O‘zbekistonda elektromobillar uchun batareyalar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda BYD Uzbekistan Factory qo‘shma korxonasi bosh direktori o‘rinbosari Shavkatbek Alimov Sherzodxon Qudratxo‘jaga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
BYD zavodi bosh direktori o‘rinbosari mahalliylashtirishni “juda dolzarb va muhim masala” deb atab, O‘zbekistonda butlovchi qismlarni ishlab chiqarish bo‘yicha katta tajriba borligini ta’kidladi. Korxonada 60 dan ortiq turdagi butlovchi qismlar mahalliylashtirilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi bosqichda elektromobillarni ishlab chiqarishning to‘liq sikli mahalliylashtirilgan, hozir esa butlovchi qismlarga navbat keldi. Mahalliy korxonalar allaqachon barcha yirik butlovchi qismlarni, jumladan, o‘rindiqlar, oynalar, plastikdan yasalgan tashqi qismlar, plastik yoqilg‘i baki, poliki-gilamlar va boshqa interyer aksessuarlarini yetkazib bermoqda.
“Buning natijasida tannarxni sezilarli darajada kamaytirish, qo‘shilgan qiymatni oshirish va yetkazib berish muddatlarini qisqartirishga erishildi. Yetkazib beruvchi korxona yaqin atrofda joylashgan bo‘lsa, ishlab chiqarish samaradorligi oshadi. Shu nuqtayi nazardan, mahalliylashtirish juda foydali”, — dedi Alimov.
BYD Uzbekistan Factory ikkinchi bosqichda mis simlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish niyatida. Bu maqsadda nafaqat mahalliy ta’minotchilar, balki BYD oilasiga mansub kompaniyalarni ham jalb etish ko‘zda tutilmoqda.
Xususan, Xitoyning JAH kompaniyasi Jizzax viloyatida zavod qurgan bo‘lib, hozirda 28 turdagi sim ishlab chiqarmoqda. 2026-yilning birinchi choragiga mo‘ljallangan rejalar orasida 16 turdagi rezina qismlarni mahalliylashtirish ham bor.
“BYD'ning kuchli tomoni shundaki, kompaniya ko‘plab butlovchi qismlarni, jumladan, batareyalar, chiplar va dvigatellarni mustaqil ravishda ishlab chiqaradi. Biz buni bosqichma-bosqich O‘zbekistonga ham olib kelishni rejalashtirmoqdamiz — bu bizning shartnomamizda ko‘zda tutilgan. Ishlab chiqarish hajmi oshgani sayin, vaqti kelganda batareyalarni mahalliylashtirishni ham rejalashtirmoqdamiz,” — deya qo‘shimcha qildi BYD Uzbekistan Factory rahbari o‘rinbosari.
BYD
Xitoyning BYD kompaniyasi bilan hamkorlikda ochilgan Jizzaxdagi elektromobil zavodida Chazor va Song Plus Champion kabi mashinalar ishlab chiqarilmoqda.
Kelgusi yillarda kompaniyada modellar qatorini kengaytirish rejalashtirilgan. Qiymati $300 mlnlik ikkinchi bosqich doirasida elektromobillar soni yiliga 200 ming donaga, uchinchi bosqichda 500 ming donagacha yetkaziladi.
Davlat rahbari xitoylik hamkorlar bilan kelishib, qo‘shimcha quvvatlarni qurish, elektromobillar uchun butlovchi va ehtiyot qismlarni izchil o‘zlashtirib borish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi. Kooperatsiya asosida mahalliy korxonalarga buyurtmalarni shakllantirish vazifasi qo‘yilgan.
Iyun oyida BYD Uzbekistan Factory bosh direktori Shafqatbek Alimov mahalliylashtirish natijasida mahalliy ishlab chiqarilgan avtomobillar import qilinganidan arzonroq bo‘lishini ta’kidlagandi.
Undan keyin Ulug‘bek Rozuqulov O‘zbekistonda V, S va budjet avtomobillari segmentidagi avtomobillar ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvlar haqida qayd etdi. Iyul oyida BYD Uzbekistan Factory xitoylik hamkorlar bilan yangi modellarni chiqarishga kelishib oldi. Oradan ko‘p o‘tmay, mamlakatda ketma ket “BYD E2”, “Seagull” hamda “Yuan Up” elektromobilining rasmiy sotuvi boshlandi.
2024-yilning dekabr oyida Shavkat Mirziyoyev avtomobil sanoatida 2025-yil uchun ustuvor vazifalarga oid taqdimot bilan tanishib, BYD avtomobillarining 60 ta detalini mahalliylashtirish hisobiga tannarxni pasaytirish mumkinligini qayd etgandi. Kompaniya rahbariyati mamlakatdagi tarmoq korxonalari salohiyatini yuqori baholagan.
Avvalroq Spot BYD O‘zbekistonda uchta avtomobil modelining sanoat namunalarini ro‘yxatdan o‘tkazgani haqida yozgandi.
