Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatidagi investitsiya loyihalari, viloyatidagi yetakchi sanoat korxonalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Taqdimotda sog‘liqni saqlash, tog‘-kon sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, texnopark, ipakchilik va metallurgiya yo‘nalishlaridagi qator loyihalar haqida maʼlumot berildi.

Samarqand shahrida Turkiyaning nufuzli kompaniyalari bilan hamkorlikda DXSh asosida ko‘p tarmoqli shifoxona tashkil etish loyihasi amalga oshiriladi. Ushbu loyiha doirasida 1000 nafar ish o‘rni yaratiladi.

Bulung‘ur tumanida esa Xitoy kompaniyasi bilan tibbiy preparatlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bu loyiha doirasida ham 1 ming nafar odamning bandligi taʼminlanadi.

Xitoy kompaniyalari Urgut, Nurobod, Samarqand va Pastdarg‘om tumanlarida sanoat va ishlab chiqarishga oid qator loyihalarni amalga oshirishni taklif etdi.

Ular orasida ipak tolasi va mato ishlab chiqarish, texnopark tashkil etish, kimyoviy qotishmalar tayyorlash va ko‘chma inshootlar yasalishi kabi yo‘nalishlar mavjud.

Loyihalarni o‘z vaqtida sifatli va tezkor amalga oshirish bo‘yicha masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.


Avvalroq Spot Urgutda 100 ming aholiga mo‘ljallangan eko-shahar qurilishi haqida yozgandi.

Yangi shaharda yo‘l, suv, kanalizatsiya, elektr, maktab, bog‘cha, shifoxona obyektlarini qurish uchun $50 mln ajratiladi.