Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov mayningni qonuniylashtirish va kripto-birjalarni tashkil etish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.

Maynerlar majburiy tartibda Markaziy bankda davlat ro‘yxatidan o‘tishlari kerak bo‘ladi. Bu haqda “Neytralniy Turkmenistan” milliy gazetasi xabar berdi.

Virtual aktivlar to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslar raqamli valyutani qazib olishlari mumkin bo‘ladi. Bunda uchinchi shaxslarning asbob-uskunalaridan ularning ruxsatisiz foydalanish taqiqlanadi.

Kripto-birjalar va virtual aktivlar xizmatlarini ko‘rsatuvchi provayderlarning faoliyatiga Markaziy bank litsenziyasi mavjud bo‘lgan taqdirda ruxsat beriladi.

Xizmatlarga virtual aktivlarni ayirboshlash va sotib olish-sotish, ularni saqlash, o‘tkazish va boshqarish, shuningdek, birlamchi joylashtirish kiradi. Turkmaniston rezidentlari ham, chet el fuqarolari ham kriptobirjalar ta’sischilari bo‘lishi mumkin.

Kriptovalyutalar reklamasida xavf-xatarlar to‘g‘risida ogohlantirishlar, virtual aktivlar davlat tomonidan ta’minlanmaganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek, ehtimoliy pul yo‘qotishlari to‘g‘risidagi xabarlar majburiy tartibda bo‘lishi kerak.

Hujjatda aytilishicha, Turkmaniston davlati virtual aktivlarning qadrsizlanishi yoki yo‘qolishi uchun javobgar emas. Ularning qiymati qaytarilmaydi.

Avvalroq Qozog‘istonda YTT va yuridik shaxslarga mayning bilan shug‘ullanishga rasman ruxsat berilgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek, mamlakat bo‘ylab kripto-birjalar faoliyat yuritishi mumkin bo‘ladi, biroq buning uchun ular avval litsenziya olishi kerak.

Endi ta’minlanmagan raqamli aktivlar (kriptovalyuta, tokenlar) aylanishiga butun Qozog‘iston hududida ruxsat berildi. Shu paytgacha bunday aktivlarning aylanishiga faqat “Ostona” xalqaro moliya markazi hududida ruxsat berilgan edi.

Yangi qonun ushbu cheklovni olib tashlaydi va tegishli litsenziya olish sharti bilan butun mamlakat bo‘ylab kriptovalyutalar aylanishiga va birjalar faoliyatiga ruxsat beradi.