Bojxona qo‘mitasi jismoniy shaxslar tomonidan mobil qurilmalarni olib kirishda bojxona to‘lovlari to‘lanishi bo‘yicha yuzaga kelayotgan savollarga izoh berdi.
Hukumat qarori bilan shaxsiy ehtiyoj uchun O‘zbekistonga olib kiriladigan tovarlarning bojsiz olib kirish normalari havo transportida $1000, temir yo‘l va daryo transportida $500 hamda avtomobil (piyoda) o‘tkazish punktlari orqali $300 etib belgilangan. Bojsiz olib kirish normasidan ortiq qismiga 30% to‘lov undiriladi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 31-yanvardagi qaroriga asosan bojxona organlari tomonidan bojxona kirim orderini to‘ldirish va rasmiylashtirish uchun BHMning 25% i (103 ming so‘m) bojxona rasmiylashtiruviga yig‘im undiriladi.
Mobil qurilmaning bojxona qiymati cheklar, kvitansiyalar va boshqa tijorat hujjatlari bilan tasdiqlangan, ma‘lum qiymatdan kelib chiqqan holda aniqlanadi. Agar tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lmasa, bojxona organi tovarlarning bojxona qiymatini mustaqil ravishda belgilaydi.
Bunda bojxona yuk deklaratsiyalari elektron baza ma‘lumotlari va muqobil manbalardan olingan narxlardan foydalaniladi. Ushbu narxlarga ishlab chiqaruvchi korxonalar yoki yetkazib beruvchilarning rasmiy e‘lon qilinadigan ma‘lumotnomalari, byulletenlari, prays-varaqlari va boshqa ishonchli manbalar kiradi.
Bojxona qo‘mitasi buni fuqarolar tomonidan eng ko‘p qiziqish bildirilayotgan iPhone 17 telefonini olib kirishda undiriladigan to‘lovlar misolida tushuntirdi.
Mobil qurilmaning bojxona qiymati mavjud hujjatlar asosida aniqlanadi. Xarid cheki mavjud bo‘lmagan taqdirda esa, narx Apple‘ning fuqaro kelayotgan davlatdagi rasmiy sayti ma‘lumotlaridagi narxlarga asosan hisoblanadi.
Qo‘mitaning qayd etishicha, telefonlarning bojxona qiymati ular olib kirilayotgan davlatdagi narxlarga bog‘liq bo‘ladi.
Quyidagi jadvalda AQSh, BAA, Janubiy Koreya hamda Xitoydan iPhone 17‘ni olib kirishdagi to‘lovlar haqida maʼlumot berilgan:
Misol uchun, BAAdan olib kirilayotgan iPhone 17 Pro Max (256 GB) narxi ushbu mamlakatda 5 099 dirxam (Markaziy bankning 2-oktabrdagi kursi bo‘yicha — $1388,2, internet manbalarida — $1388,43) ni tashkil etadi. Ushbu narxlar asosida bojxona qiymati aniqlanadi.
Shundan kelib chiqib, qo‘mita iPhone 17‘ni rasmiylashtirish jarayonida qo‘llanilayotgan bojxona qiymati haqidagi ma‘lumotlarni ular eng ko‘p olib kirilayotgan davlatlar kesimida taqdim etib borishini ma’lum qildi.
Havo yo‘llari orqali kirib kelayotgan jismoniy shaxslar shaxsiy ehtiyoj uchun 2 dona mobil qurilmalarni olib kirishlari mumkin. Ushbu qurilmalar yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilishi shart. Mazkur deklaratsiya mobil qurilmalarni UzIMEI tizimidan ro‘yxatdan o‘tkazishda asos bo‘ladi.
Sentabr oyi boshida Apple yangi iPhone 17 smartfonlarini taqdim etdi. iPhone 17 — $799, iPhone Air — $999, iPhone 17 Pro — $1099, 17 Pro Max — $1199 ga baholanib, sotuv 19-sentabrdan boshlandi.
Spot, avvalroq, Toshkent aeroportida qiymati 230 mln so‘mlik iPhone 17 Pro Max‘ni noqonuniy olib kirmoqchi bo‘lgan shaxs ushlangani haqida yozgandi.