Avvalroq prezident ishtirokida Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tayotgani haqida xabar berilgandi.

Yig‘ilishda Vengriyaning Bonafarm kompaniyasi Boyovut, Xovos, Mirzaobod va Yangiyerda parrandachilik klasterini tashkil qilishni boshlagani aytildi. Ushbu loyiha ishga tushsa, viloyat aholisining parranda go‘shti va tuxumga talabi to‘liq qoplanadi.

Xovos tumanida 50 gektar yer ajratilsa, vengriyalik tadbirkorlar texnopark tashkil qilib, $300 mln investitsiya kiritmoqchi. Viloyat hokimligiga Vengriyaga borib, Sirdaryo viloyati imkoniyatlarini taqdimot qilish va loyihalar paketini shakllantirish topshirildi.

Vengriya tomoni Xovosning 2 ta mahallasida “aqlli qishloq” dasturini amalga oshirish taklifini bergan. Bunda mahallaga ajratilayotgan mablag‘lar shaffofligi, ehtiyojmand oilalarga berilayotgan ko‘mak, bo‘sh ish o‘rinlari, tadbirkorlar uchun imkoniyatlar yagona ochiq tizim orqali aholiga e‘lon qilib boriladi.

Viloyat hokimligi va Boshqaruv samaradorligi agentligiga vengriyalik hamkorlar bilan ushbu yangi tajribani boshlash topshirildi.

Prezident Sirdaryodagi aholi va tadbirkorlarning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qiladigan tashabbuslarga to‘xtaldi.

A-373 yo‘lini Sayxunobod va Guliston tumanidan o‘tgan 37 km qismi yaroqsiz bo‘lgani uchun transport shahar orqali harakatlanishga majbur bo‘lyapti. Bu yo‘lni 6 tasmali qilib rekonstruksiya qilish ishlarini boshlash topshirildi.

Osiyo taraqqiyot banki bilan ichki yo‘llarni qurish loyihasi amalga oshirilmoqda. Mutasaddilarga ushbu dastur doirasida Boyovut, Guliston, Xovos, Mirzaobod, Sirdaryo va Sayxunobodning 18 ta mahallasidagi 67 km yo‘lni sement-beton qoplamaga o‘tkazish topshirildi.

Do‘stlik kanalining Guliston shahridan o‘tgan 5 km qismi rekonstruksiya qilingani uchun qirg‘oq bo‘yi dam olish maskanlari tashkil etildi. Kelgusi yilda kanalning qolgan 3,5 kilometr qismi ham beton qoplamaga o‘tkazilishi belgilandi.

Sirdaryoda yiliga o‘rtacha 10 ming yangi oila paydo bo‘layotganini hisobga olib, uy-joyga talabni qondirish uchun yil yakunigacha 3100 ta xonadonga ega ko‘p qavatli uylarni foydalanishga topshirish, 2026-yilda yana 3,5 ming kvartirali 80 ta uy-joy barpo etish maqsad qilib olindi.

Avvalroq Gulistondan o‘tuvchi Do‘stlik kanali bo‘yida yirik savdo-ko‘ngilochar majmuasi qurilishi aytilgandi.