Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Sharof Rahmonov tadbirkorlarni yer uchastkalari va binolarni rasmiylashtirishda yordam berishni taklif qilayotgan firibgarlardan ogohlantirdi.

Hokimliklarning yer uchastkalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri ajratish, foydalanishga berish, zaxiralash, biriktirish, obodonlashtirishga berish bo‘yicha qaror qabul qilish vakolati 2021-yil 1-avgustdan bekor qilingan. Yer faqat onlayn auksion orqali ajratiladi.

Shunga qaramay, haligacha yer maydonlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri ajratish, o‘zboshimcha egallab olish, yengil qurilmalarni o‘rnatish, avtobus bekatlari o‘rnida ruxsatsiz savdo do‘konlarini qurish kabi holatlar uchramoqda.

Bunday qurilmalar aholi yashash massivlari, yo‘lning himoya hududlari, bosim ostidagi suv, gaz quvurlari o‘tkazilgan himoya hududlarida barpo etilmoqda. Rahmonov bu aholi tinchligi va xavfsizligiga, tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini ta’mirlashga salbiy ta’sir qilayotganini qayd etdi.

“So‘nggi vaqtlarda o‘zining tashkilotlardagi tanishlari orqali yer olib berishni va’da qilayotgan yoki turli soxta qarorlarni ko‘rsatib, kadastr hujjatini keyin hal qilib berishga ishontirib, yer sotib olishni taklif etayotgan shaxslar ko‘payib ketmoqda. Ularga ishonmang”, — deyiladi xabarda.

Qonunga xilof yo‘llar va hujjatlarsiz olingan yerlar noqonuniy bo‘lib, ularda qurilgan binolar kompensatsiya to‘lanmasdan buziladi va aybdor shaxslar tegishli jazoga tortiladi.

Hokimlik aholidan noqonuniy qurilishlar va o‘rnatilayotgan qurilmalar haqida vakolatli idoralarga vaqtida xabar berishlarini so‘ramoqda. Tadbirkorlarga bino yoki yer sotib olishdan oldin vakolatli organlarning mutaxassislari, malakali huquqshunos va advokatlardan maslahat olishni tavsiya qilindi.

Avvalroq Toshkentda 24 km yangi gastronomik ko‘chalarni tashkil etishga 1 trln so‘m ajratilishi haqida xabar berilgandi. Poytaxt hokimi aholi bu tajribani ijobiy qabul qilayotgani, loyiha natijasida yana 30 mingga yaqin ish o‘rni yaratilishini ma’lum qildi.