Shavkat Mirziyoyev Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida bir qator amaliy takliflar bilan chiqdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, takliflar ko‘p tomonlama hamkorlik samaradorligini oshirish hamda mamlakatlar iqtisodiyoti barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan.
Jumladan, O‘zbekiston yetakchisi global beqarorlik sharoitida MDH formati barqaror va zarur tuzilma sifatida o‘zini namoyon etayotganini taʼkidlab, eʼtiborni hamkorlikning amaliy yo‘nalishlariga qaratishni taklif qildi.
Xususan, barcha transport turlari bilan integratsiyalashgan axborot-logistika markazlarini yaratish hamda transport sohasida davlat-xususiy sheriklik masalalari bo‘yicha MDH mamlakatlari konferensiyasini O‘zbekistonda o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi.
Shuningdek, maxsus iqtisodiy zonalarni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tayyorlash, MDH Venchur platformasini yaratish orqali startaplar va innovatsiyalarni ilgari surish taklif qilindi.
Prezident O‘zbekiston Toshkent shahrida “INNOPROM” ko‘rgazmasi doirasida MDH innovatsion sanoat forumini o‘tkazishga tayyorligini maʼlum qildi.
Shu bilan birga, MDH energetika sektorini innovatsion rivojlantirish dasturini ishlab chiqish va anʼanaviy hamda “yashil” energetika bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish taklifi bildirildi.
Davlat rahbari raqamlashtirish va sunʼiy intellekt sohasida ko‘p tomonlama amaliy harakatlar rejasini ishlab chiqish, shuningdek, fan, taʼlim va madaniyat sohalarida hamkorlikni kengaytirishni taklif qildi.
Bundan tashqari, diplomlarni o‘zaro tan olish bo‘yicha yangi davlatlararo kelishuvni tayyorlash, shuningdek, Xivada MDH Yoshlar forumini o‘tkazib, Yoshlar innovatsiya laboratoriyasini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
Yana bir masala — xavfsizlik. Shavkat Mirziyoyev MDH mamlakatlari tashqi siyosat idoralari va maxsus xizmatlar o‘rtasida muvofiqlashtiruvni kuchaytirishni taklif qildi.
Afg‘onistondagi vaziyatga alohida eʼtibor qaratilib, ushbu mamlakatdagi infratuzilma loyihalarida birgalikda ishtirok etish ilgari surildi.
Spot, avvalroq, Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo — Rossiya” formatidagi ikkinchi sammitda bildirgan takliflari haqida yozgandi.
