Prezident 27-oktabr kuni fuqaro aviatsiyasi sohasidagi davlat siyosatini tartibga solish to‘g‘risida farmonni imzolagan edi.

Hujjatga ko‘ra, rezident aviakompaniyalarning yo‘lovchi va yuk tashuvchi havo kemalari O‘zbekistonga olib kirilganda bojxona to‘lovlari va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladigan texnologik uskunalar ro‘yxatiga kiritiladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligiga Transport vazirligi bilan hamkorlikda uch yil davomida — 2026-yildan 2028-yilgacha — davlat byudjetidan 250 mlrd so‘m ajratish topshirildi. Bu mablag‘ aerodrom va havo harakatini boshqarish majmualarini modernizatsiya qilishga, parvozlarni radiotexnik taʼminlash uskunalarini xarid qilishga, shuningdek, aeroportlarning aerodrom majmualarini qurish, kapital taʼmirlash va rekonstruksiya qilishga yo‘naltiriladi.

Prezident Transport vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Aviatsiya sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tashkil etish taklifini maʼqulladi.

Jamg‘armaning daromad manbalari — barcha aeroportlardagi xalqaro yo‘nalishlardagi parvozlardan olinadigan aeroport yig‘imlaridan ajratmalar hisoblanadi.

Aviatsiya sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘larini sarflashning asosiy yo‘nalishlari:

  • O‘zaviatsiya agentligi faoliyatini tashkil etish va taʼminlash, IKAO talablariga muvofiq moliyaviy mustaqillikni taʼminlash;
  • uchuvchilar va bort kuzatuvchilarini tayyorlash bo‘yicha o‘quv muassasasi faoliyatini tashkil etish, uning moddiy-texnik bazasini yaratish va saqlash ishlarini moliyalashtirish;
  • uchuvchilar, bort kuzatuvchilari va boshqa aviatsiya mutaxassislarini tayyorlash ishlarini rag‘batlantirish;
  • aviatsiya hodisalari va voqealarini tekshirish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish, shuningdek moddiy-texnik baza va laboratoriyalar yaratish.

Prezident 15-oktabr kuni Toshkentdagi yangi aeroportga poydevor qo‘yish marosimida aviatashuvlar sohasini rivojlantirishga oid rejalarni eʼlon qilgandi. U transport infratuzilmasini rivojlantirish va havo aloqasini modernizatsiya qilishni ustuvor yo‘nalishlar sifatida taʼkidladi.

Kelgusi besh yil ichida aviaparkdagi samolyotlar sonini 180 taga, yo‘nalishlar tarmog‘ini 230 taga yetkazish rejalashtirilmoqda. Mirziyoyev O‘zbekistonni “Sharq va G‘arbni, Shimol va Janubni bog‘laydigan” yirik aviahab sifatida rivojlantirish maqsadini belgilab berdi.

Spot, avvalroq, Centrum Air aviakompaniyasi 30-noyabrdan boshlab Toshkentdan Maldiv orollariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni yo‘lga qo‘yishi haqida xabar bergan edi.