Rossiya 2025-yilning sakkiz oyida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga tabiiy gaz yetkazib berishni 15% ga oshirdi. Bu haqda 9-oktabr kuni Gazprom boshqaruvi raisi Aleksey Miller Peterburg xalqaro gaz forumining yalpi majlisida ma’lum qildi.
Miller Xitoyga loyihalashtirilayotgan Sibir kuchi-2 magistral gaz quvurini Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekistonga Rossiya gazini yetkazib berishni ko‘paytirish katalizatorlaridan biri deb atadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyoti jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Yaqin besh-olti yil ichida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston iqtisodiyotining umumiy hajmi 60% ga o‘sishi mumkin. Bu, o‘z navbatida, energiya va gaz sarfining oshishiga olib keladi.
“2025-yilning sakkiz oyini 2024-yilning xuddi shu davri bilan solishtiryapmiz. Rossiya gazining Markaziy Osiyoga yetkazib berish hajmi, bu yerda men aynan uchta mamlakatni — O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istonni nazarda tutyapman, 15% ga oshgan. Bu juda katta hajmlar”, — deya ma’lum qildi Gazprom rahbari.
O‘zbekiston dastlabki sakkiz oy ichida Turkmaniston va Rossiyadan tabiiy gaz importini 27,9% ga qisqartirib, $885,9 mlnga tushirdi. Aprel oyidan boshlab oylik yetkazib berish hajmi $100 mlndan oshib ketdi, iyun oyida esa rekord darajadagi $286,3 mlnga yetdi.
Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo va Rossiya o‘rtasida agroekspressni yo‘lga qo‘yishni taklif qilgani haqida yozgandi.
