Toshkent-Sharqiy xalqaro aeroporti rasman Toshkent-Humo deb o‘zgartirildi. Bu haqda Uzbekistan Airways matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.
Bugun Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev davlat tashrifi bilan Toshkentga tashrif buyurdi. O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari matbuot xizmatlarining ma’lum qilishicha, yuqori martabali mehmon ilgari Toshkent-Sharqiy deb atalgan Toshkent-Humo xalqaro aeroportiga yetib kelgan.
Uzbekistan Airways’ning Spot’ga ma’lum qilishicha, Qozog‘iston prezidenti yangi Toshkent-Humo aeroportiga uchib kelgan birinchi mehmon bo‘ldi.





Yangi aeroportda Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayev muzokara o‘tkazdi. Sammit doirasida keng ko‘lamli qo‘shma kooperatsiya loyihalari boshlanishi, shuningdek, ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plami imzolanishi kutilmoqda. Tashrifning asosiy tadbirlari ertaga, 15-noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Sentabr oyining boshlarida Toshkent-Sharqiy aeroporti biznes aviatsiyasi uchun o‘z faoliyatini boshladi. Havo bandargohidagi qurilish ishlari yakuniga yetkazildi: uchish-qo‘nish yo‘lagi, uchta rulej yo‘lagi, VIP va CIP terminallari, perron hamda angarlar barpo etildi.
Avvalroq Spot Toshkent xalqaro aeroportining uchib kelish zalida E-Gate tizimi ishga tushirilgani haqida yozgandi.





