Toshkent va Chorvoq o‘rtasida pulli avtomobil yo‘li paydo bo‘ladi. Bu haqda 19-noyabr kuni davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha uchinchi davra suhbatida transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.
Vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, Chorvoq-Chimyon dam olish zonasi barcha mavsumlar uchun turizmni tashkil etish imkoniyatiga ega. Transport vazirligi sayyohlarga “tez va muammosiz” yetib borish imkonini beradigan zarur yo‘l infratuzilmasini yaratish niyatida.
“Ba'zan yo‘llarda katta tirbandliklarga duch kelamiz. Bu, ayniqsa talab oshayotgan paytda, xursand qiladigan holat emas. Shu boisdan biz [Toshkentdan Chorvoqqa boruvchi] muqobil yo‘lni qurdik. Hozircha bir soatda 5 mingtagacha avtomobil harakatlanmoqda, ammo eng yuqori mavsumda bu ko‘rsatkich 10 baravargacha oshadi. Shu munosabat bilan pulli, muqobil yo‘l loyihasi ishlab chiqilmoqda va u hozircha umumiy muhokama uchun ochiq”, — dedi Choriyev.

Ayni paytda loyiha konsepsiyasi ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi kutilmoqda. Texnik-iqtisodiy asos 2026-yil o‘rtalariga qadar ishlab chiqilishi mumkin. Shundan so‘ng tender g‘olibi bo‘lgan kompaniya loyihani amalga oshirish bo‘yicha texnik va moliyaviy takliflarni taqdim etishi kerak.
Toshkent va Chorvoq o‘rtasida pulli yo‘l qurilishini kelgusi yil oxirida boshlash rejalashtirilgan. Yangi trassa uzunligi 56 km bo‘lishi kutilmoqda, bu esa uzunligi 82 km bo‘lgan mavjud yo‘ldan ancha qisqa. Sement-beton qoplamali avtomobil yo‘li 1A toifaga kiradi va 6 qatorli bo‘ladi.
Trassadagi maksimal tezlik 150 km/soatni tashkil etadi, yillik transport oqimi esa 250 ming avtomobil darajasida prognoz qilinmoqda. Loyihaning umumiy qiymati investor tomonidan belgilanadi.
2024-yilning sentabrida Bektemirdan Chorvoqqa boruvchi yo‘lning bir qismini pulli qilish rejalashtirilayotgani ma’lum qilingandi. Turkiyaning Onur Group kompaniyasi mazkur yo‘lning 70 km uzunlikdagi qismini rekonstruksiya qilishga qiziqish bildirgan.
Undan keyin Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunov mazkur avtomobil yo‘lining bir qismini pulli qilish uchun unga muqobil yo‘lni ta’minlash kerakligini ma’lum qildi.
“A nuqtadan B nuqtaga boriladigan yo‘lda muqobillik ta’minlanishi shart, bu mening shaxsiy fikrim. Bugungi kunda Toshkent-Bo‘stonliq yo‘lida muqobillik asosida boriladigan bir emas, ikkita yo‘l bor”, — dedi Jamshid Tursunov.
Qo‘mita raisining fikricha, yo‘lni uzil-kesil pulli qilish haqida aytilishiga sal boshqacharoq qarash lozim. Shu bilan birga, u Toshkentdan Bo‘stonliqqa boruvchi yo‘lning tirband bo‘lishiga ham e’tibor qaratdi.
Joriy yilning avgust oyida transport vaziri Ilhom Mahkamov prezident Toshkent-Chorvoq yangi avtomobil yo‘lini qurish to‘g‘risida qaror qabul qilganini aytgandi. Vazir loyiha tanlov asosida amalga oshirilib, “ilg‘or kompaniyalar bilan” DXSh asosida yo‘lga qo‘yilishini qayd etdi.
Avvalroq Spot Toshkent-Andijon pulli yo‘li bo‘yicha tenderga uchta kompaniya ruxsat olgani haqida yozgandi.
