Shavkat Mirziyoyev 14-noyabr kuni O‘zbekistonda “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyilini joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Hujjat Lex.uz saytida e’lon qilingan.

2026-yil 1-yanvardan boshlab tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning yangi tartibi joriy etiladi. U bir vaqtning o‘zida 7 ta xizmat ko‘rsatishni nazarda tutadi:

  • elektron raqamli imzo kalitini berish;
  • bankda hisobvaraq ochish uchun ariza berish;
  • litsenziya yoki ruxsatnoma yoxud xabarnoma olish uchun ariza berish (faoliyat turiga qarab);
  • ko‘chmas mulk ijarasi shartnomasini rasmiylashtirish;
  • QQS to‘lovchisi guvohnomasini rasmiylashtirish (avtomatik tarzda beriladigan soliq to‘lovchilar uchun);
  • onlayn nazorat-kassa apparatini sotib olish va uni soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish;
  • yuridik shaxs rahbarini tayinlash va uni Yagona milliy mehnat tizimida hisobga qo‘yish.

Tadbirkorlar “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili doirasida har bir xizmatdan ixtiyoriy ravishda foydalanishi mumkin bo‘ladi. Tanlangan xizmatlar uchun yagona QR-kod orqali to‘lash mumkin bo‘ladi.

Yakka tartibdagi tadbirkorlar 2026-yil boshidan yuridik shaxslar bilan teng ravishda firma nomidan foydalanishlari mumkin bo‘ladi. Hozir YTT nomi sifatida ta’sischining to‘liq ismi ko‘rsatiladi.

Bundan tashqari, litsenziyalar va biznesning boshqa hujjatlaridagi birlamchi ma’lumotlarni o‘zgartirish soddalashtirilmoqda. Agar korxonaning firma nomi, manzili, tashkiliy-huquqiy shakli, muassisning ismi, familiyasi yoki otasining ismi o‘zgarsa, hujjatlarga bepul va avtomatik ravishda tuzatishlar kiritiladi.

Davlat rahbari joriy yilning 20-avgust kunida biznes vakillari bilan muloqot chog‘ida “15 daqiqada biznes” dasturini joriy etishni e’lon qildi. Ushbu dastur o‘z korxonasini tashkil etish va eng qisqa muddatda faoliyatni boshlash imkonini beradi.


Avvalroq O‘zbekistonda Biznesni kafolatlash milliy kompaniyasi tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.

5 mingdan ortiq loyihalarga 4 trln so‘mlik moliyaviy ko‘mak beriladi, 1-dekabrdan esa tadbirkorlarga qo‘shimcha kafolat yoki kafillik taqdim etiladi.