Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev O‘zbekistonda samolyot ishlab chiqarish rejalari borligini ma’lum qildi. Bu haqda u 19-noyabr kuni davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha uchinchi davra suhbati doirasida Spot muxbiriga bergan intervyusida aytdi.
Uning ta’kidlashicha, import qilinadigan yo‘lovchi va yuk samolyotlarining QQS va bojdan ozod qilinishi ularning qimmatligi bilan bog‘liq.
“Samolyot — qimmat texnika. Hozircha biz ularni o‘zimiz ishlab chiqarayotganimiz yo‘q”, — deya izoh berdi u.
Spot muxbirining O‘zbekistonning samolyot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalari haqidagi aniqlashtiruvchi savoliga vazir o‘rinbosari ijobiy javob berdi. “Nimadandir boshlash kerak”, — deya xulosa qildi u samolyotlarning ehtimoliy modellari haqida gapirib.
Shavkat Mirziyoyev 27-oktabr kuni fuqaro aviatsiyasi sohasidagi davlat siyosatini tartibga solish to‘g‘risida farmon qabul qildi. Hujjatda 2030-yilgacha havo transporti sohasini rivojlantirish bo‘yicha maqsadlar belgilangan. Bu vaqtga kelib mahalliy aviakompaniyalarning umumiy samolyot parkini 180 taga yetkazish rejalashtirilgan.
Kelgusi besh yilda mahalliy va xalqaro reyslar sonini yiliga 200 mingtaga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Ular yiliga 24 mln nafargacha yo‘lovchi tashishi kutilmoqda.
Rezident aviakompaniyalarning yo‘lovchi va yuk tashuvchi havo kemalari O‘zbekiston hududiga olib kirishda bojxona boji va QQSdan ozod etiladigan texnologik uskunalar ro‘yxatiga kiritiladi.
O‘zbekistonda samolyotsozlik
2014-yilgacha O‘zbekistonda 1941-yilda Moskva yaqinidagi Ximki shahridan ko‘chib o‘tgandan so‘ng tashkil etilgan Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi faoliyat yuritgan. Asosiy faoliyat turi — samolyotlarga ehtiyot qismlar ishlab chiqarish hamda Il-76 va Il-114 samolyotlari va ularning modifikatsiyalarini parvozga yaroqliligini saqlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish.
Oxirgi samolyotni korxona 2012-yilning yozida ishlab chiqargan. Hozir TAPOiChning asosiy hududida Toshkent mexanika zavodi joylashgan.
2020-yil dekabr oyida Shavkat Mirziyoyev Rossiyaning o‘sha paytdagi sanoat va savdo vaziri Denis Manturov bilan muzokaralarda TAPOiCh samolyotsozlik zavodi taqdiri muhokama qilinganini aytgandi.
“Bugun rossiyalik hamkorlarimiz bilan TAPOiCh taqdiri, TAPOiCh kelajagi haqida gaplashdik. Asta-sekin sirlarni ocha boshlayman, chunki ichimda ham alam bor. Dunyoda samolyot ishlab chiqaradigan sanoqli davlatlar bo‘lgan. Afsuski, biz buni o‘z qo‘limiz bilan yo‘q qildik. Lekin biz baribir uni tiklash uchun juda ko‘p sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqdamiz”, — dedi prezident (Gazeta'dan iqtibos).
Joriy yilning aprel oyida Navoiy erkin iqtisodiy zonasi direksiyasi va Birinchi tajriba-konstruktorlik byurosi — Rossiyaning SP-30 samolyotini ishlab chiquvchisi va ishlab chiqaruvchisi O‘zbekiston hududida SP-30 ikki o‘rinli to‘liq metalli samolyot loyihasining boshqariladigan va og‘ir uchuvchisiz uchish apparatlarini ishlab chiqarishni joylashtirish to‘g‘risida memorandum imzoladi.
Navoiy EIZ direktori Habib Abdullayevning ma’lum qilishicha, loyihaning umumiy qiymati uch yil ichida $30 mlnga baholanmoqda. Birinchi samolyotni shu yilning oktabr oyida, uchinchi yili esa 100 tagacha mashina ishlab chiqarish rejalashtirilgan edi. Loyihani amalga oshirish uchun O‘zbekiston milliy aviatsiya qonunchiligini liberallashtirish niyatida.
Avvalroq Spot yangi Toshkent-Humo biznes-aviatsiya aeroporti mavjud havo bandargohidagi yuklamani kamaytirishi haqida yozgandi.
