RVB MCHJ — Wildberries & Russ birlashgan kompaniyasi UzPost (O‘zbekiston pochtasi) pochta aloqa operatorining davlat ulushini sotib oldi. Bu haqda vaziyatdan xabardor manba Spot’ga ma’lum qildi.
RBK nashri Rossiya bozoridagi ikkita manbasiga tayanib, Wildberries UzPost xususiylashtirish ishtirokchisiga aylangani haqida xabar berdi.
“Pochta operatorini sotib olish bo‘yicha bitim ancha vaqtdan beri tayyorlanayotgan edi va Rossiya marketpleysining O‘zbekistonda keng ko‘lamli rejalari bor”, — degan suhbatdoshlardan biri.
12-oktabr kuni Gazeta UzPost’dagi davlat ulushining xaridori Rossiyaning onlayn platformasi ekani, biroq barcha zarur hujjatlar rasmiylashtirilgani va ulushning qancha qismi sotilgani hozircha noma’lumligi haqida yozdi. Bungacha Vaqt.uz bosh muharriri Shuhrat Shokirjonov O‘zbekiston pochtasi’ni Wildberries sotib olganini aytgandi.
O‘zbekiston hukumati, jumladan, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ham, Wildberries ham UzPost xususiylashtirilishiga rasman izoh bermadi. Bitim qiymati ochiqlanmagan.
Kuni kecha Uzum raqamli ekotizimi infratuzilmani modernizatsiya qilish, logistika va filiallar tarmog‘ini rivojlantirish, shuningdek, UzPost’da raqamli yechimlarni joriy etish bo‘yicha loyihalarga sarmoya kiritishga tayyorligini bildirdi.
Uzum asoschisi va bosh direktori Jasur Jumayev dunyoda elektron tijorat milliy pochta operatorlarining drayveri va asosiy hamkoriga aylanib borayotganini ta’kidlab, UzPost kompaniyaning uzoq yillik strategik hamkori ekanligini qayd etdi.
“2026-yilda buyurtma topshirish bo‘yicha hamkor punktlar sonini mamlakat bo‘ylab 1000 dan ortiqqa, pochta infratuzilmasi yordamida yetkazib berilgan buyurtmalar sonini esa Uzum Market bilan umumiy buyurtmalar sonining 10%igacha oshirishni rejalashtiryapmiz”, — dedi u.
Shuningdek, Jasur Jumayev kelgusi 3−4 yil ichida Uzum mamlakatga $1,5 mlrddan ortiq sarmoya kiritishini ta’kidladi. Kompaniya O‘zbekiston pochtasi bilan birgalikda logistika infratuzilmasini rivojlantirishni ko‘zda tutgan.
O‘thgan hafta yakunida UzPost pochta operatori xususiylashtirilgani ma’lum bo‘ldi. Tarmoqlarda O‘zbekiston pochtasini Wildberries sotib olgani haqida xabarlar tarqaldi.
Undan keyin UzPost pochta operatori xususiylashtirilish bo‘yicha izoh berib, investitsiyalarni jalb qilish rejalarini ma’lum qildi. Kompaniya yirik investorni jalb etish bilan bog‘liq o‘zgarishlar rasman ochiqlanishini qayd etdi.
O‘zbekiston pochtasi infratuzilmani modernizatsiya qilish, logistikani rivojlantirish, raqamli yechimlarni joriy etish, pochta tarmog‘ini kengaytirish, shu jumladan qishloq va olis hududlarda pochta jo‘natmalari va posilkalarni qayta ishlash hamda yetkazib berish quvvatlarini yaratish uchun investitsiyalarni jalb etish masalasini ko‘rib chiqmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekiston pochtasi’ning aksiyadorlari sifatida davlat tashkilotlari — Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, shuningdek, davlat ishtirokidagi beshta korxonalar va 16 mingdan ortiq yuridik va jismoniy shaxslar ishtirok etmoqda.
Avvalroq Spot Anadolu Isuzu SamAuto’ning 75,2% davlat ulushini $80 mlnga sotib olishi haqida xabar berilgandi. Bitimdan tashqari, Turkiya kompaniyasi katta sig‘imli avtobuslar va elektrobuslar ishlab chiqarishga $80 mln sarmoya kiritadi.