2025-yilning yanvar-sentabr oylarida 35 284 nafar jismoniy shaxs elektr tarmoqlariga o‘tkazilgan quyosh energiyasi uchun 153 mlrd 643 mln so‘m davlat budjetidan subsidiya oldi.
Subsidiyalarning umumiy miqdori 153,64 mlrd so‘mni yoki Markaziy bankning joriy kursi bo‘yicha $12,83 mlnni tashkil etdi. Ushbu summaning yarmidan ko‘pi uchinchi chorakka to‘g‘ri keldi, birgina sentabr oyida 33,48 mlrd so‘m ($2,79 mln) to‘langan.
To‘lovlar hajmi bo‘yicha hududlar orasida Xorazm viloyati yetakchi bo‘lib qolmoqda. Sentabr oyida hudud aholisi 8,15 mlrd so‘m ($681 ming), yil boshidan beri esa $42,576 mlrd so‘m yoki umumiy summaning chorak qismidan ko‘prog‘iga subsidiya oldi.
Ikkinchi o‘rinni 22,39 mlrd so‘m (14,6%) bilan Qoraqalpog‘iston egalladi, shundan so‘nggi hisobot oyida 4,42 mlrd so‘m tushdi. Kuchli uchlikni Buxoro viloyati yakunlab berdi — sentabr oyida 4,26 mlrd so‘m va to‘qqiz oyda 15,34 mlrd so‘m (10%).
Qashqadaryo viloyati (11,84 mlrd so‘m) va Toshkent shahri (10,75 mlrd so‘m) kuchli beshlikka kirdi. Sentabr oyida ular mos ravishda 2,92 mlrd va 2,39 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Maʼlumot uchun, subsidiyani Soliq mobil ilovasi, Keshbek va imtiyozlar xizmatining Quyoshli xonadon bo‘limidagi Kartaga pul o‘tkazish oynasi orqali bank kartasiga o‘tkazib olish mumkin.
Aholidan elektr sotib olish
2023-yil boshida prezident aholi uchun quyosh energiyasidan foydalanuvchi tizim yaratish vazifasini qo‘ydi. Undan keyin hududlarda aholi xonadonlariga kichik quvvatli quyosh panellarini o‘rnatishni rag‘batlantirish bo‘yicha “Quyoshli xonadon” dasturi amalga oshirilishi belgilandi.
Dastur 1-apreldan amalga oshirila boshlandi. Uning doirasida quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasi bir kVt/soati uchun 1 000 so‘mdan davlat tomonidan sotib olinadi. Subsidiyalarni “Soliq” mobil ilovasi orqali olish mumkin.
O‘sha yilning iyun oyida aholi va tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan elektrni sotish va unga subsidiya olish tartibi tasdiqlandi.
2024-yilning iyun oyida energotejamkor qurilmalarni o‘rnatganlarga tarifga nisbatan chegirma berilishi ma’lum qilindi. Ularga 3 yil davomida amaldagi tarifga nisbatan 15% chegirma qo‘llaniladi.
2025-yilda aholi xonadonlari, kichik tadbirkorlik subyektlari va ijtimoiy soha obyektlarining kamida 40%ida quyosh panellari va suv kollektorlarini o‘rnatish rejalashtirilmoqda. 2027-yilgacha bu ko‘rsatkichni 50% ga yetkazish belgilandi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda bir oyda rekord darajada “yashil” energiya ishlab chiqarilgani haqida yozgandi. Bir oyda quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi 1 mlrd 246 mln kVt/soatga yetdi.
