Shavkat Mirziyoyev 26-noyabr kuni Enterprise Uzbekistan xalqaro raqamli texnologiyalar markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida farmonni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Markazni tashkil etishdan maqsad axborot texnologiyalari sohasiga investitsiyalarni jalb qilish va global darajadagi raqobatbardosh ekotizimni yaratishdir. Mahalliy IT-kompaniyalarning raqamli va innovatsion yechimlarni joriy etish borasidagi faoliyati rag‘batlantiriladi.
Enterprise Uzbekistan markazida Angliya va Uelsning umumiy huquqiy normalari va tamoyillari, shuningdek, yetakchi xalqaro moliya markazlarining standartlariga asoslangan maxsus huquqiy rejim joriy etilmoqda.
Markaz ishtirokchilari quyidagi faoliyat turlari bilan shug‘ullanishlari mumkin:
- dasturiy taʼminotni ishlab chiqish;
- raqamli texnologiyalar sohasida konsalting va autstaffing xizmatlari;
- texnologiyalardan foydalangan holda masofaviy xizmatlar, shu jumladan biznes-autsorsing (BPO);
- video o‘yinlarni (GameDev) ishlab chiqish va ular uchun o‘yin kontentini yaratish;
- grafik, video va audio kontentni yaratish va tahrirlash;
- sunʼiy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqish va rivojlantirish;
- maʼlumotlarni saqlash va qayta ishlash, bulutli tizimlar;
- IT sohasida taʼlim.
2023-yil dekabr oyida prezidentning Raqamli texnologiyalar vazirligiga tashrifi chog‘ida IT Park hududida “ingliz huquqi"ni joriy etish, rezidentlar uchun soliq imtiyozlarini 2040-yilgacha uzaytirish va sohani kelgusi 100 yil davomida rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish rejalari muhokama qilingandi.
2024-yil yanvar oyida IMAN startapi asoschisi Rustam Rahmatov Spot bilan suhbatda huquqiy islohot o‘tkazish va tartibga soluvchi “qumdon"ni joriy etishni taklif qildi. Venchur moliyalashtirish bozorining rivojlanishi uchun asosiy to‘siqlar qatorida u “ingliz huquqi"ning yo‘qligini ta’kidladi.
O‘sha yilning fevral oyida prezident IT Park huzurida Xalqaro raqamli texnologiyalar markazini (Enterprise Uzbekistan) tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Markaz negizida quyidagi sohalarda maxsus huquqiy rejimga ega IT-kompaniyalar uchun tartibga solish “qumdonini” ishga tushirish rejalashtirilgan:
- soliq va bojxona jihatidan tartibga solish;
- mehnat munosabatlari;
- bank-moliya faoliyati;
- shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish va ularni himoya qilish;
- intellektual mulkni himoya qilish;
- davlat xizmatlari ko‘rsatish;
- tijorat va fuqarolik nizolarini hal etish.
O‘tgan yilning iyul oyida IT Park EY Uzbekistan konsalting kompaniyasi bilan bo‘lajak “qumdon” uchun huquqiy rejimni ishlab chiqish bo‘yicha shartnoma imzoladi. “Qumdon” elementlari xalqaro tajriba va mahalliy bozorning o‘ziga xos xususiyatlari asosida ishlab chiqiladi.
Joriy yilning may oyida Britaniyaning SteelRose Legal yuridik firmasi Xalqaro raqamli texnologiyalar markazi bilan hamkorlik qilishga kelishib oldi. Xususan, “Enterprise Uzbekistan” to‘g‘risidagi qonun loyihasi ingliz huquqi prinsiplaridan foydalangan holda huquqiy ekspertizadan o‘tkaziladi. Uning yakunlari bo‘yicha kompaniya nomidan tavsiyalar va xulosalar taqdim etiladi.
Shuningdek, kompaniya yuristlari Enterprise Uzbekistan huquqiy rejimi doirasida IT Park’ning ichki siyosati va qoidalarini ishlab chiqishda yordam beradi. Gap, jumladan, GDPR ma’lumotlarni himoya qilish talablariga rioya qilish va pul yuvishga qarshi kurashish (AML) choralari haqida bormoqda.
Spot, avvalroq, Biznes IT Park Uzbekistanda ingliz huquqini joriy etishni taklif qilayotgani haqida yozgandi.
