Toshkent xalqaro aeroportining uchib kelish zalida avtomatlashtirilgan E-Gate pasport nazorati tizimi ishga tushirildi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.
Yangi o‘tish joylari O‘zbekiston fuqarolari uchun mo‘ljallangan sakkizta elektron yo‘lak bilan jihozlangan.
Yo‘lovchilar shunchaki biometrik pasportlarini ma’lumot tekshiruvchi skanerga qo‘yadilar va identifikatsiya qilish (Face ID) jarayonidan o‘tadilar.
Shaxslari tasdiqlangandan so‘ng, turniket avtomatik ravishda ochiladi. Butun jarayon taxminan 15−20 soniya davom etadi.



E-Gate tizimi birinchi marta 2023-yilda Toshkent aeroportida xalqaro terminalning jo‘nash zalida joriy etilgan edi. Ushbu yangi tizim yordamida poytaxt aeroportidagi avtomatlashtirilgan yo‘laklarning umumiy soni 20 taga yetdi.
Mazkur texnologiyaning joriy etilishi pasport nazorati vaqtini sezilarli darajada qisqartiradi, nazorat punktlarining o‘tkazuvchanligini oshiradi va yo‘lovchilar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratadi.
Avvalroq Toshkent aeroportida yangilangan uchib kelish zali ochilgani haqida xabar berilgandi.
Ta’mirlash ishlari doirasida uchib kelish zali 2200 kv.metrga, to‘xtash joyi 347 taga hamda VIP zal 300 kv.metrgacha kengaytirildi. Bundan tashqari, shaharga qaragan ochiq terassa ochildi.



