Biznes aviatsiyasiga mo‘ljallangan yangi Toshkent-Humo (Toshkent-Sharqiy) xalqaro aeroporti mavjud havo bandargohidagi yuklamani kamaytiradi. Bu haqda 19-noyabr kuni davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha uchinchi davra suhbati doirasida Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Spot muxbiriga ma’lum qildi.

“Agar biznes-aviatsiya u yerga o‘tsa, barcha VIP-samolyotlar o‘sha yerga qo‘nadi. Yuqori martabali mehmonlar kelganda, hozirda aeroport yarim soatda, ayrim hollarda bir soatda yarim quvvatda ishlaydi. Bu esa qat’iy jadval asosida parvoz qiladigan ayrim aviakompaniyalarga bevosita qandaydir noqulayliklarni tug‘diradi. Ular jadvaldan chiqib ketsa, bu, albatta, keyingi rejalashtirishga ta’sir qiladi. Bu joylarni bo‘shatish va VIP-shaxslarga alohida aeroportda xizmat ko‘rsatish — bu, birinchidan, obro‘-e'tibor, ular [mehmonlar] uchun esa qo‘shimcha qulaylik va komfort, shuningdek, albatta, mavjud aeroportdan foydalanuvchi tijoriy aviakompaniyalarining yukini kamaytirish imkoniyati”, — dedi u.

O‘zbekistondagi biznes-aviatsiya salohiyati haqida gapirar ekan, Choriyev Toshkent-Humo aeroporti ishga tushishi bilan bu yo‘nalish yanada o‘sishini ta’kidladi.

Sentabr oyi boshida Toshkent-Sharqiy aeroporti biznes aviatsiyasi uchun ochildi. Aeroportda qurilish ishlari yakunlanib, unda uchish-qo‘nish yo‘lagi, uchta harakatlanish yo‘lagi, VIP va CIP terminallari, perron va angarlar barpo etildi.

Yaqinda mazkur xalqaro aeroport rasman Toshkent-Humo deb o‘zgartirilgani ma’lum bo‘ldi. 14-noyabr kuni davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga kelgan Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev havo bandargohining birinchi mehmoni bo‘ldi. Aeroportning o‘zida Shavkat Mirziyoyev qozog‘istonlik hamkasbi bilan muzokara o‘tkazdi.

Avvalroq Spot Toshkent aeroporti yana 4−5 yil ishlashi, reyslar 2030-yildan keyin yangi aeroportga ko‘chirilishi haqida yozgandi.