi jazirama ham samaradorlikni kamaytiradi. Yuqori haroratda panellarning FIKi 70−80% ga kamayadi. Bu shu bilan bog‘liqki, quyosh panellari fotonlar va ionlashtiruvchi nurlanish asosida ishlaydi, havoning o‘ta qizib ketishi va ionlashishi esa unumdorlikka salbiy ta’sir qiladi.

Bundan tashqari, chang ham stansiyaning ishiga ta’sir o‘tkazadi: panellar, ayniqsa, yozda tez ifloslanadi. Masalan, ularni har ikki haftada yuvib turaman, lekin hatto shu vaqt ichida ham chang 10 ta paneldan 500 Vt gacha pasaytirishi mumkin. Shuning uchun qayd etilgan va haqiqiy quvvat orasidagi farq sezilarli bo‘lib, hisoblashlarda buni inobatga olish kerak.

Hozir menda 11 kVt quvvatga ega tizim o‘rnatilgan, ammo aslida u eng ko‘pi bilan 9,1 kVt beradi. Bu me’yordagi holat, chunki nominal qiymatlar STC standarti bo‘yicha — havo harorati 26 daraja, panellar quyoshga eng munosib yo‘naltirilgan laboratoriya sharoitlarida ko‘rsatiladi. Haqiqiy hayotda bunday sharoitlar o‘ta kam uchraydi.

Tushunib olish muhim: panelda ko‘rsatilgan 550 yoki hatto 700 Vtlik nominal quvvat u hamisha ham shuncha quvvat berishini anglatmaydi. Tavsifnomalardagi ishchi o‘lchamlarga mo‘ljal olish haqiqiyroq, lekin sotib olish paytida ularni kamdan-kam odam o‘qiydi.

STC-qiymatlar ham foydali: sovuqda va tarqoq yorug‘likda, panellar qayd etilganidan ko‘proq beradigan kunlar qishda kamdan-kam bo‘ladi. Bunday paytlarda inventor ortiqcha kuchlanishdan himoyaga o‘tib oladi va vaqtincha o‘chib qoladi — bu xavfli emas.

Yozda esa, harorat 25 °C dan baland bo‘lganda samaradorlik pasayadi va panellar kamroq ishlab chiqa boshlaydi. Shu bois yil davomida tizim barqaror ishlashi uchun loyihalashda qishdagi eng yuqori ko‘rsatkichlarni ham, yozdagi pasayib ketishlarni ham hisobga olish lozim.

Foto: Iskandar Mirzaxmedov/ Spot

Invertorlar va batareyalar

Men akkumulyatorlar va invertorlarni alohida elektr shitga uladim.

Ko‘pchilik agar 10 kVt lik quyosh stansiyasi o‘rnatilgan bo‘lsa, u quyosh chiqishi bilanoq to‘la quvvatda ishlab boshlaydi, deb xato o‘ylaydi. Aslida bunday emas. Quyosh energiyasi ishlab chiqish sutkaning vaqtlariga, quyosh nurlari tushish burchagiga va ob-havo sharoitlariga bog‘liq bo‘lib, quvvatlilik kun davomida doim o‘zgarib turadi.

Aynan shuning uchun panellarni qat’iyan janubga qaratib o‘rnatish tavsiya qilinadi. Janub tomondan quyosh eng ko‘p ko‘rinib turadi, ayniqsa, u tik kelgan tush paytida. Bunday mo‘ljal olish quyosh nuridan eng yuqori darajada samarali foydalanishga va eng ko‘p energiya ishlab chiqarishga imkon beradi.

Mening holatimda panellar 25 daraja burchak ostida mustahkamlangan va janubga qarab turadi. Panellar quyosh ortidan harakatlanmaganligi sababli, ishlab chiqarish jadvali xuddi egiluvchan yoy kabi ko‘rinadi: minimal kattaliklar ertalab va kechqurun, eng yuqori ko‘rsatkich esa tush paytida. Bu me’yordagi holat.

Ma’lumotlarni kuzatib borish uchun men real vaqtda ishlab chiqarish, iste’mol, yuklanma va tizimning boshqa o‘lchamlarini ko‘rsatuvchi Smart ESS ilovasidan foydalanaman. Unda kunlar va oylar bo‘yicha qulay statistika ham bor. Bulutli ob-havoda qanday qilib keskin ko‘tarilib-tushishlar yuzaga kelishi chizmalarda yaxshi ko‘rinib turadi, bu — quyosh faolligi pasayishini aks ettiradi.

abdurahmon yo‘ldoshev, quyosh panellari, shaxsiy tajriba

Foto: Smart ESS ilovasining skrinshoti

Amaliyotda panellar azimut bo‘yicha 150° dan 200°gacha mo‘ljal olganda eng ko‘p samaradorlikka erishiladi. Ushbu diapazondan og‘ishlar bo‘lganda, panelning unumdorligi sezilarli tushib ketadi.

Agar janub tomon binolar yoki daraxtlar bilan to‘silgan bo‘lsa, panellarni baribir o‘rnatish mumkin, ammo ishlab chiqarish kamroq bo‘ladi: og‘ish qanchalik kuchli bo‘lsa, yo‘qotishlar shunchalik sezilarli bo‘ladi.

Elektr o‘chirilganda stansiya avtomatik tarzda qaytadan ulanadi. Tashqi tarmoqqa ishlab chiqarish darhol to‘xtaydi — xavfsizlik tizimi shunday ishlaydi. Buyog‘iga panellar faqat uyga quvvat beradi, akkumulyatorlar esa energiya zaxirasini ta’minlaydi.

Mening ma’lumotim radiomuhandislik sohasida ekanligidan kelib chiqib, batareyalarni o‘zim yig‘dim. Mustaqil yig‘ganim hisobiga ular menga $2800 ga tushdi. Uya (yacheyka)larni Xitoy zavodidan alohida buyurtma qildim va ulardan 48V hamda 200 amper-soatli batareya yig‘dim. Uning xizmat muddati — 6 ming sikl atrofida. Lekin ular qanday sharoitlarda hisoblanishini tushunish muhim.

Agar hujjatlarga qaralsa, batareya bu miqdordagi sikllarga o‘z sig‘imining faqat 30%ni ishlatganda erishadi. Masalan, agar uya 40−60 daqiqa davomida tok berishi mumkin bo‘lsa, biz undan faqat uchdan bir qismini olamiz. Taxminan 30−35% quvvatlantirib va quvvvatsizlantirib.

Lekin amalda hammasi boshqacha. Mening batareyam 48 V va 200 amper-soatlik, bu — 9,6 kVt/ch. Agar har bir xonada qulay haroratni ta’minlash uchun men uchta kondisionreni ishga tushirsam, batareya 2 soatga yetadi. Xonada qulay haroratga erishilganidan so‘ng, yuklanma pasayadi — kondisionerlar vaqti-vaqti bilan yonib-o‘chib boshlaydi. O‘rtacha olganda, bu iste’mol taxminan 4,5 kVt, ya’ni men batareya sig‘imining 50% ini ishlataman, bu esa 0,5 koeffisient. Bunday rejimda u 6 ming sikl emas, qandaydir 2,5 ming sikl ishlab beradi.

Lekin bu baribir yaxshi ko‘rsatkich. Agar 2,5 mingni 365 kunga bo‘lsak, taxminan 6,5−7 yil hosil bo‘ladi. Batareya har kuni bitta sikl bo‘yicha quvvatlangan va quvvatsizlangan sharoitda shunday bo‘lib chiqadi.

Inventorlarga kelganda shuni aytish mumkinki, avvaliga men tafsilotlariga unchalik berilib o‘tirmay, bir tipdagi modellardan foydalandim. Turli variantlarni taqqoslay boshlaganimda, ko‘proq tushunib yeta boshladim. Dastavval menda 20 ta panel bor edi. Ularni alohida inventorlarga 10 tadan ulaganimda, barcha 20 tasini bittaga ulaganimdagiga qaraganda ishlab chiqarish yuqoriroq bo‘ldi. Bunday holatda yig‘indi quvvatlilik kutilayotgan 11 kVt o‘rniga 9,1 kVtga pasaydi.

Mening birinchi invertorim tizim ishga tushirilganidan ikki haftadan so‘ng kuyib qoldi. Ilova u haddan ortiq yuklanma tufayli o‘chib qolganini ko‘rsatdi, biroq ish jadvali bo‘yicha ko‘zga tashlanarli sakrashlar bo‘lmagan edi. Qurilmani qismlarga ajratib, shikastlangan simlarni topdim va hammasi zavoddagi nuqson tufayli degan fikrga bordim. Inventorni xuddi shudayiga almashtirdim va foydalanishda davom etdim.

Qizig‘i shuki, ham kuyib ketgan, ham yaroqli inventorni qismlarga ajratganimda, ularning ichki tarkibiy qismlari bir xil chiqdi. Ta’mirlash yangisi narxining taxminan 30−40%ga tushgan bo‘lardi, shuning uchun men shunchaki yangisini sotib olgan foydaliroq, degan qarorga keldim.

O‘zbekistonda inventorlarning ikkita asosiy tipi bor:

  • IP21 seriyali inventorlar: eng kam himoyalangan budjetdan beriladigan. Ularda, qoida tariqasida, chang va namga chidamsiz, himoyalanmagan ventilyator bo‘ladi.
  • IP65 himoyali inventorlar: 1,5−2 marta qimmatroq, lekin ular sifatli yig‘ilgan, germetik qobiqli va qayd etilgan quvvati haqiqiysiga yaqinroq.

Men IP65 li inventorni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Xitoydan buyurtma qildim. Yig‘ish sifati va funksionali bo‘yicha u ancha yaxshiroq edi. U to‘la quvvatni berishi uchun, panellar kirish joyida kattaroq, taxminan 1,5−2 marta ko‘proq nominal berishi zarur edi.

Agar budjet cheklangan, iste’mol esa o‘rtamiyona bo‘lsa, VIP 21 seriyali inventor olish mumkin. U keng tarqalgan, arzonroq va buzilib qolgudek bo‘lsa, almashtirish osonroq.

Hozir bozorda “aqlli” deb ataladigan invertorlar ko‘p, bu — har xil ishlab chiqaruvchilar tomonidan namunaviy tarkibiy qismlardan yig‘ilgan, seriyali bo‘lmagan qurilmalar. Logotiplar farq qilishi mumkin, ammo ularning ichki qismlari ko‘pincha bir xil bo‘ladi.

abdurahmon yo‘ldoshev, quyosh panellari, shaxsiy tajriba

Foto: Iskandar Mirzaxmedov/ Spot

Narxi va o‘zini qoplashi

Butun tizimni o‘rnatishga men dastlab $5000 sarfladim, ishga tushirish va qanday ishlashini tahlil qilib chiqish uchun oddiyroq tizim o‘rnatmoqchi edim. Lekin yig‘ish jarayonida doim qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar yuzaga kelaverdi, natijada summa $7000 gacha ortib ketdi.

Nomi


Bahosi (dollarda)

11 kvtlik quyosh paneli (20 dona)

1815

20 ta panellar uchun alyumin salazkalar va mahkamlagichlar

150

50*50*2 mmlik profil romi 170 m

500

Quyosh panellarining kabeli

150

Elektr shiti 160*80*30

140

10 kvt 48 V gibrid quyosh invertori (1 dona)

750

220 Vtlik kuchlanish relesi (1dona)

15

Qo‘shaloq o‘zgarmas tok avtomatlari (2 dona)

36

Qo‘shaloq o‘zgaruvchan tok avtomatlari (2 dona)

8

Avtomatlar qutisi (2 dona)

5

10 kv mmlik kabel — 10 metr

22

48V100 A/s 9,6 kVt/s litiy temir fosfat batareyasi

2800

Yig‘ish xizmatlari

680

Umumiy qiymati:

7071

Quyosh stansiyasini o‘rnatgunga qadar, energiyaning ortiqchasini tarmoqqa sotishimni tushunar edim. Shu bois, har oyda bank kartamga subsidiya olish uchun, xariddan so‘ng darhol Soliq.uz ga ariza berdim.

Subsidiya har bir oyning yakuni bo‘yicha hisoblab chiqiladi: agar tarmoqqa uzatilgan energiya hajmi, undan iste’mol qilinganidan ko‘p bo‘lsa, elektr energiyasi uchun to‘lash kerak emas, agar aksincha bo‘lsa, farq bo‘yicha to‘lov hsoblab chiqiladi.

Ayni paytda men Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasiga (Toshkent shahar ETK) bordim, u yerda o‘rnatilgan tizimning fotosuratini, kadastr va pasportni ko‘rsatdim. Ro‘yxatdan o‘tishga arizani ham o‘sha yerda rasmiylashtirdim va ro‘yxatdan o‘tganlikni tasdiqlatib oldim. Shundan so‘ng ular teskari hisoblagich o‘rnatishga so‘rov yuborishdi. Uyga qaytib, stansiyani ishga tushirganimda, u energiya ishlab chiqarish va to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishni boshladi.

Agar o‘zini qoplash haqida gap ketsa, odatda faqat tarmoqqa energiya sotishga ishlaydigan stansiyani nazarda tutishadi. 10 kVt quvvatli tizim uchun o‘zini qoplash muddati taxminan 24−30 oyni tashkil qiladi.

Lekin mening holatimda energiyaning bir qismini o‘zim ishlataman, shu tufayli butun energiya tarmoqqa sotilavermaydi va o‘zini qoplash muddati taxminan 5 yilgacha ortadi.

Shunga qaramay, davlat subsidiyasi tufayli, sarflarning bir qismi qaytib keladi. Agar 10 kVtga o‘rnatishni nazarda tutsak, subsidiya xarajatlarning sezilarli qismini qoplab beradi. Dastur 2030\yilgacha davom etishi tufayli, bu vaqt mobaynida tizim nafaqat o‘zini to‘liq qoplashga ulguradi, balki hatto panellar doimiy yemirilib borishi hisobga olinsada, foyda ko‘rinishida shuncha daromad ham keltiradi.

Elektrni davlatga qanday sotish mumkin?

Sotish jarayoni oddiy va muammosiz belgilangan. Asosiysi energiya hisobini yuritish qanday olib borilishini tushunish lozim. O‘zbekistonda bu HET Billing “Hududiy elektr tarmoqlari” ilovasi orqali yuritiladi.

U tarmoqqa uzatilgan haqiqiy quvvatni va elektr energiyasi umumiy sarfini ko‘rsatadi. U yerda kunlar bo‘yicha aks etadigan ikkita oqimni haqiqiy vaqtda ko‘rish mumkin.

abdurahmon yo‘ldoshev, quyosh panellari, shaxsiy tajriba


Foto: HET Billing ilovasidan skrinshot. Yashil chiziq bilan har kunlik qaytarish, ko‘k chiziq bilan har kunlik iste’mol belgilanadi.

Sotish jarayoni ancha oddiy. Menda elektr hisoblagichning chiqish joyiga ulangan invertor o‘rnatilgan. Umumiy tarmoqdan elektr hisoblagichga kelib tushadi. Invertordan kabel ham iste’mol amalga oshiriladigan klemmaga ulangan.

Iste’mol generatsiyadan ortib ketganda, tizim yetishmayotgan energiyani avtomatik tarzda tarmoqdan oladi. Agar quyosh stansiyasi iste’mol qilinayotganidan ko‘proq ishlab chiqsa, ortiqchasi tarmoqqa qaytarib yuboriladi. Bunday holda hisoblagichda ijobiy qiymat, ya’ni qaytarish qayd etiladi.

Masalan, agar quyosh stansiyasi 10 kVt ishlab chiqsa, uyda esa bu vaqtda faqat 5 kVt ishlatiladigan bo‘lsa, u holda qolgan 5 kVt atvomatik tarzda shahar tarmog‘iga ketadi. Kun davomida muntazam ravishdagi eng yuqori ishlab chiqarishlarda ilovada, masalan, sutka ichida tarmoqqa 50 kVt yuborilganini ko‘rish mumkin.

Tizim generatsiyadan joriy iste’molni avtomatik hisoblab beradi va faqat foydalanilmagan qoldiq tarmoqqa yuboriladi. Mana shu “qaytarish” HET Billingda “yashil chiziq” bo‘lib aks etadi.

Smart ESS’dagi ma’lumotlar invertorning o‘z ko‘rsatkichlariga asoslanishini va davlat bazasidagi rasmiy ma’lumolardan foydalanuvchi HET Billingdagi axborotdan farq qilishi mumkinligini tushunib olish muhim.

Tunda, panellar ishlamaganda, iste’mol — kondisionerlar, chiroq va maishiy texnika qolaveradi. Bu vaqtda 5−10 kVt ketadi va energiya shahar tarmog‘idan olinadi.

Menda qandaydir energiya “zaxirasi” bor deb o‘ylash mumkin, lekin bu shartli tushuncha: akkumulyatorlar ishlatilmaydi. O‘z paytida iste’mol qilinmagan hamma narsa umumiy tarmoqqa ketadi, hisoblagich esa ham uzatilgan, ham olingan energiya hajmini qayd etib boradi. Oy oxirida o‘zaro hisob qilinadi.

Masalan, 2024-yil iyulda mening tizimim 1201 kVt•s ishlab chiqdi, iste’mol esa 608 kVtni tashkil qildi. Oradagi farq menga ijobiy balans sifatida hisoblanadi va ortiqchalari kartaga to‘lov ko‘rinishida qaytariladi. Yil davomida men deyarli 14 ming kVt•s energiya sotib bo‘ldim. Davlat aholidan elektrni kVt/sga 1 000 so‘mdan sotib oladi.

abdurahmon yo‘ldoshev, quyosh panellari, shaxsiy tajriba

Foto:Yevgeniy Sorochin / Spot

Xulosalar

Bir yil davomida quyosh stansiyam deyarli 14 mln so‘m daromad keltirdi. Bu sezilarli foyda, ayniqsa, energiya avtomatik tarzda ishlab chiqilishi va doimiy ishtirokni talab qilmasligi hisobga olinsa.

Men 20 kVt o‘rnatishim mumkin edi, biroq quvvat oshirilgandagi texnik va normativ cheklovlarni hisobga olish muhim: bir fazali hisoblagich 13 000 Vtdan ko‘piga chidash berolmaydi, quvvati 20 kVt dan ortiq stansiyalarni esa Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasida quyosh generatsiyasi bozori shiddat bilan rivojlanayotgan 2025-yil sharoitlarida ro‘yxatdan o‘tkazish qiyin.