Raqobat qo‘mitasi mamlakatdagi barcha turdagi umumiy ovqatlanish korxonalarini ogohlantirdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Qo‘mitaga ayrim restoran va kafelarda taom narxidan tashqari 10−20% xizmat haqi undirilayotgani va oldindan depozit talab qilinayotgani bo‘yicha murojaatlar kelmoqda.
Hukumat qaroriga asosan, umumiy ovqatlanish korxonalari quyidagi turlarga bo‘linadi: restoran, vagon-restoran, bar, kafe, mavsumiy kafe, kafeteriy, oshxona, choyxona, bufet va kichik oshxona.
“Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonun'ning tegishli moddalariga asosan, isteʼmolchi tovar hamda ishlab chiqaruvchi haqida to‘g‘ri va to‘liq maʼlumot olish, ularni erkin tanlash va sifatli bo‘lishiga talab qilishga haqli.
Ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi shart. Sotuvchi isteʼmolchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas.
Raqobat qo‘mitasi umumiy ovqatlanish korxonalarini majburiy qo‘shimcha xizmatlar taklif qilmaslikka chaqiradi.
Korxonalar taom narxi, xizmat tartibi va barcha shartlar, shu jumladan ofitsiant xizmati uchun haq miqdori haqida iste‘molchiga oldindan to‘liq ma‘lumot berishi shart. Shuningdek, o‘z-o‘ziga xizmat qilish imkoniyatini yaratish tavsiya etiladi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda Burger King restoranlari bir yoki bir yarim oydan keyin ochilishi haqida yozgandi.
