O‘zbekiston 2025-yilda Rossiya tabiiy gazi importini 2 mlrd kub metrdan ko‘proqqa oshiradi, deya xabar berdi Rossiya hukumati matbuot xizmati.
16-oktabr kuni Rossiya energetika haftaligi doirasida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak bilan uchrashdi.
Tomonlar neft-gaz va elektr energetikasi sohalarida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish, shuningdek, investitsiya loyihalarini amalga oshirish va ushbu yo‘nalishlarda olib borilayotgan ishlarni muhokama qildilar.
Rossiya hukumati Gazprom O‘zbekistonga yiliga 7,7 mlrd kub metr tabiiy gaz yetkazib berish shartnomasi ijrosini davom ettirayotganini ma’lum qildi. Bu miqdor 2024-yilda yetkazib berilganidan 2 mlrd kub metr ko‘pdir.
“Shu bilan birga, gaz, jumladan suyultirilgan tabiiy gaz yetkazib berish hajmini sezilarli darajada oshirish istiqbollari mavjud”, — deyiladi xabarda.
2024-yilda O‘zbekistonga 233,5 ming tonna Rossiya nefti yetkazib berildi. Ikki mamlakat neft-gaz kompaniyalari O‘zbekiston hududida qazib olinishi qiyin bo‘lgan konlarni o‘zlashtirish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda, deya qo‘shimcha qildi Rossiya hukumati.
O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, Gazprom O‘zbekistonga 5,64 mlrd kub metr gaz eksport qildi. Bu 2023-yilga nisbatan 4,36 mlrd kub metr yoki 4,4 barobar ko‘p hajmni tashkil etdi.
O‘tgan hafta Gazprom rahbari Aleksey Miller ma’lum qilishicha, Rossiya joriy yilning sakkiz oyi davomida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga tabiiy gaz yetkazib berishni 15% ga oshirgan.
Gaz ittifoqi
Rossiya gazining Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga yetkazib berilishi 2023-yilning 7-oktabrida boshlandi. Qozog‘iston Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yil oxirigacha tranzit hajmi 800 mln kub metrni tashkil etib, yillik hajm 2,8 mlrd kub metr yetishi kutilmoqda.
Oktabr oyi oxirida Aleksey Miller Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya 15 yilga mo‘ljallangan gaz sohasidagi hamkorlik bitimini muhokama qilayotganini ma’lum qildi. Yetkazib berish hajmini oshirish uchun Rossiya davlat kompaniyasi “Markaziy Osiyo — Markaz” gaz quvuri tizimini kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Fevral oyi boshida Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Oleg Malginov O‘zbekiston va Rossiya “ma'lum miqdorda gaz yetkazib berishni ko‘paytirish” bilan yangi uzoq muddatli gaz shartnomasini tuzish masalasini muhokama qilayotganini bildirdi.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston o‘tgan yili Rossiyadan tabiiy gazni ichki tariflardan ancha qimmat narxda sotib olgan. Ming kub metr narxi $160ni tashkil etgan — bu Turkiya va Xitoy uchun belgilangan narxlardan ancha past. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Rossiya va Turkmanistondan import qilingan gaz narxini konfidensiallikka tayangan holda oshkor qilmadi.
2025-yilda “Gazprom” O‘zbekistonga tabiiy gaz yetkazib berishni to‘rt baravarga — 2,8 mlrd kub metrdan 11 mlrd kub metrgacha oshiradi.