Yangi Toshkent shahrining birinchi bosqich hududida yer osti avtoturargohlari qurilmoqda. Bu haqda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Turkiyaning Arccon Project muhandislik kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan loyihaga ko‘ra, yangi shaharning markaziy qismlarida ko‘p funksiyali yer osti bog‘lamalarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Majmuaning umumiy maydoni 20 ming kvadrat metrni tashkil etib, avtoturargoh 512 ta transport vositasini sig‘dirish imkoniga ega bo‘ladi. Bu yerda 20 ta avtomobil yuvish shoxobchasi, 160 ta elektromobillarni quvvatlash stansiyasi hamda 88 ta velosiped turargohi tashkil etiladi.

infratuzilma, qurilish, yangi toshkent, avtoturargoh, transport

Yangi Toshkent yer osti avtoturargohi loyihasi. Foto: Qurilish vazirligi

Shu bilan birga, yer osti bog‘lamida nogironligi bo‘lganlar uchun xalqaro standartlar asosidagi 24 ta alohida to‘xtash joylari va xizmat ko‘rsatish nuqtalari, ota-onalar uchun esa bolalar parvarishi xonalari yaratiladi.

Bundan tashqari, loyihada injenerlik galereyasi hamda velosiped pandusi ham nazarda tutilgan.

Yangi Toshkentda qurilayotgan yer osti avtoturargohi. Foto: Qurilish vazirligi

2024-yilning oktabrida Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasining Arxitektura-shaharsozlik departamenti rahbari Jahongir Anvarov Spot bilan suhbatda bu yerda avtomobillar harakatlanishi uchun yer osti yo‘llari, tunellar, yo‘l tugunlari yaratilishini aytgandi. Direksiya bosh mutaxassisi Umidjon Fayziyev esa jamoat transportlari yer ostida, yengil avtomobillar esa yer ustida harakatlanishini qayd etdi. 90% jamoat va turar joy binolarining avtoturargohlari yer ostida bo‘ladi.

Dekabrda prezident Yangi Toshkentdagi transport infratuzilmasi va muhandislik tarmoqlari qurilishi bilan tanishdi. Bu yerda 14ta tunnel, 100 ming avtomobilga mo‘ljallangan yer osti turargohlari qurilishi aytilgandi.

Joriy yil boshida Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi direktorining birinchi o‘rinbosari Bahrom Rizayev hududda 3ta yerosti avtoturargohi qurilishini ma’lum qilgandi. O‘shanda 6 metr chuqurlikdagi har bir yerosti avtoturargohining umumiy maydoni 25 ming kv.metrni tashkil etishi bildirilgandi.

Shahar qurilishiga 2023-yilda tamal toshi qo‘yilgan, 2024-yilning aprel oyida esa qurilishga start berilgandi. Loyiha uchun Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlaridan 19,7 ming gektar yer ajratilgan. Loyiha konsepsiyasi Buyuk Britaniyaning Cross Works kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan.

Birinchi bosqichda 6 ming gektar maydonda inshootlar qurilib, 600 ming aholi uchun sharoitlar yaratiladi. Loyiha to‘liq yakunlanganida 2 mln nafar odam yashaydigan makonga aylanadi. Hududga 60 dan ortiq davlat idoralari uchun ma’muriy binolar barpo etiladi. Bugungi kunda o‘ndan ortiq vazirlik va idoralar shu yerdagi vaqtincha tashkil etilgan obyektlarda faoliyat boshlagan.

Avvalroq Yangi Toshkentda Ar-Riyod mavzesi qurilishi haqida xabar berilgandi. Loyihani Saudiyaning Al Majdiah va First Avenue kompaniyasi ishtirokida amalga oshirish rejalashtirilmoqda.