Raqobat qo‘mitasi bloger va taniqli shaxslarning qiyofasi sun‘iy intellekt orqali soxtalashtirilgan holda qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni reklama qilish holatlari aniqlanganini ma‘lum qildi.

Qo‘mita ma‘lumotiga ko‘ra, internetda dipfeyk video va soxta tasvirlar soni ortib bormoqda. Jumladan, so‘z ustasi Elmurod Xaqnazarovning ovozi Chiken Road nomli qimor o‘yinini targ‘ib qilayotgandek qilib sun‘iy ravishda montaj qilingan.

Tekshiruv chog‘ida Xaqnazarov bunday reklama joylashtirmaganini, video sun‘iy intellekt yordamida qalbakilashtirilganini bildirib, fuqarolarni firibgarlikdan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.

Shuningdek, qo‘mita dili.me sahifasini yurituvchi D. Nazarov va abdurahmonmufid sahifasi muallifi A. Abduraxmonovlar ham qimor o‘yinlarini reklama qilmaganini aniqladi. Ular ishtirokidagi videolar ham soxtalashtirilgan.

Qo‘mita fuqarolarga mashhur shaxslar qiyofasi yoki ovozidan foydalanib tayyorlangan sun‘iy intellekt mahsuli bo‘lgan xabarlarga ishonmaslikni, taqiqlangan mahsulotlar reklamasiga nisbatan ogoh bo‘lishni tavsiya etdi.

Mazkur holat yuzasidan tegishli huquqiy baho berish uchun materiallar huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.

Iyun oyida Raqobat qo‘mitasi qimor o‘yinlarini targ‘ib qilgan to‘rtta blogerni javobgarlikka tortgandi.

O‘zbekistonda bukmekerlik faoliyati

2024-yilning aprelida prezident lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazishni tartibga solishga qaratilgan farmonni imzoladi.

ILMA qimor o‘yinlari va bukmekerlik faoliyatiga qo‘yilgan cheklovlar amalda foyda bermayotganini qayd etdi. Cheklovlar mamlakatdan $1 mlrdgacha bo‘lgan valyutaning chiqib ketishiga, qimor o‘yinlariga va firibgarlikka olib kelgan.

Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak aylanma soliqning qo‘llanilishi ularda chiquvchi summani kamaytirish uchun kiruvchi (chegiriladigan) QQSning mavjud emasligi bilan bog‘liqligini ta’kidladi.

Dekabrga kelib, hukumat qimor o‘yinlari, lotereya va bukmekerlik faoliyatiga qo‘yiladigan talablar tasdiqladi. O‘yinlar va bukmekerlik kompaniyasining ustav kapitali BHMning kamida 150 ming (56,25 mlrd so‘m) baravari miqdorida, lotereya tashkilotchisiniki esa BHMning 55 ming (26,62 mlrd so‘m) baravari miqdorida bo‘lishi kerak.

ILMA Stavkalar va o‘yinchilarning yagona davlat registrini yuritadi. Unda o‘yinchilar yagona reyestri, cheklovlar, bukmekerlik garovlarida yoki o‘yinlarda yutqazish mumkin bo‘lgan mablag‘lar limitlari yagona reyestri, lotereya chiptalari, bukmekerlik garovlariga olingan va kiritilgan mablag‘lar bilan bog‘liq tranzaksiyalar reyestri hamda yutuqlar bo‘yicha to‘lovlar reyestri bo‘ladi.

Ustav kapitalini shakllantirishda kreditga, garovga olingan mablag‘lardan va majburiyatlar yuklatilgan boshqa, jinoiy faoliyatdan olingan mablag‘lardan foydalanish taqiqlanadi.

Joriy yilning aprel oyida prezident tomonidan imzolangan qonun bilan O‘zbekistonda lotereya va bukmekerlik litsenziya asosida amalga oshiriladigan faoliyatlar qatoriga kiritildi.


Avvalroq Raqobat qo‘mitasi restoran va kafelarni xizmat haqi va depozitlar bo‘yicha ogohlantirgandi.