Avtotransport vositalaridagi noqonuniy reklamalarga qarshi o‘tkazilgan reydlar davomida 390 ta qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Reklama bannerlari o‘rnatilgan avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha tekshiruvlar uch hafta oldin — 23-oktabrda boshlangan. Unda poytaxt hokimligi vakillari, Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi va Raqobat qo‘mitasi xodimlari ishtirok etmoqda.

Tadbirlar “reklama faoliyatini qonuniy yo‘lga qo‘yish va shaharning tashqi qiyofasini tartibga solish” maqsadida o‘tkazilmoqda, deyiladi hokimlik xabarida. So‘nggi reydlar davomida 470 ta reklama tashuvchi avtomashina tekshirildi.

390 ta mashinaning reklama joylari pasportlari mavjud emas edi. “Reklama to‘g‘risida"gi qonun va Vazirlar Mahkamasining qarori buzilganligi faktlari bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi.

Mutasaddi idoralar xodimlari avtomobil egalariga reklama pasporti olingan taqdirdagina reklama joylashtirish qonuniy hisoblanishini tushuntirishdi. Ba’zi haydovchilar bunday talabdan bexabar ekanliklarini ta’kidladilar.

Joylarda huquqiy tushuntirish berilib, jami 389 ta ogohlantirish hatlari topshirildi, yana bir avtomobil jarima maydonchasiga joylashtirilgan. Bundan tashqari, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali avtotransport liniyasi orqali reklama pasportlarini rasmiylashtirish uchun 1200 ga yaqin ariza kelib tushdi.

Nazorat tadbirlari doimiy ravishda o‘tkaziladi, deya ta’kidladi hokimlik. “Bu nafaqat tartibni saqlashga, balki reklama joylashtirish uchun shaffof va qonuniy shart-sharoitlarni ta’minlash orqali tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan”, — deyiladi xabarda.

Pasportni Yagona portalda, “Avtotransport” bo‘limida rasmiylashtirish mumkin. Buning uchun ariza beruvchi reklama yoki boshqa xabarning eskizini, shuningdek, avtomobil raqami va texnik pasportini taqdim etishi kerak.

Hujjat ariza berilgan kundan boshlab 5 ish kuni ichida rasmiylashtiriladi. Ko‘rib chiqish uchun yig‘im BHMning 90%i (370 800 so‘m) ni tashkil etadi.


Avvalroq poytaxt hokimligi tadbirkorlarni yer va bino olib berishni va’da qilayotgan firibgarlardan ogohlantirgandi.

Mahalliy hokimliklar yerlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri ajratish va foydalanishga berish vakolatiga ega emas. Jarayon faqat onlayn auksion orqali amalga oshiriladi.