Temiryo‘lkargo kompaniyasi Pokiston xalqaro avtomobil transporti palatasi (IRT Chamber of Pakistan) bilan strategik hamkorlik to‘g‘risida bitim tuzdi. Bu haqda O‘zbekiston temir yo‘llari matbuot xizmati xabar berdi.

Bitimning asosiy maqsadi O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida yuk tashishni kengaytirishdan iborat. Uning doirasida tovarlarni multimodal, monomodal va intermodal tashish yo‘nalishlarida qo‘shma mexanizmlarni ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Shuningdek, hujjat mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirishni nazarda tutadi. Xususan, gap Pokiston-Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston-Shimoliy mamlakatlar yangi transport yo‘lagini rivojlantirish haqida bormoqda.

Kelishuv doirasida Pokistondan Tojikiston va O‘zbekiston orqali shimoliy va boshqa yo‘nalishlarda marshrut shakllantiriladi. Bundan tashqari, tomonlar ikki mamlakatda transport infratuzilmasini rivojlantirish ustida ish olib boradi.

Eksport, import va tranzitni ko‘paytirish savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga yordam berishi kerak, deya ta’kidlaydi Temiryo‘lkargo. Hamkorlik Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi transport aloqalarini mustahkamlaydi hamda mintaqa mamlakatlarining dengiz portlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytiradi.

O‘tgan hafta IRT Chamber of Pakistan delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Temiryo‘lkargo bilan muzokaralarda yuklarni muqobil yo‘nalishlar orqali yetkazib berish, shuningdek, tez buziladigan mahsulotlarni tashish imkoniyatlari muhokama qilindi. Tomonlar tajriba tariqasida yetkazib berishni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.


Avvalroq O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston Transafg‘on temir yo‘li bo‘yicha TIA ishlab chiqish shartnomasi imzolagani haqida xabar berilgandi.

Qayd etilishicha, bo‘lajak temir yo‘l liniyasi Termiz-Naybobod-Maydanshahr-Logar-Xarlachi yo‘nalishi bo‘ylab o‘tadi.