Toshkentda ekologik vaziyat yomonlashgani fonida namlagich va havo tozalagichlar, shuningdek, niqoblarga talab keskin oshdi. Bu haqda 13-noyabr kuni Uzum Market matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.
Marketpleysning ta’kidlashicha, isitish mavsumi boshlanishi bilan Toshkent uchun havo sifati masalasi an’anaviy ravishda dolzarb bo‘lib qolmoqda. Shu fonda poytaxt aholisi namlagich va tozalagichlarni faol sotib olmoqda.
So‘nggi 7 kun ichida namlagich va havo tozalagichlarga bo‘lgan talab o‘tgan haftaga nisbatan 35% ga oshdi. Poytaxtda havo ifloslanishi darajasi oshgani haqidagi xabarlar fonida respiratorlarga bo‘lgan qiziqish deyarli ikki baravar oshdi.
Uzum Market ma’lumotiga ko‘ra, platformadagi namlagich va tozalagichlarning narxi modeliga qarab 100 ming so‘mdan 28 mln so‘mgacha bo‘lishi aytildi.
Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonga havo tozalagichlar importi uch yil ichida 8 barobardan ko‘proqqa oshgan, deb xabar berdi Gazeta.uz.
Agar 2022-yilda mamlakatga $176,5 minglik 2000 ta havo tozalagich olib kelingan bo‘lsa, 2024-yilda umumiy qiymati $1,34 mln bo‘lgan 16 337 ta havo tozalagich olib kelingan.
2025-yil yanvar-oktabr oylaridayoq O‘zbekistonga allaqachon qiymati $1,29 mln bo‘lgan 18 ming 460 ta havo tozalagich import qilingan.
Narxlar o‘tgan 2024-yilga nisbatan ozgina pasaygan bo‘lishiga qaramay, import qilingan qurilmalar soni bir yildan kamroq vaqt ichida taxminan 13% ga oshgan.
Asosiy yetkazib beruvchi mamlakatlar Xitoy, Turkiya, Germaniya, Rossiya, Niderlandiya, Janubiy Koreya, Shveysariya, Litva, BAA va Ispaniya hisoblanadi.
Avvalroq poytaxt hududida atmosferaga zarar yetkazgan 100 dan ortiq xo‘jalik faoliyati to‘xtatilgani haqida xabar berilgandi.
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida dudburondan foydalanish qoidalarini buzgan 58 ta issiqxonaga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llanildi.
