AQSh prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gor Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlar va investitsiyalar kengashi hamraisi etib tayinlandi, deya xabar berdi Amerikaning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmati.
Shavkat Mirziyoyev noyabr oyida Vashingtonga C5+1 sammiti va AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tgan amaliy tashrifdan so‘ng Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlar va investitsiyalar kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Yangi tuzilmaning hamraislari quyidagicha bo‘ladi: O‘zbekiston tomonidan — prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva, AQSh tomonidan esa — AQSh prezidentining maxsus vakili Serjio Gor.
“Uning faoliyati prezident Trampning Amerikaning iqtisodiy yetakchiligini mustahkamlash, AQSh kompaniyalari uchun imkoniyatlarni kengaytirish va xorijdagi hamkorlik Amerika xalqiga haqiqiy foyda keltirishini ta’minlashga bo‘lgan intilishini aks ettiradi”, — deyiladi AQSh elchixonasi xabarida.
Elchixonaning ta’kidlashicha, kengash AQSh va O‘zbekistonning sarmoyaviy va eksport imkoniyatlarini kengaytirish, Amerika texnologiyalari va iste’dodlari uchun tez rivojlanayotgan sohalarni, ayniqsa, IT va raqamli innovatsiyalarni ochish, shuningdek, amerikalik eksportchilar uchun teng sharoitlar yaratishga ko‘maklashishga e’tibor qaratadi.
Shuningdek, kengash O‘zbekistonga investitsiyalarni jalb etish uchun maxsus jamg‘arma tashkil qilish masalasi bilan shug‘ullanadi. AQSh Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) asosiy investor sifatida ishtirok etadi.
Bundan tashqari, jamg‘arma faoliyatiga Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) va boshqa xalqaro tashkilotlarni jalb qilish ko‘zda tutilmoqda.
Kengashning vazifalariga tarif stavkalarini o‘zaro pasaytirish bo‘yicha muzokaralar va O‘zbekistonning investitsiya portfelini, shu jumladan Markaziy bankning valyuta zaxiralarini diversifikatsiya qilish bo‘yicha takliflar kiradi. Bundan tashqari, u AQShda IT Park Uzbekistan rezidentlarining mahsulot va xizmatlarini targ‘ib qiladi.
Avvalroq O‘zbekiston AQSh bilan Toshkentda biznes maktabi va kollej ochmoqchi ekanligi haqida xabar berilgandi.
Mahalliy kompaniyalarni AQSh kapital bozoriga chiqishga tayyorlash maqsadida Nyu-York fond birjasini jalb qilish taklifi ilgari surildi.
