O‘zbekistonda pulli yo‘llar 2030-yildan avval ishga tushirilmasligi mumkin. Bu haqda Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining bosh huquqiy maslahatchisi Hasan Umarov Qonunchilik palatasining YouTube kanaliga bergan intervyusida maʼlum qildi.
Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farhod Zayniyev o‘z hisob-kitoblarini taqdim etdi. Unga ko‘ra, pulli yo‘llarni joriy etish O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotini 2−3% ga oshirish imkonini beradi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mahallalar ichidagi yo‘l infratuzilmasining sifati aholini eng ko‘p tashvishga solayotgan masalalardan biri. Masalan, “Tashabbusli budjet” mablag‘larining yarmidan ko‘pi yo‘llarni taʼmirlashga yo‘naltirilgan.
“Maqsadimiz — ichki yo‘llar va umumiy foydalanishdagi yo‘llarni byudjet mablag‘lari bilan qamrab olishdir. Pulli yo‘llarning joriy etilishi, birinchidan, tirbandlik muammosini hal qilishga yordam beradi, ikkinchidan esa, yangi yo‘llar qurilishi uchun qo‘shimcha xarajatlardan qochish imkonini beradi”, dedi Oliy Majlis deputati.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi vakilining tushuntirishicha, pulli yo‘llar hisobiga davlat mavjud mablag‘larni amaldagi yo‘llarga xizmat ko‘rsatish uchun sarflash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Hasan Umarov O‘zbekistonda pulli yo‘llar qachon paydo bo‘lishi haqidagi savolga javob berar ekan, Toshkent — Samarqand va Toshkent — Andijon yo‘llari loyihalarini amalga oshirish 5−6 yilga mo‘ljallanganini taʼkidladi. Shunday qilib, ularni faqat 2030-yildan keyin ishga tushirish mumkin bo‘ladi.
“Bugungi kunda ushbu ikki loyihani ishga tushirishga xorijiy investorlar so‘ragan, mazkur sohani tartibga soluvchi hujjatning yo‘qligi to‘sqinlik qilmoqda. Qonun mavjud bo‘lmagani sababli loyihalarni boshlash imkoni bo‘lmadi”, deya xulosa qildi u.
23-sentabr kuni Qonunchilik palatasi yangi tahrirdagi “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida"gi qonun loyihasini asosiy va yakuniy o‘qishlarda qabul qildi. Ushbu hujjat yo‘l xo‘jaligi sohasiga yangi mexanizmlar va meʼyorlarni joriy etish bilan birga, O‘zbekistonda pulli avtomobil yo‘llari tarmog‘ini barpo etish uchun huquqiy asos yaratadi.
Pulli yo‘llar
O‘zbekistonda pullik yo‘llar masalasi 2018-yildan beri muhokama qilinmoqda. O‘sha paytda Germaniyaning GP Günter Papenburg kompaniyasi birinchi pulli harakatli yo‘l loyihasini ishlab chiqishga jalb etilgan edi. Spot ushbu mavzu bo‘yicha voqealar xronikasini eʼlon qilgandi.
2019-yil fevralida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi (O‘zavtoyo‘l) “Pulli avtomobil yo‘llari to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ishlab chiqdi. Unda yo‘l haqi miqdorini belgilash mexanizmlari va to‘lovni undirish usullari ko‘rsatilgan edi. Hujjat jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi, biroq qabul qilinmadi.
2024-yil qishida pulli avtomagistrallarni tartibga soluvchi alohida qonun qabul qilinishi rejalashtirilayotgani haqida yana gap ketdi. Strategik islohotlar agentligi direktori Bahodir Rahmatov mazkur hujjat pulli yo‘llarni qurish va ulardan foydalanish uchun huquqiy asos yaratishini, shuningdek, to‘lov va uning taqsimlanishini tartibga solishni belgilab berishini taʼkidladi.
So‘nggi yillarda Toshkent-Samarqand va Toshkent-Andijon yo‘nalishlari bo‘yicha ikkita pulli yo‘l loyihasi muhokama qilinmoqda. Ikkinchisining qiymati bir necha bor qayta ko‘rib chiqildi: 2022-yil bahorida qurilish $2,83 mlrdga, 2024-yilda esa $4,65 mlrdga baholandi. Poytaxtdan Samarqandgacha bo‘lgan yo‘l esa $1,4 mlrdga baholangan edi.
Transport vazirligi joriy yilning yanvarida Toshkent — Andijon yo‘li loyihasining birinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha tender eʼlon qildi. Unga Toshkent — Angren — Qamchiq dovoni qismini loyihalashtirish, qurish, moliyalashtirish va xizmat ko‘rsatish kiradi. Arizalar qabul qilish muddati ikki marta uzaytirildi.
Mart oyida prezidentga Toshkent — Samarqand avtomobil yo‘lining texnik-iqtisodiy asoslarini yaratish bo‘yicha ishlar yakunlangani haqida maʼlumot berildi. Uzunligi taxminan 300 kilometr bo‘lgan magistral yo‘l safar vaqtini uch soatgacha qisqartiradi va mavjud yo‘lga tushadigan yukni kamaytiradi.
Avvalroq pulli yo‘llardan foydalanish radar uchun jarimadan arzonroq tushishi haqida xabar berilgandi.