Shavkat Mirziyoyev 15-oktabr kuni Toshkentning Shota Rustaveli ko‘chasida amalga oshirilgan rekonstruksiya ishlarini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ko‘chaning Mirobod ko‘chasidan Choshtepa ko‘chasigacha bo‘lgan qariyb 7 kilometr qismi rekonstruksiya qilindi. Hozirda 10 ta qatnov qismiga bo‘lingan yo‘lning 6 ta tasmasida avtomobillar, maxsus ajratilgan 2 ta yo‘nalishda avtobuslar harakatlanadi. Qolgan 2 ta yo‘lak esa avtomobillar to‘xtab turishi uchun mo‘ljallangan.
Prezident davlat va jamoat tashkilotlari vakillari bilan birgalikda avtobusda yurib, qulayliklarni ko‘rdi, yo‘lovchilar bilan suhbatlashdi.
BRT (Bus Rapid Transit) tizimi asosida amalga oshirilgan loyihaning umumiy qiymati $19,2 mlnni tashkil etadi. Natijada yo‘lovchi oqimi soatiga 2500 dan 6 ming kishiga ortdi. Shuningdek, sutkasiga 40 mingta avtomobil o‘tkazish imkoniyati yaratilib, o‘rtacha tezlik soatiga 23 km.dan 30 km.ga yetkazildi.
Avtobuslar to‘xtashi uchun 21 ta yangi bekat, 463 ta “aqlli” svetofor o‘rnatildi. Intellektual transport tizimi joriy etildi. Yo‘l bo‘yida avtomobillar to‘xtab turishi uchun ham sharoit inobatga olingan. Velosiped yo‘laklari, yashil hududlar, sug‘orish va drenaj tizimlari barpo etildi.
Shu yerda Toshkentda alohida ajratilgan avtobus yo‘laklarini uzaytirish, shahar atrofida transport bog‘lamalari tashkil etish loyihalari taqdimot qilindi.
“Agar metro yo‘llari qurmaganimizda, yangi avtobuslar olib kelmaganimizda bugun Toshkentda transport qatnovi qiyin bo‘lardi. Shuning uchun odamlarni rozi qilish nuqtai nazaridan yo‘llarni to‘g‘rilayapmiz, jamoat transportini rivojlantiryapmiz. Bunday ishlarni barcha shaharlarimizda davom ettiramiz”, — dedi prezident.
Davlat rahbari mutasaddilarga jamoat transporti uchun qulayliklarni oshirib, tirbandlikni kamaytirish, shaharni Yangi Toshkent bilan samarali bog‘lash borasida topshiriqlar berdi.
7-oktabrdan ushbu ko‘chada ishga tushgan BRT tipidagi yo‘lakda 38-, 57- va 58-sonli yo‘nalishlar harakati boshlangandi. Transport vazirligi aholi hamda haydovchialr uchun ushbu hududda harakatlanish bo‘yicha qisqa qo‘llanma taqdim etdi.