3-noyabr kuni Chevrolet Cobalt avtomobillari xaridi uchun onlayn shartnoma berish yakunlandi. Bu haqda UzAuto Motors matbuot xizmati xabar berdi.
Soat 10:00 da boshlangan kontraktatsiya qariyb 2,5 soat davom etdi. Soat 12:26 holatiga jami 100 mingta shartnoma rasmiylashtirilgan.
Shundan 99 493 tasi One ID tizimida ro‘yxatdan o‘tgan jismoniy shaxslarga, 507 tasi esa yuridik shaxslar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Shartnomalarning yarmidan ko‘pi (53 911 ta) kontraktatsiyaning birinchi soatida imzolangan, soat 11:50 ga kelib esa mijozlar 88 mingdan ortiq kelishuv rasmiylashtirgan.
Kontraktatsiya jarayonida kompaniya Call-markazi jami 876 ta murojaatni qabul qildi. UzAutoSavdo onlayn-savdo tizimi 560 ta kiberhujumga uchragan.
Kompaniya onlayn tizim orqali shartnoma olgan mijozlar 7 kun ichida shartnoma shartlariga muvofiq to‘lovni amalga oshirishlari kerakligini eslatdi.
Onlayn tuzilgan shartnomalarda maxsus QR-kod mavjud bo‘ladi, u shartnomaning haqiqiyligini tasdiqlaydi. Bunday QR-kodga ega bo‘lmagan shartnomalarga UzAuto Motors va Chevrolet rasmiy dilerlari aloqador emas. Avtomobil ishlab chiqaruvchisi mijozlardan diqqatli bo‘lishlarini va shartnoma tuzishda ushbu QR-kod mavjudligini tekshirishni so‘radi.
Cobalt uchun kontraktatsiya ochilishi oktabr oyi o‘rtalarida ma’lum bo‘lgandi. Yangi versiyalarda kruiz-nazorat tizimi, old o‘rindiqlar isitgichi va Android Auto/Apple CarPlay qo‘llab-quvvatlovchi sensor multimedia kabi 50 dan ortiq yangi komponentlar mavjud.
Undan keyin UzAuto Motors Cobalt uchun shartnomalar faqat onlayn tuzilishini ma’lum qildi. Avtomobil ishlab chiqaruvchisi yangi buni Cobalt’ga bo‘lgan yuqori talab, mijozlar so‘rovi hamda ortiqcha ajiotajning oldini olish maqsadi bilan izohladi.
Bundan tashqari, UzAuto Motors Xorazm Avto korxonasining ishlab chiqarish quvvatlarida Damas Move va Damas Max modellarini ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Yangi model joriy Damas versiyasi bilan bir vaqtda ishlab chiqariladi.
Avvalroq Spot UzAuto Motors Cobalt’ning tormoz tizimida nosozlik kuzatilganini rad etgani haqida yozgandi. Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Nukusda Cobalt avtomobilining tormoz tizimidagi nosozlik sabab, YTH sodir bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgandi.
