Qambarota GES-1 qurilishi loyihasining dastlabki qiymati $4,2 mlrdga baholanmoqda. Bu haqda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Vazirning qayd etishicha, sentabr oyida Bryusselda loyiha bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda ishtirok etgan Jahon banki, YTTB, YIB, OIIB, OTB, OPEC jamg‘armasi hamda Italiya moliya institutlari gidroelektr stansiyasi qurilishini moliyalashtirishga qiziqish bildirgan.

Mirzamahmudovga ko‘ra, Qambarota GES-1 mintaqadagi birinchi yirik loyiha sifatida hujjatlar hali tayyor bo‘lmasdan turib ham xalqaro moliya institutlarining e’tiborini tortmoqda.

“Oldin bunday loyihalarni muhokama qilish uyog‘da tursin, gapirish ham mumkin emasdi. Bugun esa tashkil etilayotgan muloqotlarni xalqaro moliya institutlari ham yuqori darajada baholamoqda. Ular O‘zbekiston prezidentining roli yuqori ekanligini e’tirof etdi. Davlat rahbari qo‘shni mamlakatlar bilan iqtisodiy hamkorlikni ustuvor vazifa sifatida belgilamaganda va loyihada ishtirok etish tashabbusini bildirmaganda hozirgi natijaga erishmagan — donorlarning ro‘yxati shakllanmagan bo‘lardi”, — dedi vazir.

Uning ta’kidlashicha, amalga oshirilayotgan islohotlar hamda barqaror o‘sish natijasida O‘zbekiston loyihaga resurs ajratishga tayyor. Qambarota GES-1 mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirishi hamda ishtirokchi davlatlarning iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, loyiha xalqaro konsultantlar tomonidan tayyorlanib, ekologiya, xavfsizlik hamda iqtisodiy mezonlar asosida amalga oshiriladi. Shu bilan birga, unda milliy manfaatlar inobatga olinadi.

“Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, Qambarota GES-1 loyihasining qiymati $4,2 mlrdga baholanmoqda, $5,6 mlrdlik moliyaviy portfel shakllantirilgan”, — dedi Jo‘rabek Mirzamahmudov.

Energetika vaziri loyiha doirasida hukumatlararo kelishuv ishlab chiqilishi, uchta mamlakat ishtirokida qo‘shma korxona tashkil etilib, operator belgilanishini aytdi. Qo‘shma korxonada O‘zbekiston va Qozog‘iston ulushi mos ravishda 33% ni, Qirg‘izistonniki esa 34% ni tashkil qiladi.

Mirzamahmudovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston o‘z ulushi doirasida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini xarid qilish huquqiga ega bo‘ladi. Biroq, loyiha tijoriy tamoyillarga asoslangani sababli stansiya ishga tushgach, mamlakatlarda energiya iste’moliga talab oshsa, ehtiyojdan kelib chiqib, elektr energiyasini ko‘proq hajmda olish imkoni yaratiladi. Qo‘shma korxona talab va taklif asosida boshqariladi, dedi vazir.

Shuningdek, Qambarota GES-1 loyihasi mintaqada “yashil” energiya resurslaridan foydalanish imkoniyatini oshirish va suv resurslarini to‘g‘ri boshqarish imkonini beradi. Loyihaning ekologik afzalligi — to‘g‘on atrofida suv ko‘paygan taqdirda aholini ko‘chirish talab etilmaydi.

Dastkabki hisob-kitoblarga ko‘ra, loyiha bilan yozgi vegetatsiya davrida qo‘shimcha suv resurslarini yetkazib berish mumkin bo‘ladi. Buning uchun faqat ish tizimini to‘g‘ri tashkil etish kerak, — ta’kidladi vazir.

2023-yil yanvar oyida O‘zbekiston va Qozog‘iston Qirg‘izistonda GES qurilishiga qo‘shildi. Qambarota GES-1 mamlakatning eng yirik elektr stansiyasiga aylanishi va qo‘shni davlatlarni energiya bilan ta’minlashi kutilmoqda.

Joriy yilning may oyida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston Jahon bankidan Qambarota GES-1 qurilishi uchun yordam so‘radi. OTB loyihaga $150 mlngacha mablag‘ ajratishni rejalashtirmoqda.

Avvalroq Spot energetika vaziri Afg‘oniston O‘zbekistonga o‘z hududida geologiya-qidiruv ishlari uchun litsenziya bergani haqida ma’lum qilganini yozgandi.