Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand-Urgut yangi temir yo‘l liniyasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
Ushbu temir yo‘l qurilishi joriy yil fevral oyida boshlangan bo‘lib, umumiy uzunligi 55 kilometrni tashkil etadi. Loyiha doirasida ikkita vokzal, Urgut iqtisodiy zonasida ikkita yuk stansiyasi hamda bir qator ko‘priklar barpo etildi. Mazkur liniyani kelgusida to‘liq elektrlashtirish rejalashtirilgan.
Yangi yo‘nalish ikki juft shaharlararo poyezd va to‘qqiz juft yuk poyezdi qatnovini ta’minlash imkoniyatiga ega. Loyihani shu yil yakuniga qadar yakunlash ko‘zda tutilgan.
Poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi orqali yiliga 359 ming yo‘lovchi va 8,2 mln tonna yuk tashish imkoni yaratiladi.
Yo‘nalish Samarqand shahri, Jomboy, Pastdarg‘om, Toyloq va Urgut tumanlari aholisi uchun xavfsiz va zamonaviy transport xizmati taqdim etadi. Shuningdek, ichki turizm rivojiga ham katta turtki beradi.
Temir yo‘l infratuzilmasi iqtisodiyotning asosiy tarmoqlaridan biri bo‘lib, ushbu loyiha Urgut erkin iqtisodiy zonasi salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi. Yangi yo‘nalish ishga tushishi natijasida 130 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Davlat rahbari jamoatchilik vakillari bilan birga mazkur yo‘nalishda harakatlanuvchi poyezdda Urgutga bordi.
Safar chog‘ida prezident temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, yo‘lovchilar uchun qulayliklarni yanada oshirish, temir yo‘llarni elektrlashtirish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish yuzasidan mutasaddilarga qo‘shimcha topshiriqlar berdi.





Yangi temir yo‘lning kelishi bilan Urgutda iqtisodiy o‘sishni cheklab turgan to‘siqlar, logistik “tromb"lar bartaraf etiladi. Yuk tashish tezlashadi, mahsulotlar bozorlarga arzon va vaqtida yetkaziladi, investorlar uchun qulayliklar yanada ortib, hududning raqobatbardoshligi oshadi.
Eng muhimi, hududda yaratilayotgan yangi imkoniyatlar aholining turmush darajasiga bevosita ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Infratuzilma rivojlangan joyda ish o‘rinlari ko‘payadi, xizmatlar yaxshilanadi, tadbirkorlik faollashadi.
Ta’kidlanishicha, mazkur loyiha temir yo‘l tarmog‘ini modernizatsiya qilish va kengaytirishga qaratilgan ishlarning muhim qismi hisoblanadi. Bu jarayonda ishlarni o‘z vaqtida va yuqori sifatda amalga oshirish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish hamda xarajatlarni optimallashtirish zarurligi aytildi.
Shuningdek, Mirziyoyev Urgutning yangi vokzaliga tashrif buyurib, mahalliy faollar bilan uchrashdi. Davlat rahbari ko‘zdan kechirish chog‘ida infratuzilma, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish va harakat tashkil etish bilan bog‘liq bir qator vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi.
Temir yo‘l bekati atrofida tadbirkorlar tashabbusi bilan avtovokzal, milliy choyxona, ekobozor tashkil etish, turar-joy binolari, xususiy maktablar va bolalar bog‘chalari qurish rejalashtirilmoqda. Loyihalar doirasida 350 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Samarqand-Urgut, Qumqo‘rg‘on-Quduqli va Boytqo‘rg‘on-Parkent yo‘nalishlarini elektrlashtirish masalasi noyabr oyi o‘rtalarida prezident huzuridagi yig‘ilishda muhokama qilingan edi. Shuningdek, Nurafshon-Bekobod-Yangiyer va Xovos-Dashtobod elektrlashtirilgan temir yo‘llarini qurish rejalari haqida ham ma’lumot berildi.
Avvalroq Toshkent va Samarqand o‘rtasidagi tezyurar temir yo‘l qatnov vaqtini 1,5 soatgacha qisqartirishi haqida xabar berilgandi.
Temir yo‘l magistrali Toshkentning yangi aeroporti orqali o‘tadi. Janubiy Koreya kompaniyasi loyihaning uchta variantini ishlab chiqdi.





