Qirg‘iziston milliy steyblkoinni ishga tushirdi. Bu haqda Binance kriptobirjasi asoschisi va prezident Sadir Japarovning raqamli aktivlar bo‘yicha maslahatchisi Chanpen Chjao ma’lum qildi.

KGST steyblkoini Qirg‘iziston somiga 1:1 nisbatda bog‘langan va Binance — BNBChain raqamli blokcheyn platformasida ishlaydi.

Shuningdek, Qirg‘iziston Milliy bankining raqamli valyutasi ishga tushirishga tayyorlanmoqda, u davlat darajasidagi hisob-kitoblar uchun ishlatiladi.

Chanpen Chjaoning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iziston o‘zining milliy kriptovalyuta zaxirasini yaratgan, unga Binance’ning BNB tokeni kiritilgan. Mahalliy bozor uchun kriptobirja ilovasini mahalliylashtirish tayyor.

Binance o‘nta mahalliy universitet bilan birgalikda Binance Academy investitsiya akademiyasini ishga tushirmoqda. Bundan tashqari, kompaniya mahalliy huquqni muhofaza qilish organlari uchun raqamli aktivlar bo‘yicha treninglar tashkil etadi.

24-oktabr kuni Bishkekda virtual aktivlar va blokcheyn-texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha Milliy kengashning ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Sadir Japarov raqamli aktivlar sohasi o‘sganini qayd etib, Qirg‘iziston kriptovalyutalarni qabul qilish global indeksida 19-o‘rinni egallaganini ta’kidladi.

Qirg‘iziston rahbari barqaror va ishonchli raqamli ekotizimni barpo etishda “inson salohiyati, samarali boshqaruv va texnologik asos"ni uyg‘unlashtirish muhimligini ta’kidladi. U mamlakatning afzalliklarini sanab o‘tar ekan, moslashuvchan institutsional muhit, iqtidorli yoshlar va davlat sektorining jadal raqamlashtirilishini alohida qayd etdi.

“Ushbu omillar yig‘indisi mamlakatni [Qirg‘izistonni] virtual aktivlar sohasida mintaqaviy xabga aylantirish vazifasini real va erishib bo‘ladigan qiladi”, — deya qo‘shimcha qildi Japarov.

Yig‘ilishda ishtirok etgan Chanpen Chjao Qirg‘iziston Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib Binance tizimini to‘liq mahalliylashtirganini ta’kidladi. U KGST steyblkoinining bank tizimi bilan integratsiyasini tezlashtirishga va milliy kripto zaxirasini yaratishga chaqirdi.

Qirg‘iziston Milliy banki raisi Melis Turg‘unboyev raqamli som yaratish loyihasining amaliy bosqichi boshlanganini e’lon qildi. U regulyator tomonidan to‘liq nazorat qilinadigan yopiq blokcheyn arxitekturasi asosida ishlaydi.

Chanpen Chjao joriy yilning may oyida Japarovning raqamli aktivlar bo‘yicha maslahatchisi bo‘ldi. Binance asoschisi qirg‘izistonlik mutaxassislar uchun raqamli milliy valyutani joriy etish bo‘yicha maslahatlar va ta’lim dasturlarini tashkil etishga tayyorligini ma’lum qildi.

Coindesk xabar berishicha, Qirg‘iziston uchinchi chorakda USDKG steyblkoinini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bu token oltin bilan ta’minlangan va AQSh dollari kursiga bog‘langan bo‘ladi. Moliya vazirligi steyblkoinni ta’minlash uchun $500 mln ajratadi, kelajakda esa zaxiralar $2 mlrdgacha kengaytirilishi kutilmoqda.


Avvalroq Spot Donald Tramp Binance asoschisi Chanpen Chjaoni afv etgani haqida yozgandi.

Chjao kriptovalyuta birjasini boshqarish orqali pul yuvishga yordam berganlikda ayblanib, o‘tgan yili to‘rt oy qamalgandi.