Avvalroq prezident raisligida kambag‘allikni qisqartirish hamda aholi bandligini ta‘minlash borasidagi ishlar sarhisobi va kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda ovqatlanish, savdo va servis sohasida o‘zining brendini yaratgan korxonalar butun respublika bo‘yicha 100−150 tadan savdo nuqtasini ochib, kamida 3−5 mingta ish o‘rni yaratish tashabbusini bildirgan edi.
Viloyat hokimliklariga milliy brendlarning joylarda filial tashkil etish bo‘yicha loyihalariga ko‘maklashish topshirildi. Agar brendlar yangi ochiladigan filial uchun xodimlarni o‘zim o‘qitaman, desa, buning xarajati Bandlik jamg‘armasidan qoplab beriladi.
Filialini ko‘paytirish istagidagi brendlar uchun yangi moliyaviy instrumentlar joriy qilinib, 2026-yilda bunga 500 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.
Kelgusi yilda hududlardagi korxonalarda $52 mlrdlik sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish reja qilingan. Mutasaddilar mahalliy sanoat tarmoqlarida $22 mlrdlik 3,5 mingta loyihani ishga tushirib, 130 ming doimiy ish o‘rni tashkil qilishi zarurligi qayd etildi.
G‘ijduvon tajribasi asosida hozirda 400 ta mahalla mebelchilik, hunarmandchilik va tikuvchilikka ixtisoslashgan. Tadbirkorlarning joyi kengaytirib berilsa, har biri yana 5−10 kishini ishga olishga tayyor.
Shu munosabat bilan tuman hokimlariga kelasi yilda sanoatga ixtisoslashgan bunday mahallalarda 50 ta “mikrosanoat markazi"ni ishga tushirish, banklar bilan birgalikda kamida 800 mlrd so‘mlik 1,5 ming kichik sanoat loyihasini amalga oshirib, 10 ming nafar odamni ishli qilish topshirildi.
Bu markazlarning infratuzilmasi uchun 200 mlrd so‘m ajratiladi.
Spot, avvalroq, hududlarda mehmon uylarini tashkil etishga 150 mln so‘mgacha imtiyozli kreditlar berilishi haqida yozgandi.
