iPhone va iPad’dan foydalanuvchi 55 kishidan iborat guruh Apple ustidan Xitoy bozorni tartibga solish davlat boshqarmasiga (SAMR) jamoaviy shikoyat bilan murojaat qildi. Bu haqda da’vogarlar manfaatlarini himoya qiluvchi advokat Van Szyunfeyga tayanib, Reuters xabar berdi.
Foydalanuvchilar kompaniyani iOS uchun ilovalarni tarqatish bozoridagi ustun mavqeini suiiste’mol qilishda aybladi.
Murojaatchilarning so‘zlariga ko‘ra, Apple Xitoyda iOS-ilovalarni tarqatish bo‘yicha monopoliyani saqlab qoladi, ilova ichidagi xaridlar va App Store’dagi tranzaksiyalardan 30% gacha komissiya oladi.
Foydalanuvchilarning ta’kidlashicha, boshqa bozorlarda, jumladan Yevropa Ittifoqi va AQShda regulyatorlar bosimi ostida Apple allaqachon muqobil ilovalar do‘konlari va uchinchi tomon to‘lov usullariga ruxsat bergan, ammo Xitoyda bunday o‘zgarishlar bo‘lmagan.
Apple hozircha shikoyatga izoh bermadi. Agentlikning eslatishicha, Van Szyunfey 2021-yilda ham xuddi shunday ariza bergan, biroq sud uni 2024-yilda rad etgan. Hozir yurist o‘sha qaror ustidan shikoyat qiladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, agar shikoyat qabul qilinsa, Xitoy regulyatorlari birinchi marta mamlakatda boshqa raqamli xizmatlar ustidan nazorat kuchaytirilganiga qaramay, shu paytgacha bo‘lib kelgan App Store tarqatish modeliga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qilishi mumkin.
Avvalroq Spot Apple Yevropada AirPodsning tarjima funksiyasini cheklagani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, kompaniya pauzadan xizmatni takomillashtirish va uni Yevropa Ittifoqi qonunchiligiga to‘liq moslashtirish uchun foydalanadi.