Yevroparlament deputatlarining ko‘pchiligi ijtimoiy tarmoqlarga kirish uchun yosh cheklovlarini joriy etish taklifini o‘z ichiga olgan qarorni qo‘llab-quvvatladi, deya xabar bermoqda Reuters.
Bu qadam voyaga yetmaganlar orasida ko‘payib borayotgan ruhiy kasalliklar bilan kurashishga qaratilgan.
Tashabbus 13 yoshdan kichik bolalar uchun sun’iy intellekt hamrohlaridan va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni to‘liq taqiqlashni nazarda tutadi. 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar esa platformalarga faqat ota-onalarining roziligi bilan kira oladilar.
Bundan tashqari, deputatlar yagona Yevropa raqamli shaxsiy guvohnomasi va yoshni tekshirish ilovasini yaratishni qo‘llab-quvvatladilar, deb ta’kidlanadi Yevroparlament bayonotida.
Shu bilan birga, Reuters qayd etishicha, Yevropa Ittifoqi hukumati bunday taqiqni joriy etish vakolatiga ega emas. Yosh cheklovlarini o‘rnatish alohida mamlakatlar ixtiyorida bo‘lib, ular buni milliy darajada joriy etishlari mumkin.
Noyabr oyi boshida Daniya hukumati 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlash rejasini e’lon qildi.
Faqat 13 yoshdan kichik foydalanuvchilar uchun istisno ko‘zda tutilgan bo‘lib, bunda ota-onalarning yozma roziligi talab etiladi.
Iyun oyida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 15 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlash niyatini bildirdi.
“Men 15 yoshdan kichik bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash tarafdoriman. Buni amalga oshirish imkoniyatimiz bor. Chunki barcha bu platformalar yuz tanish yoki identifikatorlar yordamida yoshni tekshira oladi”, — dedi u.
Makronning so‘zlariga ko‘ra, Fransiyada allaqachon ma’lumotlar bazasi mavjud bo‘lib, unda har bir o‘quvchining shaxsiy raqami bor va bu orqali ham kishining yoshini tasdiqlash mumkin
