Shavkat Mirziyoyev 9-oktabr kuni Dushanbeda o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo — Rossiya” formatidagi ikkinchi sammitda bir qator tashabbuslarni ilgari surgani haqida xabar berilgandi. Xususan, O‘zbekistonda atom energetikasi bo‘yicha mintaqaviy vakolatlar markazini tashkil etish, “Markaziy Osiyo va Rossiya energetika hamkorligi” dasturini ishlab chiqish hamda “yashil” texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni kengaytirish taklif qilindi.
Energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida energetika bo‘yicha hamkorlik dasturi Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarda energetika siyosatini muvofiqlashtirish imkonini berishini ma‘lum qildi. Har bir davlat o‘z energetika strategiyasini amalga oshiradi.
“Markaziy Osiyo bilan Rossiya energetika tizimi parallel ravishda ishlaydi. Masalan, Qozog‘istonda ko‘mir mahsuloti, Turkmanistonda gaz resurslari ko‘p. O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalari — quyosh va shamol energetikasi, Tojikiston va Qirg‘izistonda esa suv resurslariga yuqori salohiyat mavjud. Bularning barchasini hamkorlikda, integratsiyalashgan holda rejalashtirish, hamma davlatlar uchun yutuqli bo‘ladi”, — dedi u.
Umid Mamadaminovning aytishicha, uglevodorodlarni qazish va qayta ishlashda Rossiya texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, mamlakat bilan qo‘shma korxonalar tashkil etish taklif qilingan.
Yana bir muhim yo‘nalish — energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va “yashil” energiyani rivojlantirish. Energetika vaziri o‘rinbosari O‘zbekiston hozir Markaziy Osiyoda “yashil” energiyaga o‘tish bo‘yicha yetakchi davlatlardan biri hisoblanishini qayd etdi.
Mamadaminov MDH sammitida hamkorlikda energetikani, jumladan, an’anaviy va “yashil” energiyasni innovatsion rivojlantirish masalalari ham muhokama qilinganini eslatdi.
“Bu MDHga a‘zo davlatlar birgalashib, energetika tizimini bir-biriga integratsiyalashgan holda rivojlantirishini anglatadi. Bunday tajriba Yevropa va Janubiy Afrikada mavjud. Mintaqa davlari o‘rtasida energetika bozorini tashkil etish har bir davlatga elektr energiyasini kerak paytda bir-biridan sotib olish yoki sotish imkonini beradi”, — dedi Umid Mamadaminov.
U bildirilgan takliflar ham milliy, ham mintaqaviy darajada energiiya barqarorligini ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Avvalroq energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Qambarota GES-1 qiymati $4,2 mlrdga baholangani, $5,6 mlrdlik moliyaviy portfel shakllantirilganini ma’lum qilgandi. U O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston ishtirokidagi loyiha doirasida mamlakatlar o‘z ulushlari doirasida elektr energiyasini sotib olishlari mumkinligini qayd etdi.