Toshkent va Samarqand o‘rtasidagi yangi tezyurar temir yo‘li qatnov vaqtini 1,5 soatgacha qisqartiradi. Bu haqda Transport vazirligining 19-noyabr kuni davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha uchinchi davra suhbatida taqdim etilgan taqdimotida aytiladi (nusxasi Spot’da mavjud).

Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev o‘z nutqida loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari grant ajratgan Koreya Eksimbanki ko‘magida ishlab chiqilganini ta’kidladi. Yaqinda xarid qilingan 6 ta Hyundai Rotem poyezdlari shu yil oxiridan boshlab yetkazib beriladi, keyingi yil boshidan esa yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsata boshlaydi.

“O‘zbekistonda mavjud temir yo‘llarining tranzit salohiyati cheklangan, chunki [yo‘lovchi tashishdan tashqari] mamlakat orqali o‘tadigan yuk tashuvlari ham mavjud. Bitta liniyadan bir vaqtning o‘zida yuk va yo‘lovchi tashishda foydalanish imkonsiz, biz uni yanada kengaytira olmaymiz. Albatta, biz operatsion jarayonlarni optimallashtiryapmiz, lekin shu bilan birga, maxsus tezyurar temir yo‘l liniyasini qurish muhim”, — dedi Choriyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tezyurar temir yo‘l Toshkentning yangi xalqaro aeroportini bog‘lab, Samarqand “yuragi"ga yetib boradi.

24-oktabr kuni Janubiy Koreyaning Saman Engineering kompaniyasi Transport vazirligi, O‘zbekiston temir yo‘llari va boshqa idoralar takliflari asosida Toshkent-Samarqand tezyurar temir yo‘lining 3 ta variantini taqdim etdi.

Birinchi variantda temir yo‘l uzunligi 282 km, harakat vaqti 1 soat 26 daqiqa, o‘rtacha tezlik 185,7 km/soatni tashkil etadi. Umumiy uzunligi 8,9 km bo‘lgan 74 ta ko‘prik va 3 ta tunnel qurilishi ko‘zda tutilgan.

Ikkinchi variantda magistralning uzunligi 291,7 km. Bunda o‘rtacha tezlik 179,4 km/soatgacha pasayadi, yo‘lga sarflanadigan vaqt esa 1 soat 33 daqiqagacha ortadi. Loyiha doirasida 82 ta ko‘prik va 16 km uzunlikdagi 1 ta tunnel quriladi.

Uchinchi variantda yuqori tezlikdagi temir yo‘lning uzunligi 302 km.dan ortiq. O‘rtacha tezlik 166,9 km/soat bo‘lganda Toshkentdan Samarqandgacha bo‘lgan masofa 1 soat 45 daqiqa davom etadi. Yo‘nalish umumiy uzunligi 9,6 km bo‘lgan 105 ta ko‘prik va 2 ta tunnelni o‘z ichiga oladi.

jasurbek choriyev, poyezd qatnovi, temir yo'l, temir yo‘l, toshkent-samarqand

Toshkent-Samarqand tezyurar temir yo‘li

2023-yil noyabr oyida O‘zbekiston temir yo‘llari raisining birinchi o‘rinbosari Hikmatulla Rahmetov birinchi marta yuqori tezlikda harakatlanish uchun alohida tarmoq qurish rejalari haqida Spot’ga ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi infratuzilma yo‘lovchi va yuk tashishning o‘sib borayotgan hajmi uchun yetarli emas.

2024-yil sentabr oyida Shavkat Mirziyoyev Samarqandda bo‘lib o‘tgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki boshqaruvchilari yig‘ilishida tezyurar temir yo‘l magistrallari qurilishini e’lon qilgan edi. Ular Toshkent-Samarqand va Samarqand-Navoiy-Buxoro yo‘nalishlari bo‘ylab o‘tadi. Qurilishga Turkiyaning Rönesans Holding guruhi jalb etilishi mumkin.

Fevral oyida Transport vazirligi Janubiy Koreya kompaniyalari konsorsiumi bilan Toshkent-Samarqand tezyurar temir yo‘lini qurish loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishni boshlashga kelishib oldi. Koreya Eksimbanki buning uchun grant ajratadi.

Loyihaga, jumladan, temir yo‘lni moliyalashtirishga Xitoy Eksimbanki va Yevropa investitsiya banki qiziqish bildirgan.

Iyul oyi oxirida transport vaziri Ilhom Mahkamov TIA joriy yil oxirigacha yakunlanishini ma’lum qilgandi. 2026-yil yanvar oyidan tenderni o‘tkazish uchun hujjatlarni tayyorlashni boshlash rejalashtirilgandi.

Bundan tashqari, Iqtisodiyot va moliya vazirligining kelgusi uch yillikka mo‘ljallangan moliyaviy strategiyasida ushbu tezyurar temir yo‘li qurilishi kelasi yildan boshlanishi haqida gap boradi.

Avvalroq Spot O‘zbekiston 250 ta yo‘lovchi vagoni ishlab chiqarish va Xitoydan 88 ta lokomotiv sotib olishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.