Toshkent shahri va Toshkent viloyatida atmosferaga zarar yetkazgan 100 dan ortiq xo‘jalik faoliyati to‘xtatildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlik, Bosh prokuratura hamda Toshkent shahar va Toshkent viloyati hokimliklarining 300 dan ortiq mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tomonidan tekshiruvlar olib borildi. Uning doirasida poytaxt hududidagi issiqxona xo‘jaliklari, sanoat korxonalari, qurilish materiallari ishlab chiqarish zavodlari va boshqa yirik ishlab chiqaruvchi hamda ijtimoiy soha obyektlari to‘liq xatlovdan o‘tkazildi.
Nazorat tadbirlarida 4 869 obyekt o‘rganilib, profilaktika va tushuntirish ishlari amalga oshirildi. Bunda jami 595 tasi, shundan 214 tasi Toshkent shahrida, 382 tasi esa Toshkent viloyatida joylashgan issiqxona xo‘jaliklaridir.
Yana 2 265 ta ijtimoiy soha obyekti hamda 1 998 sanoat va qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalari ko‘zdan kechirildi. O‘rganishlar davomida atmosfera havosini muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilmagan holatlar aniqlandi.
Xususan, ayrim xo‘jaliklarda zararli kimyoviy, fizik va biologik ta’sir ko‘rsatuvchi moddalar havoga chiqarilgan. Vazirlik aniqlangan har bir qonunbuzilish holati bo‘yicha keskin choralar ko‘rilgani, ularning oldini olish hamda kamaytirish chora-tadbirlari belgilanganini qayd etdi.
Dudburondan foydalanish qoidalarini buzgan 58 ta issiqxona xo‘jaligiga nisbatan ma’muriy jarimalar qo‘llanildi, 106 ta xo‘jalik faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.
Shuningdek, 387 holat bo‘yicha ekologik talablariga muvofiqlashtirish hamda plyonka, avtoshina va o‘simlik qoldiqlarini yoqilg‘i sifatida foydalanmaslik yuzasidan rasmiy ogohlantirish xatlari yuborildi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda issiqxonalarni ko‘mirdan boshqa yoqilg‘iga o‘tkazish taklif qilingani haqida yozgandi. Ekologiya vazirligi korxonalarda havo filtrlari va tozalash tizimlarini o‘rnatish uchun grantlar joriy etishni rejalashtirmoqda.
