Avvalroq prezident Navoiy xalqaro aeroporti faoliyati samaradorligini oshirish hamda aviatsiya korxonalarini transformatsiya qilish yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Yig‘ilishda fuqaro aviatsiyasi korxonalarini transformatsiya qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Korxonalar faoliyati samaradorligini oshirish va moliyaviy barqarorlikni taʼminlash maqsadida xarajatlarni qisqartirish, resurslardan oqilona foydalanish hamda asosiy faoliyat turiga xos bo‘lmagan xizmatlarni autsorsingga o‘tkazish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar haqida axborot berildi.

Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish, elektr energiyasida harakatlanuvchi maxsus transport vositalaridan foydalanish orqali ekspluatatsion xarajatlarni kamaytirish zarurligi qayd etildi.

2026-yildan boshlab Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airports aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan nosohaviy faoliyatni moliyalashtirish to‘xtatilishi belgilandi. Uzbekistan Airports faoliyati 18 ta, Uzbekistan Airways faoliyati esa 16 ta ustuvor vazifa asosida amalga oshiriladi.

Jumladan, korxonalarda xizmatlar sifatini oshirish orqali raqobatbardoshlikni mustahkamlash, xizmat va mahsulot tannarxini hisoblashda maqbul metodologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish jarayonlarining barcha bosqichlarini raqamlashtirish, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.

Transformatsiya doirasida tashkiliy tuzilmalarni qayta ko‘rib chiqish, shtat birliklarini maqbullashtirish, xalqaro kredit reytinglarini oshirish, IPOga chiqish hamda korporativ xalqaro obligatsiyalarni joylashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Yig‘ilishda aviatsiya sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish masalalari, jumladan, Fuqaro aviatsiyasi universiteti va uning qoshida aviatsiya texnikumini tashkil etish ishlarining borishi ko‘rib chiqildi.

Taʼlim muassasalari AQShning Embry-Riddle, Fransiyaning ENAC kabi yetakchi xalqaro aviatsiya taʼlim markazlari bilan hamkorlikda tashkil etiladi. Universitetda bort kuzatuvchi, aviatsiya texnikasi bo‘yicha mutaxassislar va mexaniklar kabi amaliy kasblar bilan birgalikda uchuvchilik, muhandislik, havo harakati dispetcherligi, boshqaruv bo‘yicha ham kadrlar tayyorlash va ilmiy dasturlar yo‘lga qo‘yiladi.

Prezident takliflarni maʼqullab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Avvalroq Yangi Buxoro aeroporti 2027-yilning birinchi choragida ishga tushirilishi haqida xabar berilgandi.